NASOS STANSIYALARDA NIMALARGA E’TIBOR QARATISH KERAK?
2026-04-24 10:50:00 / Yangiliklar

Respublikada qishloq va suv xo‘jaligi sohasining barqaror rivojlanishi, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarining samarali faoliyat yuritishi bevosita suv resurslaridan oqilona foydalanish bilan chambarchas bog‘liqdir. Mamlakatimiz sug‘oriladigan maydonlarining katta qismi nasos stansiyalari va turli quvvatdagi nasos agregatlari orqali suv bilan ta’minlanadi. Shu bois, nasos agregatlarining texnik holati, ularning xizmat ko‘rsatish davri va samaradorligi suv chiqarish me’yorlarini to‘g‘ri aniqlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Amaldagi sharoitlarda ko‘plab nasos stansiyalarida agregatlarning ekspluatatsiya muddati belgilangan davrdan oshib ketgan, bu esa suv chiqarish jarayonida qo‘shimcha energiya sarfi, suv taqsimotida nomutanosiblik va texnik ishonchlilikning pasayishiga olib kelmoqda. Shu bilan birga, mavjud nasos agregatlarining samaradorligini baholash va ularning xizmat ko‘rsatish davri asosida suv chiqarish me’yorlarini belgilash, suv resurslaridan oqilona foydalanishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2026-yil 20-fevraldagi
05/23-277-sonli topshirig‘iga asosan 23-aprel kuni Buxoro viloyati Jondor 3-ko‘tarma nasos stansiyasida o‘rganish olib borildi.
Ushbu nasos stansiyasini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish ko‘zda tutilayotgan bo‘lib, mutaxassislar ishtirokida nasos agregatlarini ishlab chiqargan zavod tomonidan berilgan tavsifnomadagi va amaldagi suv chiqarish qobiliyati, suv ko‘tarish balandligi va birlik suv sarfiga to‘g‘ri keladigan elektr energiya sarflari bo‘yicha o‘lchov tadqiqotlari olib borildi va nasos stansiyasida ilmiy va amaliy seminar o‘tkazildi.
Seminarda nasoslarning FIK va energiya tejamkorligini oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Qatnashchilarga har bir nasosga bosimni doimiy nazorat qilib turish uchun bosim o‘lchovchi vakuummetr va manometr o‘rnatish, nasos stansiyasining nasoslar ish rejimini masofadan Online kuzatish va sozlash imkonini beruvchi elektron qurilma bilan jihozlash, har bir nasosga uning ish rejimini (suv sarfini va bosimli quvurdagi bosim)ni boshqarish uchun ishlatiladigan invertor o‘rnatish, nasos stansiyasi hududida quyosh panellarini o‘rnatish va shu yo‘l bilan davlatdan sotib olinadigan elektr energiya sarfini kamaytirish, nasosning suv sarfini o‘lchab turuvchi “Ul’tratovushli sarf o‘lchovchi qurilma” ni tarirovka qilish, mavjud nasosni yangi energiya tejamkor nasos bilan almashtirish, nasos stansiyasining muntazam ishlashi uchun qo‘shimcha zahira nasosini o‘rnatish qoidalari bo‘yicha maruzalar qilindi.
Shuhrat Shodiyev,
Irrigasiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining Buxoro mintaqaviy markazi direktori

