Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish – yangi bosqichda
2026-05-16 12:35:00 / Yangiliklar

Global miqyosda ekologik muammolarning kuchayishi, suv resurslari hajmining qisqarib borayotgani, iqlim o‘zgarishi hamda tabiiy ofatlar sonining ortishi kuzatilayotgan bugungi sharoitda jamiyatimizda suv resurslarini oqilona boshqarish vazifasi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda keyingi yillarda suv xo‘jaligi tizimini takomillashtirish, daryo va soy o‘zanlarini tartibga keltirish, suv fondi yerlaridan samarali foydalanish hamda ushbu sohaga zamonaviy bozor mexanizmlarini keng joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Daryo va soylarning tabiiy holatini tiklash, suv oqimlarining erkin harakatini ta’minlash va xavfli gidrometeorologik hodisalarning oldini olish maqsadida ularning o‘zanlarini ishlari amalga oshirilib kelinmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida 17,9 km uzunlikdagi daryo va soy o‘zanlari tozalandi. Bu ko‘rsatkich, qum-shag‘al materiallarini qonuniy tartibda qazib olinish hamda suv oqimlarini o‘zan bo‘ylab xavfsiz oqib o‘tishining imkonini beradi.
Qolaversa, mazkur tadbirlar sel-suv toshqini, yer ko‘chkisi kabi favqulodda vaziyatlar xavfini kamaytirish, daryo havzalarida ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholini xavfsizlik nuqtai nazaridan muhofaza qilishda hamda qurilish materiallariga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlashda muhim omil sifatida xizmat qilmoqda.
Respublika miqyosida noruda foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olishning oldini olish bo‘yicha ham tizimli nazorat ishlari kuchaytirildi. “Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi 2026-yilning yanvar-aprel oylari mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirliklari bilan birgalikda 461 ta reyd tadbirlarini o‘tkazdi.
O‘rganishlar davomida, 330 ta qonunbuzarlik holatlari aniqlanib, ekologik inspektorlar tomonidan 1,5 milliard so‘mlik jarimalar, 2,8 milliard so‘m miqdorida tabiatga yetkazilgan zararlar undirilishi belgilandi. Ushbu yondashuv noruda materiallarni qazib olish faoliyatini qonunchilik talablari asosida olib borilishi va atrof-muhitga yetkazilayotgan salbiy ta’sirlarni kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Faoliyatning yana bir muhim mexanizmi – o‘zan tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish ishlari loyihasini amalga oshirish huquqini “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali shaffof va qonuniy asosda tadbirkorlik sub’ektlariga topshirish yo‘lga qo‘yilgan.
Buning natijasida 2026-yilning dastlabki 4 oyi davomida respublikadagi daryo va soylar o‘zanlarida o‘zan tozalash ishlari 163 ta tadbirkorlik sub’ektlariga biriktirilib berildi va daryo va soylarda sel toshqin suvlarini talofatsiz o‘tkazib yuborishga erishildi. Bundan tashqari, 2026-yilning o‘tgan davri mobaynida 93 ta uchastkada (Qoraqalpog‘iston Respublikasi 3 ta, Namangan 10 ta, Sirdaryo 20 ta, Farg‘ona 5 ta, Qashqadaryo 11 ta, Navoiy 2 ta, Xorazm 1 ta, Surxondaryo 1 ta, Toshkent viloyati 40 ta) o‘zan tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish ishlari loyihasini amalga oshirish huquqi “E-auksion” elektron savdo platformasiga joylashtirildi. Mazkur tizim resurslarni taqsimlashda ochiqlik, sog‘lom raqobat muhiti va iqtisodiy samaradorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, o‘tgan davr mobaynida “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali, jami 49 ta uchastka auksion orqali o‘zan tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.
Muassasa faoliyatiga doir normativ-huquqiy hujjatlar muntazam ravishda takomillashtirilib, bu borada huquqni qo‘llash amaliyotidagi mavjud holatlar tizimli tahlil qilinmoqda.
Xususan, Vazirlar Mahkasining 2026-yil 30-yanvarda “Qurilish ob’ektlarining arzon qum-shag‘al materiallariga bo‘lgan talabini qondirish hamda ularning narxi barqaror bo‘lishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 39-sonli qarori qabul qilinganligi daryo va soylar o‘zanlarini tozalash tizimini tartibga solishda mustahkam huquqiy poydevor bo‘ldi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF–14-son Farmoni bilan tasdiqlangan Daryo o‘zanlarini to‘planib qolgan noruda materiallardan tozalash tizimini tartibga solish va takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 6-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining “Suv xo‘jaligi ob’ektlari o‘zanlaridagi sel, toshqin xavfi mavjud bo‘lgan hududlarda to‘planib qolgan qum-shag‘al materiallaridan tozalash ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotlar tomonidan bajarilgan ishlarni qabul qilib olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qo‘shma qarori O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Mazkur qo‘shma qarorning Adliya vazirligidan normativ-huquqiy hujjat sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi daryo va soylar o‘zanlarini tozalash ishlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan bajarilgan ishlarni qabul qilib olish tartibini aniq belgilab berdi.
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda mamlakatimizda suv xo‘jaligi sohasini modernizatsiya qilish, ekologik muvozanatni saqlash, suv fondi yerlaridan samarali foydalanish va bozor mexanizmlarini keng joriy etish borasida amalga oshirilayotgan har bir tashabbus – barqaror kelajak uchun muhim zamin bo‘lib xizmat qilmoqda. Ayniqsa, daryo va soylar o‘zanlarini tozalash, noqonuniy qazish ishlarining oldini olish, tabiatga yetkazilayotgan zararlarni kamaytirish va sohalararo hamkorlikni kuchaytirish orqali yurtimizda ekologik xavfsizlik, suv resurslarining muhofazasi va aholi farovonligiga erishish yo‘lida muhim qadamlarga erishilmoqda.
Ravshan Sharopov,
Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini
joriy qilish davlat muassasasi boshlig‘i v.b.
