FIDOYILIK VA MAS’ULIYAT TIMSOLI
2026-05-26 10:45:00 / Yangiliklar

Jumaqul Ramazanovich 1963-yil 19-sentabrda Buxoro viloyati Olot tumanida tavallud topgan. Oddiy mehnatkash oilada voyaga yetgan bo‘lajak muhandis yoshlik yillaridanoq texnika va aniq fanlarga katta qiziqish bilan yondashardi. Ayniqsa, turli mexanizm va texnikalarni mustaqil ravishda tuzatishga bo‘lgan qiziqishi uning kelajakda muhandislik sohasini tanlashiga mustahkam poydevor bo‘ldi.
U maktabni a’lo baholarga tugatib, 1982-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga o‘qishga kirdi. 1987-yilda muhandis-gidrotexnik mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma’lumotni muvaffaqiyatli tamomladi.
Mehnat faoliyatini Viloyatlararo Amu-Buxoro mashina kanalini ishlatish boshqarmasida katta muhandis vazifasida boshladi. Keyinchalik loyiha-smeta byurosi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi va byuro boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritib, sohadagi murakkab jarayonlarni puxta bilishi, tashabbuskorligi va ishga talabchanligi bilan ajralib turdi.
Uning sohaga oid chuqur bilimi, tashkilotchilik qobiliyati va mas’uliyat bilan ish olib borishi respublika miqyosida ham e’tirof etildi. Shu bois keyinchalik Toshkent shahriga, suv xo‘jaligi tizimidagi mas’ul rahbarlik lavozimlariga taklif etildi.
Jumaqul Ramazanovich “O‘zsuvta’mirfoydalanish” respublika birlashmasida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida turli rahbarlik lavozimlarida samarali faoliyat yuritdi. Xususan, 2019-yilda Suv xo‘jaligi vazirligi Irrigatsiya tizimlaridan va gidrotexnika inshootlaridan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlanganidan so‘ng irrigatsiya tizimlaridan samarali foydalanish, gidrotexnika inshootlarini saqlash, ta’mirlash va modernizatsiya qilish ishlarini tashkil etishda katta hissa qo‘shdi.
Biz Jumaqul Ramazanovich bilan deyarli tengdosh avlod vakillari edik. Suv xo‘jaligi tizimidagi ko‘p yillik faoliyatim davomida uning sohaga sadoqati, mas’uliyati va insonlarga bo‘lgan hurmati har doim alohida e’tiborimni tortardi.
U har qanday vaziyatda ham ishga vijdonan yondashar, murakkab masalalarga yechim topishda bilim va tajribasiga tayanardi. Biron topshiriq berilsa, maromiga yetkazib ijrosini ta’minlamugunicha o‘zi ham tinchimasdi, boshqalarni ham tinch qo‘ymas edi.
Misol uchun, Jizzax, Samarqand viloyatlarida Jumaqul Ramazanovich boshchiligida qurilgan, kapital ta’mirlangan binolar, gidrotexnika inshootlari, suvchi uylari sohaga xizmat qilib turibdi. Kanal atrofiga ekilgan teraklar osmonga bo‘y cho‘zgan. Respublika seminarlarini tashkil etish, yordamchi xo‘jaliklarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha u kishiga teng keladigan mutaxassis yo‘q edi.
Ayniqsa, yosh mutaxassislarga bo‘lgan munosabati, ularni qo‘llab-quvvatlashi va o‘z bilimini ayamasdan o‘rgatishi bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lgan. Hamkasblari, shogirdlari uni bilimli rahbar, talabchan mutaxassis va samimiy inson sifatida yaxshi eslaydi.
Jumaqul Ramazanovichning hayoti va mehnat faoliyati haqida so‘z ketganda, uning oilaparvar inson bo‘lganini ham alohida ta’kidlash joiz. U kishi farzandlarini mehnatsevarlik, bilimga intilish va el-yurtga xizmat qilish ruhida tarbiyaladi.
Quvonarlisi, bugun Jumaqul Ramazanovich boshlab bergan kasb yo‘li uning farzandi Azamat tomonidan munosib davom ettirilmoqda.
Afsuski, 2020-yil 20-iyul kuni Jumaqul Durmatov bevaqt vafot etdi. Biroq u kishining suv xo‘jaligi tizimi rivoji yo‘lida qilgan mehnati, qoldirgan boy tajribasi va ibratli hayot yo‘li hamkasblari, shogirdlari va yaqinlari qalbida hamisha saqlanib qoladi.
Suv xo‘jaligi tizimida uzoq yillar sidqidildan mehnat qilgan ana shunday fidoyi insonlarning hayot yo‘li bugungi yosh mutaxassislar uchun haqiqiy ibrat maktabidir. Ularning mehnati va soha taraqqiyoti yo‘lidagi xizmatlari har doim yuksak qadrlanadi.
Shavkat Xamrayev,
Suv xo‘jaligi vaziri


