VATAN OBODLIGI SUVGA E’TIBORDAN BOSHLANADI
2026-04-18 17:30:00 / Yangiliklar

Milliy mustaqilligimiz mard va matonatli xalqimizning qat’iy irodasi, istiqlol yo‘lida kurashgan fidoyi ajdodlarimiz orzu-umidlarining ro‘yobi bo‘lib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu ishlarimizning mustahkam asosi, kelajak avlodlarimiz uchun bezavol yetkazishimiz shart bo‘lgan buyuk va muqaddas qadriyatdir.
Davlat mustaqilligining 35 yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oya asosida Yangi O‘zbekistonning bugungi ulkan salohiyati va jahon maydonidagi nufuziga muvofiq yuksak darajada, munosib nishonlanadi.
Barcha sohalar qatorida mamlakatimiz suv xo‘jaligi xodimlari ham bayramga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rishmoqda.
Yashillik, obodlik, iqtisodiy rivojlanish, aholi farovonligi suv ta’minotiga ham bog‘liq.
Savobli kasb egalari bo‘lgan suvchilar shuni qalbdan his etgan holda fidoyilik bilan mehnat qilishmoqda.
Bugun Suv xo‘jaligi vazirligining navbatdagi hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda hay’at a’zolari, vazir o‘rinbosarlari, vazirlik markaziy apparati boshqarma va bo‘lim, tizim tashkilotlari boshliqlari, onlayn tarzda Qoraqalpog‘iston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri, viloyatlar irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi rahbarlari, hududlardagi suv xo‘jaligi tashkilotlari boshliqlari va mutaxassislari ishtirok etdi.
Hay’at yig‘ilishini O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev boshqardi.
Yig‘ilishda vazirlik tizimida 2026-yilning birinchi choragida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yakunlari, joriy yilga belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarning ijrosi muhokama qilindi.
Raqamlashtirish, nasos stansiyalarini DXSh tamoyillari asosida tadbirkorlik sub’ektlariga foydalanishga berish, yangi nasos va energiya tejamkor elektrodvigatellarni xarid qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, baliqchilikni rivojlantirish, suvni tejaydigan texnologiyalar qamrovini kengaytirish, kanal va xo‘jalik ichki sug‘orish tarmoqlarini betonshlashtirishni davom ettirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga, tomorqalarga suvni limit asosida belgilangan muddatlarda yetkazib berish, bu yilgi sug‘orish mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Vazir har bir rahbar va mutaxassis berilayotgan topshiriqlar ijrosiga mas’uliyat bilan yondashishi, suvning hisobini aniqlik bilan yuritish, mahallaga tushib, fermerlar, dehqonlar, xalqning roziligini olish zarurligini ta’kidladi.
Hay’at yig‘ilishida vazir o‘rinbosarlari, tizim tashkilotlari, hududiy boshqarmalar rahbarlarining fikr-mulohazalari, kun tartibidagi masalalarga munosabati tinglandi.
Yig‘ilish bayonida belgilangan topshiriqlar qay darajada bajarilganini may oyining birinchi besh kunligida muhokama qilishga kelishib olindi.
Axborot xizmati




