QOZOG‘ISTON ELCHISI BILAN UCHRASHUV BO‘LIB O‘TDI
2026-03-12 17:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston va Qozog‘iston – eng yaqin qo‘shni hamda ittifoqchi davlatlardir. Ularning munosabatlari umumiy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillari asosida qurilgan.
Davlat rahbarlarining o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlari tufayli O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik strategik darajaga ko‘tarildi.
Uchrashuvda Qozog‘iston elchisi bugungi kunda dunyoda suv resurslari iqtisodiyotga, energetikaga, ekologiyaga, aholi farovonligiga ta’sir qiluvchi muhim omilga aylanganini, tom ma’noda, suv – hayot manbai ekanligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Prezidentining suv bo‘yicha yurgizayotgan siyosatini kuzatib borishini, 2028-yilga qadar 3,5 mln gektar yer maydonida zamonaviy tejamkor sug‘orish tizimlarini o‘rnatish, ushbu texnologiyalar orqali yillik suv tejash hajmini 5 mlrd kub metrga yetkazish, 2026-yilning o‘zida tijorat banklari tomonidan 2,6 trln so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratish, davlat tomonidan 800 mlrd so‘m subsidiya yo‘naltirish kabi amaliy tashabbuslari nafaqat mamlakat, balki butun mintaqa farovonligi uchun xizmat qilishini aytib o‘tdi.
Shu bilan birga, elchi janoblari mintaqaning suv xo‘jaligi vazirlari tez-tez uchrashib, suv bilan bog‘liq barcha masalalarni ochiq, shaffof, do‘stona hal etib kelishini tilga olar ekan, ularni mintaqa davlatlarining eng faol vazirlari deya e’tirof etdi.
Ta’kidlandiki, 2025-yil 15-noyabrda O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari transchegaraviy suv obyektlaridan birgalikda foydalanish va ularni boshqarish to‘g‘risidagi Bitimni imzolagan. Ushbu Bitimni amalga oshirish uchun zarur ichki davlat tartib-taomillari mamlakatimiz tomonidan yakunlandi. Shu maqsadda 2026-yil 6-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-88-son qarori qabul qilindi.
Bitim ikki davlat o‘rtasida suv resurslaridan samarali va barqaror foydalanishni ta’minlashga qaratilgan amaliy hamkorlikning yangi bosqichini belgilaydi. U transchegaraviy suv obyektlarini boshqarishda tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sohaviy idoralar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni takomillashtirish va ikki davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi manfaatlari yo‘lida suv resurslaridan foydalanishni optimallashtirishga qaratilgan.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev “Biz Qozog‘iston bilan do‘stona munosabatlardan faxrlanamiz va qadrlaymiz” deya ta’kidladi.
Uchrashuvda 2026-yil 30-mart kuni Ostona shahrida o‘tkaziladigan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi, 22–24-aprel kunlari Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Mintaqaviy ekologik sammit, uning doirasida tashkil etiladigan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari Kengashi yig‘ilishi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Axborot xizmati





