YOSHLAR BILAN FAXRLANAMIZ
2026-04-09 11:55:00 / Yangiliklar

Yoshlik – umrning eng bebaho davri.
Yoshlik – o‘z so‘zini aytish, iste’dod va qobiliyatlarni ruyobga chiqarish orqali o‘zini dunyoga namoyon qilish imkoniyati.
Joriy yil 24-fevral kuni «Ko‘ksaroy» qarorgohida yoshlar bilan muloqoti chog‘ida Prezidentimiz «Yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz timsolida biz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchni ko‘ramiz», – deya ta’kidladilar.
Mamlakatda har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda «Yoshlar kuni» o‘tkazilishi belgilandi.
Bugun Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev soha yoshlari bilan uchrashib, ular bilan muloqot qildi.
9-aprel – Buyuk sarkarda, yirik davlat arbobi, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi, sohibqiron Amir Temur tug‘ilgan kun. Bugun mamlakatimizda Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Vazir uchrashuv avvalida Temur bobomizning qat’iyat, adolatparvarlik, ilmga hurmat, intizom va mas’uliyat kabi fazilatlari har bir yosh uchun o‘ziga xos ibrat maktabi ekanligini ta’kidladi.
Shaxmat bo‘yicha 2026-yilgi Nomzodlar turnirida muvaffaqiyatli qatnashayotgan 20 yoshli Javohir Sindorov, Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik futbolchilar, fan olimpiadalarida sovrindor bo‘layotgan yoshlarimiz namuna sifatida ko‘rsatildi.
Vazir suv xo‘jaligi yoshlari orasidan mashhur sportchilar, buyuk ijodkorlar, olimpiadachilar, Nobel mukofoti sovrindorlari yetishib chiqishini niyat qilishini, buni chin yurakdan istashini aytib o‘tdi.
O‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan, ilmga intilgan, startap loyihalarni ilgari surayotgan, kasbiy mahoratini oshirishga harakat qilgan, sport turlari bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlab, barcha sharoitlarni yaratishga tayyor ekanligini bildirdi.
Yoshlarning takliflari, tashabbuslari tinglandi.
Uchrashuv yakunida Vazir yoshlarga qarata shunday fikrlarni bildirdi:
Sizlar bilan faxrlanamiz, g‘ururlanamiz. Barchangizdan katta-katta natijalarni kutib qolamiz.
Axborot xizmati






