DARYO KABI MAVJLANIB OQQAN UMRLAR
2026-05-08 10:30:00 / Yangiliklar

Buyuk alloma Abu Rayhon Beruniy, tarixda o‘chmas iz qoldirgan yetuk ijodkorlardan Munis Xorazmiy, Ogahiy kabi ko‘p ulug‘ insonlar miroblik bilan shug‘ullangan. Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa ajdodlarimiz kanal va ariqlar qazdirib, suv chiqargan, dehqonu-mirishkorlarning duosini olgan.
Elning duosini olganlar aslo kam bo‘lmaydi. Miroblikdan yetishib chiqib, yurt xizmatida yuqori martabalarga erishgan, hurmat e’tiborga sazovor bo‘lganlar zamondoshlarimiz orasida ham bisyor. Ular haqida tom-tom kitob yozsak ozlik qiladi.
Mamlakatimiz suv xo‘jaligi sohasi rivojiga hissa qo‘shgan ustozlarning barchasiga bosh egib, ta’zim qilgan holda, bugun ulardan ikki nafarini yodga olmoqchimiz.
O‘tgan asrning 70–80-yillaridan buyon O‘zbekistonda barpo etilgan yirik irrigatsiya va melioratsiya inshootlari, o‘zlashtirilgan massivlarning barchasida Ismoil Hakimovich Jo‘rabekovning faol ishtiroki va munosib hissasi bo‘lib, bu inshootlardan hozirgacha foydalanib kelmoqdamiz.
Xususan, Mirzacho‘l, Jizzax, Qorovulbozor, Qarshi, Bo‘z-Yozyovon, Surxon-Sherobod, Sho‘manay va Ellikqal’a cho‘llarining o‘zlashtirilishi, Kattaqo‘rg‘on, Ohangaron, Tozako‘l, Tuyamo‘yin, Chorvoq, Andijon, Talimarjon suv omborlarining bunyod etilishi, Qarshi nasos stansiyasi, Janubiy Mirzacho‘l, Qarshi magistral, Amu-Buxoro mashina kanallari qurilishida, Katta Farg‘ona kanali, Oq-Qoradaryo gidrouzeli boshqaruvining avtomatlashtirilishida Ismoil Hakimovichning xizmatlari beqiyos.
U qanchadan-qancha hududlarga obihayot olib bordi, yerlarni yashnatdi, shu bilan birga, irrigatsiya va melioratsiya sohasini rivojlantirmasdan turib, qishloq xo‘jaligida muvaffaqiyat qozonib bo‘lmasligini amalda isbotladi. Qachon, qaerda bo‘lmasin hamisha dehqonu mirishkorlarni qo‘llab-quvvatladi va ularga beg‘araz ko‘makchi bo‘ldi.
O‘z davrida O‘zbekiston Respublikasi Melioratsiya va suv xo‘jaligi vaziri, Vazirlar Mahkamasi raisining birinchi o‘rinbosari, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, Prezidentning davlat maslahatchisi lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatdi.
Ismoil Hakimovich nafaqat suv xo‘jaligi, balki ishlab chiqarish, ijtimoiy, barcha sohalar bo‘yicha ham ulkan ishlarni amalga oshirganki, bu insonning yurt oldidagi xizmatlarini kichik bir maqolaga sig‘dirib bo‘lmaydi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2018-yilda Suv xo‘jaligi vazirligi yangidan tashkil etildi. Vazir maslahatchisi sifatida Ismoil Hakimovichning ko‘p tashabbuslari va armonlari ro‘yobga chiqdi.
Har yili vegetatsiya mavsumi yakunlaganidan so‘ng viloyatlar suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘idan tortib, nasos stansiyalari boshqarmasi va quyi tashkilotlar boshliqlari, suv tejovchi texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar hamda gidrometrlargacha o‘qitilib, malakasi oshirilmoqda.
Zomin tumani Dashtobod shaharchasi yaqinidagi Qoratepa qishlog‘ida, muallim oilasida dunyoga kelgan, tatar millatiga mansub Rim Abdulovich Giniyatullin O‘zbekiston tarixining muhim sahifalarida o‘z izini qoldirdi.
Mamlakatimiz suv xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, yirik gidrotexnik inshootlar va nasos stansiyalarini barpo etish, Qarshi cho‘li, Mirzacho‘lni o‘zlashtirishdek juda ko‘p ishlarda beqiyos hissa qo‘shdi.
U O‘zbekiston Respublikasi Melioratsiya va suv xo‘jaligi vaziri etib tayinlanganida Sovet ittifoqi parchalanish arafasida turgan, mintaqada suv muammosi tobora keskinlashayotgan davr edi.
Rim Abdulovich mustaqillikka erishganimizdan so‘ng Markaziy Osiyo respublikalari bilan suv munosabatlarini tartibga solish, Orol fojeasi oqibatlarini yumshatish va Orol bo‘yi mintaqasi aholisiga yordam berish, suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ishlab chiqishda faollik ko‘rsatdi.
Rim Abdulovich O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari lavozimida xalqimizga xizmat qildi. Umrining eng muhim qismini Orol dengizi muammosiga bag‘ishladi. 1997-yildan 2007-yilgacha – to‘liq o‘n yil Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasida: avval ijroiya qo‘mitasi raisi, so‘ngra Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi GEF agentligi boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatdi.
Aynan u birinchilardan bo‘lib “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalarida kichik suv omborlari yaratish, Orol tubining qurigan qismida quduq burg‘ilash va sho‘r hamda qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar ekish konsepsiyasini ilgari surdi.
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida bu masalalar yechimini topmoqda.
Ismoil Jo‘rabekovning ham, Rim Giniyatullinning ham hayot yo‘llari boshqa-boshqa. Ismoil Hakimovich 1931-yilda tug‘ilgan, 94 yil umr ko‘rdi, Rim Abdulovich 1943-yilda tug‘ilgan, 83 yil yashadi. Biroq, ikkalasining hayotida tutash nuqtalar bor.
Misol uchun, ikkalasi ham sentabr oyida tug‘ilgan. Ikkalasi ham Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash institutini (hozirgi “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti)ni muhandis-gidrotexnik yo‘nalishi bo‘yicha tugatgan.
Ismoil Jo‘rabekov 1976-1985-yillarda, Rim Giniyatullin esa 1989-1996 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Melioratsiya va suv xo‘jaligi vaziri bo‘lgan.
Ismoil Hakimovich 1985-1998-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining birinchi o‘rinbosari, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi.
Rim Abdulovich 1996–1997-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari bo‘lgan.
Har ikkalasi ham suv ilmining yetuk bilimdoni, qat’iyatli rahbar va bag‘rikeng ustoz, barcha suvchilar uchun haqiqiy ibrat namunasi edi.
Ular kitob o‘qishni sevimli mashg‘ulot deb bilardi.
Ikkalasi ham “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan irrigator” faxriy unvoniga ega bo‘lgan.
Ikkalasi ham ulug‘ yoshlarga yetdi.
Eng muhimi, Ismoil Jo‘rabekov ham, Rim Giniyatullin ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevdan izzat, e’tibor ko‘rdi.
Ular suv xo‘jaligidagi har bir yangilik, sohada qabul qilinayotgan me’yoriy hujjatlar, Prezidentimizning tashabbuslari bilan bo‘layotgan o‘zgarishlardan xabardor bo‘lib turar, menga bog‘lanib fikrini, munosabatini bildirar edi. Ikkalasi ham umrining so‘ngiga qadar suv xo‘jaligi xodimlaridan, shogirdlaridan maslahatlarini, o‘gitlarini ayamadi. Taklif etgan paytlarimizda tadbirlarimizda qatnashib, davralarning to‘rida fayz berib turdi.
Oxirgi bir yil ichida mamlakatimiz suv xo‘jaligi sohasi ikki marta og‘ir judolikka uchradi. Dastlab Ismoil Hakimovich, yaqinda esa Rim Abdulovich bu dunyoni tark etdi.
Ikkalasi ham hayotlik paytlarida jo‘shqin daryo kabi mavjlanib oqdi. O‘zidan o‘chmas iz qoldirdi.
Ularning xotirasi qalbimizda mangu yashaydi.
Oxiratlari obod bo‘lsin.
Shavkat Xamrayev,
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri


