MALIKA IKROMOVA: HAR BIR DAVLAT UCHUN SUVDAN OQILONA VA SAMARALI FOYDALANISH USTUVOR VAZIFAGA AYLANMOQDA
2026-02-23 09:15:00 / Yangiliklar

Suv resurslari samaradorligini oshirish nafaqat qishloq xo‘jaligi va sanoatda mahsuldorlikni yuksaltirish, balki ekologik barqarorlikni ta’minlash va aholining hayot darajasini yaxshilashda ham muhim ahamiyatga ega.
Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti Suv resurslaridan kompleks foydalanish laboratoriyasi mudiri, texnika fanlari doktori, professor Malika Ikromova bilan suhbatimiz ham aynan suv resurslari va undan samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlandi.
– Bilamizki, suv barchamiz uchun katta ne’mat. Hozirgi zamon bizdan bu ne’matga munosabatni yanada chuqurlashtirish va suvdan oqilona foydalanishni talab etmoqda. Shu nuqtai nazardan qaraganda, suv resurslaridan samarali foydalanishda ko‘proq nimalarga e’tibor qaratish zarur?
– Darhaqiqat, suvni isrof qilmaslik biz uchun milliy udumga aylangan. Negaki, suvning oliy qimmati va uni qadrlash tushunchasi har bir oiladan boshlanadi. Oilada suvni tejash bo‘yicha boshlang‘ich ko‘nikmalar shakllantiriladi. Ammo global hayot sharoitida suv resurslari taqchilligi ortib borayotgan va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash dolzarb masalaga aylangan bir paytda, suvdan oqilona va samarali foydalanish har qanday davlat uchun ustuvor vazifaga aylanmoqda. Shu bilan birga, suvdan samarali foydalanish tabiiy ekotizimlarni saqlab qolish uchun ham hayotiy ahamiyatga ega.
Hozirgi global iqlim o‘zgarishi, aholi sonining ortishi va sanoat hamda qishloq xo‘jaligining kengayishi suvga bo‘lgan talabni sezilarli darajada oshirmoqda. Shu bois, har qanday davlat uchun suvdan oqilona va samarali foydalanish ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Bu nafaqat qishloq xo‘jaligi va sanoatda samaradorlikni oshirish, balki suv ta’minoti manbalariga yuklamani kamaytirish va insonlar uchun barqaror hayot muhitini saqlash imkonini beradi.
Shu ma’noda, suv resurslaridan samarali foydalanishda, avvalo, davlat siyosati hamda hamjihatlik muhim hisoblanadi.
– Suvni tejaydigan texnologiyalarning samaradorligi va iqtisodiy ahamiyati haqida ham to‘xtalsangiz. Umuman, bu jarayon natijalarini qanday baholaysiz?
– Hozirgi sharoitda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish tizimini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi tartiblar joriy etilmoqda.
Suv tejaydigan texnologiyalar suvni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘simlik ildiziga yetkazish, bug‘lanish va yer usti oqimida yo‘l qo‘yiladigan isrofgarchilikni kamaytirishga yordam beradi. Masalan, tomchilatib sug‘orish bilan suv o‘z vaqtida va aniq miqdorda yetkaziladi, yomg‘irlatib sug‘orish esa maydonlarda suvni bir tekis taqsimlash imkonini yaratadi. Shuningdek, lazerli tekislashda sug‘orish maydonlari yaxshiroq hamda samarali sug‘oriladi.
Raqamlar bilan izohlaganda, mazkur qarorda 2026–2028-yillarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar hajmini 3,5 million gektarga yetkazish asosiy maqsadli ko‘rsatkich sifatida belgilangan. Jumladan, 220 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish natijasida suvni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘simlik ildiziga yetkazish, bug‘lanish va yer usti oqimida yo‘l qo‘yiladigan isrofgarchilikni kamaytirish, 110 ming gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish va 600 ming gektar maydonni lazerli tekislash orqali sug‘orishda suvni samarali va bir tekis taqsimlash imkoniyati yaratiladi.
Bunday texnologiyalar yiliga 5 milliard metr kub suvni tejash imkonini beradi. Bu suvni boshqa ehtiyojlarga yo‘naltirish, suv ta’minoti manbalariga yuklamani kamaytirish va qishloq xo‘jaligining qurg‘oqchilikka chidamliligini oshirishga zamin yaratadi. Moliyaviy jihatdan esa tijorat banklari va davlat subsidiyalari bilan fermerlar va qishloq xo‘jaligi korxonalari suvni tejaydigan tizimlarni joriy etish va modernizatsiya qilish uchun zarur mablag‘larga ega bo‘ladi.
– Davlat suv resurslaridan foydalanishni qanday qo‘llab-quvvatlaydi va nazorat qiladi?
– Bu ishlar ijrosida yuqorida zikr etilgan Prezident qarorining ijrosini ta’minlash asosiy omil hisoblanadi. Demak, davlat suv resurslaridan samarali foydalanishni kreditlar va subsidiyalar asnosida moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydi. 2026-yilda fermerlar va korxonalar uchun tijorat banklari tomonidan 2,6 trillion so‘m kreditlar ajratilishi va 800 milliard so‘m davlat subsidiyalari taqdim etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 2027-yildan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlar tabaqalashtirilgan stavkalar asosida belgilanadi, ya’ni suv bilan ta’minlanganlik darajasiga qarab har bir fermer yoki korxona soliq to‘laydi.
Suv ta’minoti holatini aniqlash uchun har yili qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar ro‘yxatlari ishlab chiqiladi va ularda suv manbalaridagi vegetatsiya davridagi suvlilik darajasi tahlil qilinadi. Bu yondashuv davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va soliqqa tortishda adolatni ta’minlaydi hamda har bir fermerning suv bilan ta’minlanganlik holati aniq va shaffof bo‘ladi.
– Suv iste’moli monitoringi va “aqlli” texnologiyalarni joriy etishning ahamiyati nimalardan iborat?
– Suv iste’moli monitoringini takomillashtirish maqsadida 2027-yildan tadbirkorlik subyektlari uchun suvni “aqlli” o‘lchash va hisobga olish vositalarini o‘rnatish majburiy qilinadi. Bu vositalar Suv xo‘jaligi vazirligining “Suv hisobi” axborot tizimiga integratsiya qilinib, yagona markazlashgan tizim yaratiladi. Bu suv resurslarini nazorat qilish, samarali boshqarish va shaffoflikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, muntazam suvni tahlil qilish iqlim o‘zgarishlariga tezkor javob berish va suvdan foydalanish siyosatini o‘zgartirish imkonini beradi. Bu chora-tadbirlar iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi va tabiiy ekotizimlarni saqlashda innovatsion yondashuvlarni keng tatbiq qilishni ta’minlaydi.
– “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida belgilangan ustuvor vazifalarga asosan suv resurslaridan samarali foydalanish ishlari qanday tashkil etiladi?
– Mamlakatimizda suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, davlatimiz rahbarining 2026-yil 16-fevraldagi “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida ham bu masala ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Farmonda ekologik muvozanatni saqlash va suvdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan asosiy tadbirlar ko‘rsatib o‘tilgan.
Jumladan, ochiq drenaj, kollektor va kanallarni yopiq tizimlarga o‘tkazish bilan suv yo‘qotilishini kamaytirish, 504 ming gektar maydonda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish asosida yiliga 5 milliard kub metr suvni tejash, shuningdek, 1,3 ming kilometr kanallar va sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish natijasida qo‘shimcha 500 million metr kub suvni tejash imkoniyatlari yaratiladi.
Aytish kerakki, bu chora-tadbirlar nafaqat suv resurslarini tejash, balki qishloq xo‘jaligi maydonlarini samarali sug‘orish, ekotizimlarni saqlash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda ham muhim ahamiyatga ega.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva suhbatlashdi.
