AHOLI O‘RTASIDA SUV RESURSLARINI TEJAB ISHLATISH MADANIYATINI SHAKLLANTIRISH
2026-06-10 16:30:00 / Yangiliklar

Tomorqalarni sug‘orish uchun har yili o‘rtacha 4 mlrd kub metr atrofida suv resurslari yetkazib beriladi. Bu esa mamlakat suv resurslarining salmoqli qismini tashkil etib, tomorqalarda suvdan samarali va tejamkor foydalanishni yanada dolzarb vazifaga aylantirmoqda.
Prezidentimizning 2026-yil 16-fevraldagi “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-22-son Farmonning 6-ilovasi, Amaliy chora-tadbirlar rejasining 62-maqsadi 208-bandida aholi o‘rtasida suv resurslarini tejab ishlatish madaniyatini shakllantirish orqali uy xo‘jaligida tomorqadan unumli foydalanishni rivojlantirish vazifasi belgilangan.
Topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan ham chora-tadbirlar amalga oshirilayapti. Xususan, Fond Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona elektron platforma orqali grantlar tanlovini e’lon qilgan bo‘lib, tanlov yo‘nalishlaridan biri aholi o‘rtasida suv resurslarini tejab ishlatish madaniyatini shakllantirish orqali uy xo‘jaligida tomorqadan unumli foydalanishni rivojlantirishga qaratilgan. Bu yo‘nalishda jami 2 mlrd so‘mlik 9 ta loyiha tanlovga qo‘yilgan.
Bugun Suv xo‘jaligi vazirligi Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi bilan hamkorlikda Suvchilar maktabida seminar o‘tkazdi. Unda hududiy suv xo‘jaligi tashkilotlari, fondning viloyat bo‘linmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillari ishtirok etdi.
Seminarni Fondning bo‘lim boshlig‘i Zuhra Ibrohimova olib bordi. Uni Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari – Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori Zokir Ishpulatov ochib berdi. O‘z ma’ruzasida bugun dunyoda suv resurslaridan samarali foydalanish nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy, ekologik va milliy xavfsizlik masalasiga aylanib borayotganini, Markaziy Osiyo mintaqasida ham iqlim o‘zgarishi suv resurslarining shakllanishi va mavjud zaxirasiga o‘z ta’sirini ko‘rsatayotganligini ta’kidladi.
Tomorqalarni sug‘orishda suv resurslaridan samarasiz foydalanishga chek qo‘yish, tejamkor texnologiyalarga o‘tish, suv iste’moli madaniyatini yuksaltirish haqida fikrlarini bildirdi.
Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti “Sug‘orish texnologiyalari va texnikasi” laboratoriyasi mudiri Samandar Gapparov, Suv xo‘jaligi vazirligining Suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boshqarmasi boshlig‘i Abdurashid Kulmatov va boshqalarning mavzu yuzasidan ma’ruzalari tinglandi.
Ishtirokchilarning aholi tomorqalarida tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilish, bu tizim orqali ekin yetishtirishning afzalliklari haqidagi savollariga mutaxassislar javoblarni berishdi.
Axborot xizmati




