SOHIBQIRON AMIR TEMUR FAZILATLARI
2026-04-04 12:30:00 / Yangiliklar

(3-maqola)
Amir Temirning yana bir fazilati ustozlarni hurmat qilishi va ulardan maslahat olishidir. Chunki ustozlarni hurmat qilish azal-azaldan bizlarga meros bo‘lib kelgan tushunchadir. Sohibqiron ustoz hurmati, ustoz xizmatiga katta e’tibor bergan. O‘z navbatida ustozlardan foydali maslahatlar olgan.
Mir Sayyid Baraka Amir Temurning pirlari ichida eng mashhuri. U har doim: janglarda ham, mashvaratlarda ham, bazmu bayramlarda ham Amir Temurning yonida bo‘lgan. Unga har bir ishning shariatga muvofiq yoki nomuvofiqligi haqida aytib turgan. Amir Temurning har bir ishida duolar qilib, unga zafar tilagan. Ibn Arabshohning “Amir Temur tarixida taqdir ajoyibotlari” kitobida keltirilishicha, Amir Temurning qo‘shinlari To‘xtamishxon bilan Turkiston atrofida bo‘lgan jangda yengila boshlagan paytda ustozi Sayid Baraka ma’naviy, ruhiy yordamga keldi. Sayid Baraka otdan tushib, bir siqim tuproqni yerdan olib dushman tomonga sepib, “yog‘i qochdi” deb baqira boshladi. Unga Amir Temurning barcha askarlari qo‘shilib baland ovoz baqirishib, dushmanga hujumga o‘tishdi va ularni shu tariqa yengishdi.
Amir Temur dushmanni tor-mor etishda qo‘shinning soniga emas, balki jang qilish uslublariga alohida e’tibor bergan. Kam sonli qo‘shin bilan dushmanning yirik sonli qo‘shinini yenga olgan. Masalan, 1360 yillarning boshida Temur o‘zining hali uncha katta bo‘lmagan qo‘shini bilan mo‘g‘ullarning ko‘p sonli lashkarini mag‘lub etgan. Manbalarda keltirilishicha, “Jetilar Temurni tor-mor etish uchun uning qo‘shiniga qaraganda bir necha marta kattaroq lashkar jo‘natishibdi. Ana shunda Amir Temur dushmanning ort tomoniga abjir yigitlardan bir qismini yuboribdi va ularga barcha tepaliklarda gulxanlar yoqishni buyuribdi. Jetilar, bizni qurshab olishibdi, degan xayolga borib, qocha boshlabdi. Shundan so‘ng Amir Temur ikki yuz chog‘li suvoriylari bilan o‘zining ona yurti – Qashqadaryo sari ot suribdi. Otlarning biqiniga esa u barglari to‘kilmagan shoxlarni bog‘lashni buyurgan ekan. Osmoni falakka ko‘tarilgan chang-to‘zon dushmanga juda katta lashkar bostirib kelayotgandek bo‘lib ko‘rinibdi. Shunday so‘ng jetilar tum-taraqay bo‘lib qochishibdi”.
Gulzoda Xurramova,
O‘zbekiston Respublikasi IIV 2-son Toshkent akademik litseyi o‘qituvchisi
