SURXONDARYODA SUV TEJOVCHI TEXNOLOGIYALARNI JORIY ETISH ISHLARI NEGA CHO‘ZILAYAPTI?
2024-07-03 16:30:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishni boshqargan Amu-Surxon ITHB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari N.Xudoyberganov hamda Suv xo‘jaligi vazirligi vakili H.Yo‘ldoshevlar suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatilishini nazorat qiluvchi davlat muassasalari va ish bajaruvchi pudratchi korxonalar rahbarlaridan qilingan va qilinayotgan ishlar hisobini so‘rab, nima sababdan hozirgacha fermer xo‘jaliklari hamda klaster tashkilotlariga qarashli dalalarda shartnoma bo‘yicha suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish yakunlanmaganligini tanqidiy hamda tahliliy muhokama qildilar.
Ma’lumotlarga qaraganda aprel oyi boshida banklardan «Suvkredit.uz» elektron platformasi orqali viloyatdagi fermer xo‘jaliklari hamda klaster tashkilotlari ekin maydonlarida tejamkor texnologiyalarni joriy qilish uchun 82 milliard so‘m moliyalashtirilgan. Hisobotlarda ushbu mablag‘ hisobiga viloyat bo‘yicha 3278 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish yuzasidan qurilish ishlari boshlangani qayd qilingan.
Iyul oyining dastlabki kuniga qadar faqatgina 868 gektar maydonda tejovchi texnologiyalar to‘liq ishga tushirilgan. Biroq dehqonlarning dalasiga texnologiyalarni o‘rnatishni zimmasiga olib, klaster va fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma tuzgan «Eko polimer comfort», «Omad start», «Aqilli sera», «Infinty construction», «Murad neo drip», «Industrial kluster servise» kabi MChJlar quruvchilari tomonidan har xil vaj va omillarga ko‘ra, qurilish-montaj ishlari behad cho‘zilayotgani tanqid qilindi.
So‘zga chiqqan mutaxassislarning fikr-mulohazalaridan ayon bo‘lishicha, pudratchi tashkilotlar quruvchilari avvalo talabgor fermer yoki klaster tashkiloti bilan ikki tomonlama shartnomani belgilangan tartiblarga asosan rasmiylashtirmagan, hatto ayrim fermer xo‘jaliklari rahbarlari dalasiga qaysi pudratchi korxona xizmat ko‘rsatishidan to‘liq xabardor emas. Boz ustiga pudratchilar har bir konturdagi dalada suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish uchun to‘liq ishchi loyiha tuzmagan va tavakkaliga texnologiyalarni qurishni boshlab yuborgan.
Oqibatda bugungi kunga kelib fermerning paxtazorida necha kilometr olisdan elektr energiyasi tortish, ba’zi suv ta’minoti og‘ir yerlarga artezian qudug‘i qazib suv chiqarish, bir fermerning dalasidan ikkinchi fermerning dalasi orqali elektr liniyasi tortib o‘tish kabi har xil sabablar ko‘ndalang bo‘lib, texnologiyani o‘rnatish ishlari haddan ziyod cho‘zilmoqda. Ayrim pudrat korxonalari belgilangan 45 kunlik muddatda qurilish-montaj ishlarini yakunlamagani va ba’zi dalalarda uch oydan beri texnologiyalarni o‘rnatish davom etayotgani oqibatida fermer yoki klaster dehqonlari tomchilatib sug‘orishdan umidlarini uzib ekin maydonlarini odatdagi usulda sug‘orishga majbur bo‘lmoqda.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, ayrim fermerlar yil boshida kredit olib, yer maydoniga tomchilatib yoki yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatishga xohish bildirgan va «Suvkredit.uz» platformasi orqali bankdan kredit olganiga qaramay iyul oyiga kelib, paxtazori yoki boshqa ekin maydoniga tejamkor texnologiyalarni o‘rnatishni xohlamayapti. Bunga asosiy sabab-pudratchi korxona vakili ular bilan shartnomani rasmiylashtirayotganda aniq kelishuvga erishmagani yoki bo‘lmasa, ishni cho‘zib yuborgani bois ishonchni yo‘qotganliklari tufayli havasmand fermer yilning o‘rtasiga kelib texnologiyadan voz kechish talabini qo‘ymoqda.
Pudratchi korxonalar rahbaru mutaxassislari esa xohish bildirmayotgan fermerningmi, klasterningmi, bankdan chiqarilgan mablag‘ini qaytarib beramiz, deb vaziyatdan qutulishni o‘ylashayapti. Yig‘ilish jarayonida pudratchi korxona quruvchilariga bankdan ajratilgan o‘sha mablag‘ga texnologiyalarni joriy etishlari shartligi tushuntirildi.
Qisqasi, yig‘ilish yakunida pudratchi korxonalar vakillariga belgilangan maydonlarga suv tejovchi texnologiyalarni to‘liq o‘rnatib berish vazifasi yuklatildi. Tumanlar «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasalari rahbaru suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga mas’ul mutaxassislarga quruvchilarning kunlik ishini nazorat qilish va yakunlanmay qolgan dalalarda suv tejovchi texnologiyalarni to‘liq o‘rnatilishiga erishish topshirig‘i berildi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati


