2027-YILDAN BOSHLAB SHOLI YETISHTIRISHDA SEPMA USULDAN TO‘LIQ VOZ KECHILADI
2026-06-05 18:45:00 / Yangiliklar

Farmonda yerdan foydalanish ixtisosligini oldindan belgilab, elektron onlayn auksion savdolariga chiqarilgan va uzoq davrdan beri sotilmay turgan 117,6 ming gektar yer uchastkalarini yangi tizim asosida qaytadan auksion savdolariga chiqarish mexanizmlari ko‘rsatib o‘tilgan.
Xususan, yer uchastkalarining suv ta’minoti masalalari ham nazarda tutilgan.
Masalan, suv ta’minoti og‘ir va foydalanishdan chiqqan yer uchastkalarini ularning suv ta’minoti yaxshilanib, tuman (shahar) hokimliklari va boshqa sub’ektlar tomonidan yangidan o‘zlashtirilgan va qayta foydalanishga kiritilganidan so‘ng yoki yangidan o‘zlashtirish va qayta foydalanishga kiritish sharti bilan auksion savdolariga chiqarish amaliyoti joriy etiladi.
Shuningdek, tuman (shahar) hokimliklari tasarrufidagi bo‘sh turgan holda suv ta’minoti yaxshilangan, yangidan o‘zlashtirilgan va qayta foydalanishga kiritilgan yer uchastkalari yangi tizim asosida auksion savdolariga chiqariladi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan va o‘rmon fondi yerlarining yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar faoliyatining ta’siri oqibatida sifati yomonlashuvi tufayli yuzaga keladigan qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlaridan O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetiga tushadigan mablag‘lar tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga yo‘naltiriladi. Bunda nobudgarchilik to‘lovlarini undirishdan tushadigan mablag‘lar quyidagi tadbirlarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi:
- yerlarni yangidan o‘zlashtirish, qayta foydalanishga kiritish va sug‘oriladigan yerlarni kompleks rekonstruksiya qilish;
- kollektor-drenaj tarmoqlarini qurish va qayta qurish, sug‘oriladigan yerlarni kapital rejalashtirish hamda ularning suv bilan ta’minlanish darajasini oshirish.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi Suv xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi bilan birgalikda 2026-yil 1-oktabrga qadar nufuzli xorijiy va mahalliy ekspertlarni jalb qilgan holda O‘zbekistonda iqlimga asoslangan qishloq xo‘jaligiga o‘tish konsepsiyasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 2027-yil 1-yanvarga qadar Germaniyaning «Green Central Asia» loyihasi doirasida ishlab chiqilgan «Modsnow» tizimi orqali manbadagi (muzliklar, daryo, soy va boshqa) mavjud suv zaxiralarini real vaqt rejimida kuzatib borishni yo‘lga qo‘ysin va ushbu tadbirlarni moliyalashtirish uchun xorijiy grant mablag‘larini jalb etish va boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirish choralarini ko‘radi.
Milliy statistika qo‘mitasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2027-yil 1-martga qadar 1 metr kub suv sarfidan qishloq xo‘jaligida yaratiladigan iqtisodiy qiymatni (Water productivity) hisoblash metodologiyasini ishlab chiqib, amaliyotga joriy qiladi.
Farmonga asosan,
2027-yildan boshlab sholi yetishtirishda an’anaviy (sepma) usuldan to‘liq voz kechib, sholini faqat lazerli tekislangan maydonlarga ko‘chat usulida hamda zamonaviy don ekish seyalkalari orqali ekish tartibi joriy etiladi;
yer uchastkalarini yangidan o‘zlashtirish va qayta foydalanishga kiritishga ushbu tadbirlar uchun zarur bo‘lgan suv hajmi shu hududdagi mavjud suv resurslari balansiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi to‘g‘risida Suv xo‘jaligi vazirligining ijobiy xulosasi bo‘lgan taqdirda ruxsat beriladi.
Quyidagi hollarda suv iste’molchilariga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni 2 baravar oshirilgan stavkada hisoblash tartibi joriy etiladi:
2027-yildan boshlab sholi yetishtirishda an’anaviy (sepma) usulda ekish holatlari aniqlanganda;
2027-yildan boshlab sholi yetishtiriladigan va baliqchilik xo‘jaligi tashkil qilingan yer maydonlari hamda 2030-yildan boshlab qolgan barcha yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarida sug‘orish suvini hisobga olish tizimi, xususan «aqlli» suv o‘lchash va hisoblash vositalari bilan jihozlanmagan hamda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilmagan holatlar aniqlanganda.
Ushbu Farmon qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini keng joriy qilish, ijaraga oluvchilarning ekinlarni joylashtirishdagi mustaqilligini ta’minlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ekinlar yetishtirishga qaratilgan islohotlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Suv xo‘jaligi vazirligi Axborot xizmati
