AQLLI SUG‘ORISH: RAQAMLI TRANSFORMATSIYA VA SUN’IY INTELLEKT YECHIMLARI JORIY ETILMOQDA
2026-05-16 10:25:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti hamda Xitoy Xalq Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sariq daryo loyiha-qidiruv va ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida Toshkent viloyati Pskent tumanida “Markaziy Osiyoda raqamli va intellektual sug‘orish (AI-Based Smart Irrigation)” xalqaro loyihasi amalga oshirilmoqda.
Mazkur loyiha iqlimiy noaniqliklar va suv tanqisligi sharoitlarida qishloq xo‘jaligida suv resurslarini optimal taqsimlash, operativ boshqarish va sug‘orish samaradorligini oshirishga qaratilgan bo‘lib, 10 gektar maydonda sun’iy intellektga asoslangan avtomatlashtirilgan “aqlli sug‘orish” tizimini joriy etishni nazarda tutadi.
Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining “Suv xo‘jaligida zamonaviy axborot texnologiyalari va suv resurslarini boshqarish” laboratoriyasi tomonidan “Bir makon - bir yo‘l” tashabbusi doirasida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha Markaziy Osiyoda suv resurslarini raqamli va intellektual boshqarishga qaratilgan ilg‘or tashabbus hisoblanadi.
Loyiha doirasida sun’iy intellekt texnologiyalari asosida suvni optimal taqsimlash va operativ boshqarish mexanizmlari joriy etilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 5 000 000 yuan (731 AQSh dollari)ni tashkil etadi.
Bugungi kunda loyiha doirasidagi amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Xususan, Sariq daryo loyiha-qidiruv va ilmiy-tadqiqot instituti hamda Lichuang Technology Co., Ltd. (LETRUE) kompaniyasi tomonidan qiymati 230 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan ilmiy-texnik uskunalarning ikkinchi transhi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutiga yetkazib berildi.
Shuningdek, Pskent tumanidagi “Ohangaron–Dalvarzin” irrigatsiya tizimi boshqarmasi hududida qurilayotgan 400 metrlik kanal uchun mo‘ljallangan sun’iy intellekt yordamida boshqariladigan 6 ta zamonaviy zatvorlar loyiha ob’ekti (demonstratsion uchastka)ga olib kelindi. Ayni paytda Xitoydan jalb qilingan mutaxassislar ishtirokida ushbu qurilmalarni o‘rnatish, sozlash va samarali ekspluatatsiya qilish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Loyiha doirasida sug‘orish tizimlarini raqamli platformalar, avtomatlashtirilgan monitoring tizimlari, aniq sug‘orish texnologiyalari va sun’iy intellekt yechimlari bilan integratsiya qilish orqali suv resurslarini real vaqt rejimida nazorat qilish, optimal taqsimlash va operativ boshqarish imkoniyatlari yaratilmoqda.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining suv xo‘jaligini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va suv tejamkor texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilgan farmon va qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi. Xususan:
- sug‘orish tizimlarini raqamlashtirish va modernizatsiya qilish;
- suv resurslaridan samarali va tejamkor foydalanish;
- sun’iy intellekt asosida boshqaruvni takomillashtirish;
- iqlim o‘zgarishiga moslashuv va suv barqarorligini ta’minlash;
- ilmiy-innovatsion hamkorlik va texnologiyalar transferini rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlar qamrab olingan.
Mazkur loyiha “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi doirasida amalga oshirilayatgan bo‘lib, Markaziy Osiyoda mintaqasi bo‘yicha birinchi “magistral kanallar-sug‘orish tizimlari-suv tejovchi texnologiyalar va raqamli monitoring”ni kompleks boshqarishga qaratilgan ilk yirik amaliy va investitsion loyihalardan biri hisoblanadi.
Loyiha natijasida sug‘orish tizimlarining raqamli transformatsiyasi va intellektual boshqaruv darajasi oshirilib, suv resurslaridan samarali va tejamkor foydalanish, suv taqsimotini optimallashtirish hamda iqlim o‘zgarishi sharoitida barqaror suv boshqaruvini ta’minlashga erishiladi. Shu bilan birga, mazkur tashabbus Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligi va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga xizmat qiluvchi muhim innovatsion model sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
Husen G‘afforov,
Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri




