SUV XO‘JALIGIDA YANGI LOYIHA ISHGA TUSHIRILADI
2026-02-27 11:55:00 / Yangiliklar

Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Zokir Ishpulatov mehmonlarni tashrifi bilan qutladi.
– Yaponiya hukumati, BMT Taraqqiyot dasturi bilan yaqin hamkorlikda ko‘p yillardan buyon loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelayapmiz. Sohani modernizatsiya qilish, yanada rivojlantirish, kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha ishlar natijalarini berdi, – dedi Z.Ishpulatov.
Uchrashuvda Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimiz suv xo‘jaligi sohasida so‘nggi yillarda olib borilayotgan islohotlar, ularning samarasi haqida ma’lumot berildi.
Muloqot chog‘ida “Orolbo‘yi mintaqasida suv resurslarini boshqarishni yaxshilash va iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish” loyihasi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Loyihani amalga oshirish muddati 3 yil (2026–2029-yillar) bo‘lib, budjeti 4,6 mln. AQSH dollarini tashkil etadi.
Yaponiya hukumati loyiha donori hisoblanadi.
Ushbu loyiha Kegeyli, Chimboy, Qorao‘zak va Bo‘zatov tumanlarini qamrab oladi. Orolbo‘yi hududida suv resurslarini boshqarish tizimlarini transformatsiya qilish, infratuzilmalarni rivojlantirish, raqamli innovatsiyalarni joriy etish va iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirishga qaratilgan.
Yaponiya elchisi Xirata Kenji Orol inqirozi zamonamizdagi eng yirik ekologik fojealardan biri ekanligini ta’kidladi. Orol muammosi mintaqada yashovchi millionlab insonlar hayotiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu ta’sir milliy chegaralardan ham oshib o‘tayapti. Shu sababli, Yaponiya hukumati O‘zbekistonning do‘sti sifatida ushbu masalada hamkorlik qilib kelmoqda.
Yangi loyiha mamlakatingizning suv xavfsizligini ta’minlash, suvni shaffof va adolatli taqsimlashga qaratilgan oldingi loyihalarimiz kabi yuqori natijalarni berishiga ishonamiz, - dedi elchi janoblari.
BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fudzii xonim so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyiha o‘ta muhim vaqtda amalga oshirilayapti. Chunki, Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari, shu jumladan, O‘zbekiston uchun ekologik va suv bilan bog‘liq muammolar dolzarb. Yangi loyiha Orolbo‘yi hududida fermerlar, dehqonlar, aholi hayotini yanada yaxshilashga xizmat qiladi. Loyihaning noyobligi, u integratsiyalashgan yondashuvlarga asoslanadi. Yuqorida ta’kidlanganidek, suvni shaffof va raqamli boshqarishga qaratiladi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida “Orolbo‘yi mintaqasida suv resurslarini boshqarishni yaxshilash va iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish” loyihasi hujjati imzolandi.
Axborot xizmati



