O‘ZBEKISTON VA QOZOG‘ISTON: SUV SOHASIDA YANGI HAMKORLIK BOSQICHI
2026-03-12 13:00:00 / Yangiliklar

Mazkur hujjat 2025-yil 15-noyabrda strategik sheriklikni mustahkamlash maqsadida imzolangan. U transchegaraviy suv obyektlarini boshqarishda tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sohaviy idoralar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni takomillashtirish va ikki davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yo‘lida suv resurslaridan foydalanishni optimallashtirishga qaratilgan.
Ushbu hujjatning kuchga kirishi uchun 2026-yil 6-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-88-son qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev ta’kidlaganidek, Qozog‘iston bilan hamkorlik nafaqat ikki davlat, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham strategik ahamiyatga ega.
– Suv resurslari sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashda muhim omil. Bu xalqlarimiz farovonligi, barqarorlik va suv xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi, – deya ta’kidlaydi vazir.
Ekspertlarning fikriga ko‘ra, transchegaraviy suv resurslarini samarali boshqarish doimiy muloqot, o‘zaro tushunish va umumiy mas’uliyatni talab qiladi. Shu sababli, tomonlar hamkorligi oqilona suvdan foydalanish, tabiiy ekotizimlarni saqlash va barqaror infratuzilmani rivojlantirishda konstruktiv namuna bo‘lib xizmat qiladi. Iqlim o‘zgarishi va suvga bo‘lgan bosim ortib borayotgan hozirgi sharoitda davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yanada muhim.
Vazirlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Bitimning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan ichki davlat tartib-taomillarining mamlakatimiz tomonidan yakunlanishi suv sohasida konstruktiv muloqot va amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirishga bo‘lgan sodiqligini tasdiqlaydi. Hujjatni amalga oshirish sohaviy tuzilmalar faoliyatini muvofiqlashtirishni mustahkamlash, axborot almashinuvini kengaytirish, shuningdek, transchegaraviy suv resurslarini boshqarishda shaffoflik va samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA
