VAZIR VA YOSHLAR MULOQOTI
2026-05-21 16:45:00 / Yangiliklar

O‘tgan yili 18-avgust kuni poytaxtimizdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida ilk bor muhandislik va robototexnika yo‘nalishida dunyo rekordi yangilandi. 2000 nafar yurtimiz yoshlari belgilangan vaqt ichida mini robotni yig‘ish va harakatga keltirish amaliyotini muvaffaqiyatli bajarib, hindistonlik tengdoshlaridan o‘zib ketdilar. Ushbu missiya yurtimizning ilm-fan va muhandislik sohalaridagi imkoniyatlari va ijodiy-intellektual potensial darajasini dunyoga namoyon etdi. Bu Markaziy Osiyo davlatlari orasida ilk bor muhandislik sohasidagi yirik Ginnes rekordi hisoblanadi. Mazkur tarixiy tadbirda Qarshi davlat texnika universitetining Irrigatsiya muhandisligi fakulteti Gidrotexnika inshootlari va nasos stansiyalaridan foydalanish yo‘nalishi talabasi Quvonchbek Narzullayev ishtirok etdi.
O‘tgan yili Quvonchbek Suv xo‘jaligi vaziri stipendiyasiga ham sazovor bo‘ldi.
Bu yil oliy o‘quv yurtini tamomlayotgan Quvonchbekning olam-olam orzulari bor. Bugun u Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev bilan muloqotda o‘zining yangi loyihasi haqida gapirib berdi. Loyiha avtomagistral yo‘llarda spiralsimon shamol generatorlarini o‘rnatib, elektr energiyasini olish orqali chekka hududlardagi qishloqlarga nasoslar yordamida suv chiqarishni nazarda tutadi.
Yosh ixtirochining loyihasi vazir tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, uni amalga oshirish, bo‘lajak suvchiga sharoitlar yaratish to‘g‘risida Amu-Qashqadaryo ITHB boshlig‘iga topshiriq berildi.
Husniddin Safarov 24 yoshda. Yosh bo‘lishiga qaramasdan 5 ta viloyatga suv yetkazib berish uchun xizmat qiladigan Zarafshon magistral tizimidan foydalanish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida ishlaydi.
– Joriy yil boshida boshliq o‘rinbosari vazifasiga tayinlanganimda boshqarmamiz tizimida 30 nafar yoshlar ishlar edi. Bugun tengdoshlarimiz soni 60 nafarga yetdi. Yil oxirigacha bizdagi yoshlar sonini 100 nafarga yetkazish va tizimni yoshartirish niyatidamiz, – dedi Husniddin vazir bilan uchrashuvda chog‘ida.
U boshlab qo‘ygan ilmiy ishini Yevropa davlatlarida davom ettirish rejasini ma’lum qildi. Husniddinga ham barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilishi va’da qilindi.
Koreya Respublikasining KOICA xalqaro hamkorlik agentligi granti asosida nufuzli Xanyang Universiteti (Hanyang University ERICA) magistratura bosqichiga hujjat topshirgan navoiylik yosh suvchi Abduaziz Abdukarimov, Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida tug‘ilib o‘sgan, “Sirdaryosuvqurilishinvest” DMda ishlayotgan taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lgan Ergashboy Yuldashev va kikboksing bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan Aziz Hakimov hamda boshqa iste’dodli, iqtidorli yoshlar so‘zga chiqdi.
Yoshlarning takliflari, tashabbuslari tinglandi. Vazir bilan muloqot shunchaki rasmiy yig‘ilish emas, balki amaliy natija berayotgan platformaga aylangani yoshlar tomonidan e’tirof etildi.
Sport musobaqalarini tashkil etish, “Zakovat” intellektual turnirini uyushtirish, kitobxonlik tanlovini o‘tkazish, ilmiy faoliyatga yoshlarni jalb etish, ularning o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun boshqa ko‘plab yangi imkoniyatlarni yaratishga kelishib olindi.
Axborot xizmati






