BIZ YOSHLARGA ISHONAMIZ, QO‘LLAB-QUVVATLAYMIZ VA ULARGA SUYANAMIZ
2024-06-25 12:40:00 / Yangiliklar

Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy tadqiqot instituti
3-bosqich tayanch doktoranti Quvonchbek Eshquvvatov suv omborlarini to‘ldiruvchi manbalar, daryo o‘zanlarida kechadigan jarayonlarni modellashtirish taklifini bildirdi.
Quvonchbek “Suv omborlarining qirg‘oq eroziyasi va qayta shakllanishi monitoringgini olib borish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yozgan, yaqinda himoyaga chiqadi.
Intellektual mulk agentligidan 3 ta mualliflik guvohnomasi olingan.
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti doktoranti Sarvar Meliqo‘ziev joriy yil 7-iyun kuni dissertatsiya himoya qilgan. U 2023-yilda suv xo‘jaligi sohasidagi innovatsion ishlanmalar yo‘nalishidagi ishlari uchun “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Sarvar Meliqo‘ziev Markaziy Osiyo davlatlari suv xo‘jaligi xodimlari va soha oliy o‘quv yurtlari talabalari, tadqiqotchilari uchun tajriba almashish dasturini yo‘lga qo‘yish tashabbusi bilan chiqdi.
Buxoro viloyati Meliorativ ekspeditsiyaning bo‘lim boshlig‘i Zuhro Jumaeva “Gidrometr ayollar” klubini tuzishni taklif etdi.
Shu va shu kabi bildirilgan takliflarning barchasi qabul qilindi.
Uchrashuvda Vazir “Biz yoshlarga ishonamiz, qo‘llab-quvvatlaymiz va ularga suyanamiz” deya ta’kidladi.
Har yili suv xo‘jaligi tashkilotlariga 500 nafarga yaqin yoshlarni ishga olish hisobiga so‘nggi yillarda tarkib ancha yosharib, rahbar lavozimdagilar orasida ham yoshlarning salmog‘i ortib bormoqda.
Bugungi kunda vazirlik tizimida 33 ming nafardan ziyod xodim faoliyat yuritayotgan bo‘lib, shundan qariyb 4 200 nafari yoshlar. Ulardan 2 033 nafari oliy ma’lumotli.
Yoshlar orasida rahbar lavozimlarda ishlayotganlar soni 238 nafarga yetdi.
2024-yil boshidan buyon 350 nafardan ortiq oliy ma’lumotli mutaxassislar tizim tashkilotlariga ishga qabul qilindi. Ushbu ko‘rsatkichni yil oxiriga qadar 700 nafarga yetkazish, kelgusi yilda esa 3 ming nafardan oshirish rejalashtirilgan.
Uchrashuvda yosh rahbarlardan Sirdaryo-Zarafshon ITHB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, “Suv xo‘jaligi a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibi Arslon Mustaqov, vazirlikning Suvni tejaydigan, ilmiy va innovatsion texnologiyalarni joriy qilish boshqarmasi boshlig‘i Dauranbek Kdirbaev so‘z olib, yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar haqida hayajon bilan gapirdi.
Vazir bilan uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar irrigatsiya tizimlaridan 3 nafardan, vazirlik markaziy apparati, respublikasi tizim tashkilotlaridan, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti talabalaridan iborat 200 nafardan ziyod yoshlar qatnashdi. Shuningdek, hududiy tashkilotlardagi yana 400 ga yaqin yoshlar videoselektor orqali ishtirok etdi.
Yoshlar bilan muloqotda tashkiliy masala ko‘rildi. Vazirning yoshlar siyosati bo‘yicha maslahatchisi, yoshlarning yetakchiligiga Suv resurslari va suvdan foydalanish bo‘limi yetakchi mutaxassisi Tursunaliev Asilbek Murodali o‘g‘li saylandi.
Asilbek 1996-yilda Sirdaryo viloyati Xovos tumanida tug‘ilgan. 2019-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tamomlagan.
2019-2022-yillarda vazirlikning Markaziy dispetcherlik, kommunikatsiya va kadastr xizmatida 1-toifali muhandis aloqachi, Gidrometriya va suv omborlarida suv resurslari monitoringi bo‘limi yetakchi mutaxassisi bo‘lib ishlagan.
2022-2023-yillarda vazirlikning Suv resurslari va suvdan foydalanish bo‘limi bosh mutaxassisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Hozirda vazirlikning yuragi bo‘lgan, eng asosiy bo‘limlardan biri – Suv resurslari va suvdan foydalanish bo‘limi yetakchi mutaxassisi. Suvning balansini yuritish, hisob-kitobini olib borish bo‘yicha o‘ta mas’uliyatli ishlarni bajarib kelmoqda.
Asilbek butun tizimdagi yoshlarni birlashtirib, ularga qanot bo‘lishiga ishonch bildirildi.
30-iyun – “Yoshlar kuni”. Muloqot ana shu sana arafasida o‘tkazildi.
Suv xo‘jaligi vaziri tizimda mehnat qilayotgan yoshlarni, suv xo‘jaligi sohasida o‘qiyotgan talabalarni, kollejlarimiz o‘quvchilarini “Yoshlar kuni” bilan samimiy tabrikladi.
Axborot xizmati


