Davlatlararo Suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining yig‘ilishi o‘tkazildi
2026-04-13 11:20:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev, Qozog‘iston Respublikasi Suv resurslari va irrigatsiya vaziri N.Nurjigitov, Turkmaniston Suv xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari D.Ishankuliyev, Tojikiston Respublikasi Energetika va suv resurslari vazirligining Energetika va suv siyosatini yuritish bosh boshqarmasi boshlig‘i D.Abdurazoqzoda, komissiya ijro etuvchi organlari hisoblangan “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalari, Ilmiy-axborot markazi va kotibiyati rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh. Xamrayev 2025-yil vegetatsiya va novegetatsiya mavsumlarini muvaffaqiyatli o‘tkazishda qo‘shgan hissasi uchun Komissiya tarkibiga kiruvchi barcha ijrochi tashkilotlarga o‘z minnatdorligini bildirdi.
Jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida suv xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda izchil rivojlanib borayotganini, mavjud murakkab chaqiriqlarga qaramasdan, suv resurslaridan oqilona va adolatli foydalanish masalalari o‘zaro ishonch, ochiq muloqot hamda barcha tomonlar manfaatlarini hisobga olgan holda hal etilayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, Davlatlararo Suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining mintaqadagi muhim muloqot va kelishuv platformasi sifatidagi o‘rni yuqori baholandi. Vegetatsiyadan tashqari davrning muvofiqlashtirilgan holda o‘tgani, suv omborlari ish rejimiga amal qilingani hamda barcha tomonlarning mas’uliyatli yondashuvi natijasida barqarorlik ta’minlangani qayd etildi.
Shu bilan birga, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, raqamli yechimlar va avtomatlashtirishni rivojlantirishga ustuvor vazifalar sifatida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda mintaqada mavjud suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi Davlat rahbarlarining sammitlarida kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bo‘yicha hisobotlar eshitildi hamda kun tartibidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
Xususan, “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalari rahbarlarining Amudaryo va Sirdaryo havzalarida 2025-2026-yillar novegetatsiya davri uchun suv olish limitlari va suv omborlarining amalda ish rejimi yakunlari bo‘yicha hisobotlari eshitildi.
“Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalarida 2026-yil vegetatsiya mavsumi uchun davlatlarning suv olish limitlari tasdiqlandi.
“Sirdaryo” va “Amudaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalari tomonidan taqdim etilgan 2026-yil vegetatsiya davri uchun suv omborlari kaskadi ishlashining prognoz rejimi ma’lumot uchun qabul qilindi.
“Toqtog‘ul” va “Bahri Tochik” suv omborlarining ishlash rejimi kelishilgandan so‘ng, Qozog‘iston va O‘zbekiston tomonidan 2026-yil vegetatsiya davri uchun “Chordara” suv omboriga suv chiqarish masalasini qayta ko‘rib chiqishga kelishib olindi.
Davlatlararo Suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi a’zolari va ijroiya organlari tomonidan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining sammitlarida (2018-yil, Turkmanboshi va 2023-yil, Dushanbe) ilgari surilgan taklif va tashabbuslarining ijrosi bo‘yicha Ilmiy-axborot markazi hisoboti eshitildi hamda amalga oshirish bo‘yicha ishlar qayd etib o‘tildi.
Shuningdek, Davlatlararo Suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi kotibiyati tomonidan Dushanbe shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan konferensiya doirasida “Markaziy Osiyoda transchegaraviy hamkorlik chegaralari: suv resurslarini barqaror boshqarish instrumentlari va choralari” mavzusidagi tadbirni tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining navbatdagi 94-yig‘ilishini Qozog‘iston Respublikasida o‘tkazishga kelishildi.
Yig‘ilish yakunida tegishli bayonnoma imzolandi.
Mazkur yig‘ilish do‘stona va konstruktiv ruhda bo‘lib o‘tdi.
Axborot xizmati







