SUV SOLIG‘I
2026-06-06 11:25:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 445-moddasiga asosan qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish va baliqlarni o‘stirish (yetishtirish) uchun foydalaniladigan suv hajmi, shu jumladan, dehqon xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi yerlariga ega bo‘lgan jismoniy shaxslarga 1 kub metr suv uchun soliq stavkasi 107 so‘m etib belgilangan.
Bunda;
- suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy qilinganda hamda sug‘orish uchun olingan suv hajmi suv o‘lchash uskunalari asosida aniqlanganda – 0,5 kamaytiruvchi koeffitsient qo‘llaniladi;
- suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy qilinganda yoki sug‘orish uchun olingan suv hajmi suv o‘lchash uskunalari asosida aniqlanganda – 0,7 kamaytiruvchi koeffitsient qo‘llaniladi;
- baliqchilik uchun olingan suv hajmi suv o‘lchash uskunalari asosida aniqlanganda – 0,7 kamaytiruvchi koeffitsient qo‘llaniladi;
- suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy qilinmaganda hamda sug‘orish uchun olingan suv hajmi suv o‘lchash uskunalari asosida aniqlanmaganda suv solig‘i stavkasiga 1,1 oshiruvchi koeffitsient qo‘llaniladi.
- Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari: yuridik shaxslarning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan, lazerli tekislash lozim bo‘lgan sug‘oriladigan yerlari lazerli tekislanmagan taqdirda, ushbu yerlar uchun foydalaniladigan suv hajmi bo‘yicha soliq stavkalariga nisbatan 1,2 gacha oshiruvchi koeffitsient qo‘llashga haqli.
- Suvdan foydalanish uchun belgilangan limitlardan ortiqcha suv olinganda, bunday ortiqcha qism bo‘yicha soliq stavkalari belgilangan soliq stavkalarining besh baravari miqdorida belgilanadi.
- Suv resurslaridan ruxsat beruvchi hujjatlarsiz foydalanilganda, shuningdek avtotransport vositalarini yuvishni amalga oshiruvchi korxonalar tomonidan yer usti manbalaridan olingan suvdan foydalanilganda soliq stavkasi belgilangan soliq stavkalarining besh baravari miqdorida belgilanadi.
Suv solig‘i va boshqa soliqlar, majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq to‘lash jamiyat taraqqiyoti, davlat budjeti barqarorligi hamda ijtimoiy sohalarning uzluksiz rivojlanishiga xizmat qiladi.
