QUYI AMUDARYODA SUV RESURSLARINI BOSHQARISHNING ZAMONAVIY MODELI JORIY ETILADI
2026-06-03 12:00:00 / Yangiliklar

Konsepsiya BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) hamkorligida amalga oshirilayotgan “Aral Sea Wetlands” loyihasi doirasida ishlab chiqildi.
Mazkur hujjat Orolbo‘yi hududlarida suv resurslarini boshqarishning zamonaviy yondashuvlarini joriy etish, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish hamda iqlim o‘zgarishi sharoitida suv xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Konsepsiyaga muvofiq, suv resurslarini boshqarishda ma’muriy yondashuvdan gidrografik, ya’ni havza tamoyiliga bosqichma-bosqich o‘tish ko‘zda tutilgan. Bu esa daryo havzasi doirasida suv resurslaridan foydalanishni rejalashtirishda barcha suv iste’molchilari, tabiiy ekotizimlar holati va uzoq muddatli iqlim xavf-xatarlarini kompleks hisobga olish imkonini yaratadi.
Kelgusida ishlab chiqiladigan SRIHB rejasi suv resurslarini samarali taqsimlash, qishloq xo‘jaligi, kommunal xizmatlar, energetika, baliqchilik sohalari hamda mahalliy aholi ehtiyojlarini uyg‘unlashtirish, suvdan foydalanish bilan bog‘liq ehtimoliy nizolarning oldini olishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Loyihaning navbatdagi bosqichida Quyi Amudaryo havzasi uchun SRIHB rejasi ishlab chiqiladi. Sinov hududlari sifatida Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo va Mo‘ynoq tumanlari belgilangan.
Ushbu hududlarda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, suv hisobini raqamlashtirish, shuningdek, suv resurslarini boshqarish bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonlariga fermerlar va mahalliy jamoalar ishtirokini kengaytirish choralari amalga oshiriladi.
Ta’kidlash joizki, mazkur tashabbus Orol dengizi havzasi ekotizimlarini tiklash, suv-botqoqli yerlarni muhofaza qilish, bioxilma-xillikni asrash hamda hududning iqlim o‘zgarishi oqibatlariga chidamliligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga xizmat qiladi.
Axborot xizmati


