SOHIBQIRON AMIR TEMUR FAZILATLARI
2026-04-04 12:35:00 / Yangiliklar

(4-maqola)
Amir Temur Bahouddin Naqshbandiyning: «Kam yegin, kam uxla, kam gapir» degan pandu nasihatlariga amal qilgan. Shuning uchun ham qo‘l ostidagilarga quyidagi fikrlarni doimo takrorlab kelgan: «Kam yenglar - ocharchilik ko‘rmasdan boy-badavlat yashaysizlar, kam uxlanglar - mukammallikka erishasizlar, kam gapiringlar - dono bo‘lasizlar».
Amir Temur mamlakatda vaqti-vaqti bilan tekshirish, taftish, so‘roq qilish kabi tadbirlarni o‘tkazib turgan. O‘z amalini suiiste’mol, poraxo‘rlik, doimiy ichkilik qilganlar, maishiy buzuqlik qilganlar qattiq jazolangan. Ayniqsa, Yazdiyning yozishicha, suiiste’mol qilganlar Amir Temur avlodidan bo‘lsa ham munosib jazosini olgan.
Sharafuddin Ali Yazdiyning qayd etishicha, Amir Temurning xarakterli xususiyatlardan biri – mamlakat fuqarolariga g‘amxo‘rligi edi. Uning qoidasi “rosti-rusti” edi. Haqiqat – sihat salomatlik, haqiqat – tartib, haqiqat – adolat demakdir deb tushuntiradi, u.
Sharafiddin Ali Yazdiy: “Sohibqironning himmati ul erdikim, yo‘llar aning ayyomi davlatida emin bo‘lg‘ay va xudo bandalari har sorikim borsalar, alarg‘a tashvish va taraddud bo‘lmag‘ay, farog‘at bila borib kelg‘aylar. Munga ko‘b sa’y qilur erdi...”
Amir Temur askarlarini dovyurak bo‘lishga, yumshoq muomalali va adolatli bo‘lishga, bechoralarga xayru ehson ko‘rsatish, boshga og‘ir kunlar tushganda yordam qo‘lini cho‘zishga undagan.
Amir Temur davrida savdo yo‘llari tinchligiga, diniy ilmlar va dunyoviy fanlar rivojiga, faqir va miskinlarni ranjitmaslikka katta ahamiyat berdi. Sohibqiron qaltis vaziyatlarda hech qachon o‘zini yo‘qotmagan, eng og‘ir holatdan tadbirkor bilan chiqib ketgan.
Gulzoda Xurramova,
O‘zbekiston Respublikasi IIV 2-son Toshkent akademik litseyi o‘qituvchisi
