SUV XO‘JALIGIDA RAQAMLI TRANSFORMATSIYA
2026-05-28 10:45:00 / Yangiliklar

So‘nggi yillarda mamlakatimizda suv resurslarini boshqarish sohasini raqamlashtirishga davlat siyosati daprajasida alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz 2024-yil 7-noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida suv xo‘jaligi sohasida keskin o‘zgarish qilishning birdan-bir yo‘li raqamlashtirish ekanligini alohida ta’kidlagani ham bejiz emas, albatta.
“Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi hamda sohada raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishga qaratilgan boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar, bugungi islohotlarning asosiy yo‘nalishini belgilab bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni asosida “Suv xo‘jaligini raqamlashtirish va monitoring markazi” tashkil etildi. Markaz qoshida zamonaviy “Vaziyatlar markazi” ishga tushirilib, sohadagi jarayonlarni onlayn kuzatish imkoni yaratildi. Shuningdek, sohadagi barcha axborot tizimlarini birlashtiruvchi “Raqamli suv xo‘jaligi” yagona platformasi ishlab chiqildi.
Bugungi kunda Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda “O‘zinfokom” bilan hamkorlikda suv xo‘jaligi tizimiga oid 10 ta zamonaviy axborot tizimi ishlab chiqilgan bo‘lib, ular bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda. Ushbu tizimlar suv hisobini yuritish, nasos stansiyalarini onlayn monitoring qilish, meliorativ holatni baholash, suv resurslarini taqsimlash, davlat suv kadastrini shakllantirish hamda gidrotexnik obyektlar holatini nazorat qilish imkonini bermoqda.
Xususan, “Suv hisobi” axborot tizimi orqali suv iste’molchilari bilan tuzilgan shartnomalar, suv limitlari va suvdan foydalanish hisoboti raqamli shaklda yuritilmoqda. “Nasos stansiyalari” axborot tizimi esa respublika bo‘yicha suv nasoslari va elektr energiyasi sarfini onlayn kuzatish imkoniyatini yaratdi.
“SMARTWATER.UZ” platformasi suv resurslarini real vaqt rejimida monitoring qilish va raqamli qurilmalar orqali suv sarfini kuzatish imkonini bersa, “Melioratsiya” axborot tizimi “Diver” qurilmalari yordamida yerlarning meliorativ holatini baholash va tahlil qilishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, “Davlat suv kadastri” axborot tizimi sohadagi barcha ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va davlat organlari o‘rtasida elektron ma’lumot almashinuvini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Bir so‘z bilan aytganda, “Raqamli suv xo‘jaligi” yagona platformasi kelajakda sohadagi barcha axborot tizimlarini yagona raqamli muhitga integratsiya qilish, ma’lumotlarni markazlashtirish va analitik tahlillarni amalga oshirish imkonini beradi.
Hozirgi kunda mazkur platforma Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Soliq qo‘mitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati, “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi kabi qator davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan va kelgusi rejada qator boshqa tashkilotlar bilan ham integratsiya ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Suv xo‘jaligida raqamli transformatsiya faqatgina ma’lumotlarni avtomatlashtirish bilan cheklanib qolmaydi. Bugungi kunda sun’iy intellekt, IoT texnologiyalari, onlayn sensorlar, aerokosmik ma’lumotlar va raqamli monitoring tizimlarini joriy etish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, gidropostlar va suv obyektlarida o‘rnatilayotgan va o‘rnatilishi rejalashtirilayotgan “aqlli” qurilmalar suv sathi va suv sarfini real vaqt rejimida kuzatish imkonini bermoqda. Bu esa suv resurslaridan samarali foydalanish, suv yo‘qotishlarini qisqartirish va tezkor boshqaruv qarorlarini qabul qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga, sohada ERP tizimlari platformalarini joriy etish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar moliyaviy boshqaruv, aktivlar hisobi, korrupsiyaga qarshi komplaens nazorati va shaffoflikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Hozirda Suv xo‘jaligini raqamlashtirish va monitoring markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar sohada zamonaviy raqamli ekotizimni shakllantirish, yagona ma’lumotlar muhitini yaratish va davlat boshqaruvida zamonaviy data-driven yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan.
Biz kelgusida ham suv resurslarini boshqarish sohasida innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, axborot tizimlarini integratsiya qilish va raqamli infratuzilmani takomillashtirish ishlarini izchil davom ettiramiz.
Muxtasar qilib aytganda, suv xo‘jaligida raqamli transformatsiya – bu nafaqat texnologik yangilanish, balki mamlakatimiz suv xavfsizligi, barqaror rivojlanishi va kelajak avlodlar uchun suv resurslarini asrab qolishning muhim kafolatidir.
Sevara Atabayeva,
Suv xo‘jaligini raqamlashtirish va
monitoring markazi direktori
