SUVNING HAM TAROZISI BOR
2026-05-02 11:40:00 / Yangiliklar

– Bugun har bir misqol suv hisob-kitobli, – deydi qo‘shtepalik tajribali suvchi Ro‘ziboy Norimov. – Boisi qishloq xo‘jaligida bu ne’mat hayot-mamot masalasiga aylandi. Endi har bir tomchi suvning tarozisi bor. Uning bir hovuchini ham isrof qilib bo‘lmaydi. Suvchilar maktabi faoliyati bu borada bizga tajriba va mahorat ko‘nikmalarini o‘rgatadi.
Qo‘shtepa tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi mutaxassisi Diyorbek Muhammadjonovning ma’lum qilishicha, bu yil tumanda 600 gektar yerda tomchilatib va 230 gektarda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish uchun amaliy ishlarga kirishildi. Shu maqsadda tumandagi 11 ta fermer xo‘jaligiga 7 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Shuningdek, faoliyatida bu kabi yangiliklar joriy etayotgan fermer va dehqon xo‘jaliklariga subsidiyalar berish ham ko‘zda tutilgan.
Tabiiyki, bunday e’tibor va rag‘bat, zamonaviy yondashuvlar tumanda suv sarfini salmoqli darajada tejash va suvchilar ishini yengillashtirish imkonini berayotir. Viloyatimiz miqyosida esa suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish orqali ekin maydonlarida samaradorlikni oshirish, hosildorlikni ko‘paytirish hamda suv tanqisligi muammosini yumshatishda quvonarli yutuqlarga erishilmoqda.
O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, viloyatda 81 ming gektar yerda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan bo‘lsa, bu yil ushbu ko‘rsatkich qariyb 41 ming gektarni tashkil etishi ko‘zda tutilgan. Yaqinda Yozyovon tumanida joylashgan “Mezon” fermer xo‘jaligida tajriba tariqasida viloyatda ilk bor raqamli suv nazorati yo‘lga qo‘yildi.
– Qishloq xo‘jaligida suv tanqisligi tobora dolzarb masalaga aylanayotgan bugungi sharoitda har bir tomchi suvning qadri oshmoqda, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Vohidjon Obidov. – Aqlli suv o‘lchash qurilmasi obi hayot sarfini onlayn tarzda o‘lchash va markazlashgan tizimga integratsiya qilish imkonini beradi. Natijada har bir tomchi suv to‘liq nazorat qilinadi va isrof bo‘lmaydi. Eng asosiysi, tizim inson omilini qisqartirib, hisob-kitoblarda shaffoflikni ta’minlaydi.
Yozyovonlik tajribali suvchilarning qayd etishicha, avvallari suv sarfi ko‘p hollarda jurnal orqali nazorat qilingan bo‘lsa, endilikda raqamli texnologiyalar yordamida har bir gektar yerga sarflanayotgan suv miqdori aniq ko‘rsatkichlar asosida baholanmoqda. Bu esa fermer xo‘jaliklariga rejalashtirishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, ortiqcha sarf-xarajatlarni qisqartirish imkonini berayotgani bilan ahamiyatli.
Yangi tizim orqali suv ta’minoti bo‘yicha doimiy monitoring amalga oshirilib, har qanday nosozlik yoki yo‘qotishlar tezkor aniqlanadi. Natijada suv taqsimoti samaradorligi oshib, yerlarning sug‘orilishida barqarorlik ta’minlanadi.
Aytish joiz, zamonaviy yondashuvlar tufayli mazkur fermer xo‘jaligida so‘nggi yillarda 115 gektar yerda xorij tajribasi asosida paxta yetishtirilib, har gektar yerdan 60 sentnerdan ziyod hosil olishga muvaffaq bo‘linyapti. Ayni paytda fermer xo‘jaligining paxta va g‘allachilikdagi bu kabi ilg‘or tajribasi viloyatimiz miqyosida keng ommalashtirilmoqda.
2025-yili O‘zbekiston tumanida ham 1066 gektar maydonda tomchilatib, 447 gektarda yomg‘irlatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Misol uchun, “XXI asr xirmoni” fermer xo‘jaligida 36,2 gektar yerda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi. Loyihaning umumiy qiymati 1 milliard 608 million so‘m bo‘lib, uning samarasi sifatida dala hududida maxsus suv havzasi, zamonaviy nasos uskunasi hamda 35 kVt quvvatga ega quyosh paneli o‘rnatildi. Bu elektr energiyasi xarajatlarini kamaytirish bilan birga, sug‘orish jarayoni uzluksizligini ta’minlayapti.
Fermer xo‘jaligi suvchilari Sirdaryo-So‘x irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tasarrufidagi suvchilar maktabida doimiy ravishda bilim va amaliy ko‘nikmasini oshirib, zamon bilan hamnafas bo‘lib ishlashga intilmoqda.
Xo‘sh, yangicha yondashuvlarning afzalligi nimada? Afzalligi shundaki, suvchilar avvalgidek tizzagacha loy kechib, qorong‘uda egat oralab yurmaydi. An’anaviy usulda sug‘orishda bo‘lganidek, suv ko‘p sarflanib, ba’zi joylarga yetib bormay qolishi kuzatilmaydi. Nafaqat suv tejaladi, balki har bir nihol o‘z vaqtida va me’yorida namlanishi ta’minlanadi. Hosildorlik sezilarli darajada oshishi va elektr xarajatlari kamayib borayotgani yangicha yondashuvning yana bir yutug‘idir.
Xulosa o‘rnida aytganda, endilikda suvchilikda ham ilm-fan, innovatsiya kerak. Bu ayni hayotiy haqiqat, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Sirdaryo-So‘x ITHB matbuot xizmati.



