VAZIR VA YOSHLAR UCHRASHUVI
2026-03-12 18:20:00 / Yangiliklar

Talabalar, tadqiqotchilar, yaqinda oliy o‘quv yurtini tamomlab kelib ishlayotgan yosh xodimlar.
Kelajakda ular orasidan olimlar, tadbirkorlar, yetuk mutaxassislar, mashhur insonlar yetishib chiqadi.
Yurtimizda yoshlar uchun imkoniyat eshiklari ochiq.
Vazir uchrashuv avvalida Prezidentimizning “Mening niyatim – yoshlarimiz talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha dunyoda raqobatdosh bo‘lsin, kerak bo‘lsa, boshqalardan bir pog‘ona ustun tursin”, degan fikrlarini keltirib o‘tdi.
Ta’kidlandiki, Davlatimiz rahbari har doim yoshlarga alohida e’tibor qaratadilar. Yoshlar siyosati davlatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Joriy yilning 24-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Prezidentning yoshlar bilan muloqoti, unda belgilangan vazifalar buning amaliy tasdig‘idir.
Yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch. Ular orasida 6 ming nafardan ortiq suvchi yoshlar ham bor.
Vazirlik tizimida yoshlarga e’tibor, ularni qo‘llab-quvvatlash, har yili 500 nafardan ziyodi ishga olinayotgani hisobiga oxirgi 3 yilda yosh xodimlar soni 1 ming 330 nafarga ortdi.
Yosh xodimlarning 3 677 nafari yoki 61 foizi oliy ma’lumotli. Ulardan 315 nafari rahbarlik lavozimlarida, 196 nafardan ortig‘i bo‘lim boshlig‘i lavozimida faoliyat olib bormoqda.
Vazir suvchi yoshlarni faqat sohadagi mehnat bilan cheklanib qolmasdan, fan olimpiadalari, sport musobaqalarida qatnashib, g‘olib bo‘lish, “Yoshlar biznesi”, “Kelajakka qadam” dasturlari kabi loyihalarda ishtirok etib, yirik tadbirkorga aylanish, kitobxonlik, ma’naviyat bo‘yicha tanlovlarda yuqori o‘rinlarni olishga da’vat etdi.
Suvchi yoshlardan kim agar ilm qilishni, til o‘rganishni, sport bilan professional tarzda shug‘ullanishni istasa, ularga hamma sharoitlarni yaratishga va’da berdi.
Uchrashuvda vazirlik tizimida ishlab, “El-yurt umidi jamg‘armasi” tanlovida g‘olib bo‘lib, hozirda AQShning Texas qishloq xo‘jaligi va mexanika universitetida magistratura yo‘nalishida o‘qiyotgan Xushnudbek Shamsiddinov, "Yer kadastri asosida hududlarni kompleks rivojlantirish mexanizmlarini takomillashtirish” mavzusida – iqtisodiyot fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasini himoya qilib, vazirlikning Gidrotexnika inshootlari va kadastrini yuritish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlayotgan Begench Yunusov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan faol suvchi yoshlar, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari” milliy tadqiqot universiteti talabalari so‘zga chiqdi.
Vazir ularni tingladi. Stipendiantlar sonini ko‘paytirish, PhD himoya qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar, boshqa tashabbuslar ma’qullandi.
Haftaning payshanba kuni barcha hududlarda yoshlar bilan tadbirlar o‘tkazish, sohada faoliyat yuritayotgan yoshlar ulushini 19 foizdan yil yakuniga qadar 30 foizga yetkazish, yoshlar o‘rtasida intellektual va sport musobaqalarini yo‘lga qo‘yish topshiriqlari berildi.
Muloqot chog‘ida vazir o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri, viloyatlar irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari boshliqlarining mulohazalari tinglandi.
“Suv – zar, suvchi – zargar” degan naql bor. Suvchini zargarga tenglagan xalqimiz miroblarni azaldan qadrlagan, ularga hamisha davraning to‘ridan joy bergan.
Muloqotda ishtirok etgan yoshlarning barchasi sohaning asl zargariga aylanishi to‘g‘risida niyatlar, ezgu istaklar bildirildi.
Uchrashuv yakunida shunday tilak aytildi: Hayot yo‘lingiz ravon va porloq bo‘lsin, aziz suvchi yoshlar!
Axborot xizmati






