SOHIBQIRON AMIR TEMUR FAZILATLARI
2026-04-04 12:30:00 / Yangiliklar

(2-maqola)
Amir Temurning jang san’atida kamtarlik, o‘z kuchini ko‘z-ko‘z qilmaslik ustuvor bo‘lgan. Uning bu harakati g‘animda beparvolik holatini keltirib chiqargan. Bundan Sohibqiron ustamonlik bilan foydalana olgan.
Arabshoh Temur saltanatidagi ayollar haqida shunday yozgan: “Temurning lashkaridagi ayollar ham erlaridan qolishmasdi. Ular jangu jadal avjiga chiqqan paytda maydonga tushishar, nayza, shamshir va kamonni mohirona ishga solib, dushmanning ne-ne zo‘r yigitlarini mag‘lub etishardi.”
Temurbek oliyhimmat, oqil, mard, tadbirkor, sezgir, jur’atli, sabotli, shijoatli, jasur, bahodir, dovyurak kishilarni doimo ardoklagan va xush ko‘rgan.
“Temur tuzuklari”da shunday yozilgan: “O‘g‘rilar xususida buyurdimki, ular qaerda bo‘lmasin, tutib olinsa, yaso bo‘yicha jazolansin. Kimki birovning molini zo‘rlik bilan tortib olgan bo‘lsa, mazlumning molini zolimdan qaytarib olib, egasiga topshirsinlar”.
“Agar kimda-kim tish sindirsa, ko‘zni ko‘r qilsa, quloq va burun kessa, sharob ichsa, zino ishlar qilsa, devondagi shariat qozisi yoki ajrim chiqaruvchi qoziga olib borib topshirsinlar. Shariatga oid ishlarni hal etishda islom qozisi hukm chiqarsin. Urf-odat ishlarini esa ajrim qozisi taftish qilib, so‘ng mening arzimga yetkazsin”.
Amir Temurdagi yana bir xislat: hech qachon qiyin sharoitda o‘zini yo‘qotmagan va har qanday og‘ir vaziyatdan to‘g‘ri tadbir orqali chiqib keta olgan. Axir bejiz Temur tuzuklarida: “Men yana tajribamda ko‘rdimki, g‘anim lashkarini yengish qo‘shinning ko‘pligi bilan emas, mag‘lub bo‘lish esa sipohning kamligidan bo‘lmaydi. Balki g‘olib bo‘lmoqlik (Tangrining) madadi va bandasining tadbiri bilandir.”
Haqiqatdan Amir Temur tadbirdan ko‘p marta foydalangan. Dushman bilan bo‘lgan janglarning birida raqib orqa tomoniga o‘tib zarba berish kutiladi. Biroq Amir Temur kam sonli askari bilan dushmanga juda yaqin borib qolganini anglaydi va askarlariga otdan tushib dam olishni buyuradi. Bunday holatni ko‘rgan g‘anim ularni o‘zimizdan deb o‘ylaydi. Dushman harakatga kelganda orqasidan borib taslim etadi.
Gulzoda Xurramova,
O‘zbekiston Respublikasi IIV 2-son Toshkent akademik litseyi o‘qituvchisi
