SUV XO‘JALIGI SOHASIDA AYOLLAR YETAKCHILIGI
2026-04-21 17:15:00 / Yangiliklar
Amu-Buxoro irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi” va Suv xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan “Suv xo‘jaligi sohasida ayollar yetakchiligi” mavzusida trening tashkil etildi. Unda soha mutaxassislari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, agrar sohada faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkor ayollar, Buxoro tumanidagi 2-sonli Irrigatsiya texnikumi o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Tadbirda “Boshqaruv ko‘nikmalari va jamoada samarali ishlash”, “Samarali muloqot va nizolarni bartaraf etish”, “Vaqtni boshqarish” kabi mavzularda interaktiv o‘yinlar tashkil etilib, ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda “Gender konsepsiyasini amalga oshirishda ayollar yetakchiligi” bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
Loyihaning viloyatidagi mas’ul vakili D.Jamilova trening jarayonlarini muvofiqlashtirib, ishtirokchilarni samarali faoliyatga yo‘naltirdi. Uning rahbarligida qatnashchilar amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etib, mavzularni muhokama qildilar.
Trening yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Amu-Buxoro ITHB matbuot xizmati
