RASMIY MUNOSABAT
2026-02-22 17:10:00 / Yangiliklar

Karmana tumani “Narpay” hududidagi “Karmana Nazarbek” fermer xo‘jaligi paxtachilik va g‘allachilikka ixtisoslashgan, yer maydoni 41 gektar.
Fermer xo‘jaligi rahbari Mavluda Sobirova 2026-yil 21-fevral kuni “Kun.uz” sayti muxbiriga bergan intervyusida 2025 yil sug‘orish mavsumida kerakli muddatda va miqdorda suv yetkazib berilmaganligidan shikoyat qilgan.
Ushbu murojaat bo‘yicha Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzilib, o‘rganish olib borildi.
O‘rganish chog‘ida ma’lum bo‘ldiki, tasdiqlangan limitga asosan Karmana tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi tomonidan “Suv hisobi” (https://suvhisobi.uz/uz/main) axborot tizimi orqali tuzilgan shartnomaga muvofiq, “Karmana Nazarbek” fermer xo‘jaligiga 2025-yil davomida ekin maydonlarini sug‘orish uchun 510,5 ming m3 suv yetkazib berilgan.
2025-yilning yanvar-avgust oylari uchun foydalanilgan suv miqdorini tasdiqlovchi dalolatnomalar fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan axborot tizimi orqali elektron raqamli imzolar bilan tasdiqlangan. Sentabr, noyabr va dekabr oylari uchun tuzilgan dalolatnomalar belgilangan muddatda ko‘rib chiqilmaganligi va e’tiroz bildirilmaganligi sababli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 13-oktabrdagi “Suv sohasini raqamlashtirish jarayonini yanada jadallashtirish va barqaror rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-183-sonli Farmoni talablariga muvofiq dalolatnoma kelishilgan deb hisoblanib, soliq organlariga yuborilgan.
Shuningdek, fermer xo‘jaligi 2025-yilning aprel-oktabr oylarida jami 425,7 ming m3 suv olganligi to‘g‘risida ikki tomonlama yozma dalolatnomalar ham rasmiylashtirilgan. Dalolatnoma va oldi berdi kundalik hisobi jurnallari fermer xo‘jaligi rahbari M.Sobirovaning imzo va muxri bilan tasdiqlangan.
“Karmana Narzarbek” fermer xo‘jaligining g‘o‘za maydonlariga 2025-yil yoz mavsumida yetarli mikdorda suv yetkazib berilmagani haqida shikoyati o‘rinsiz va uni rad etuvchi hujjatlar va video tasvirlar mavjud.
Bundan tashqari, o‘rganish chog‘ida fermer xo‘jaligi tomonidan 2021-yilda 22 gektar yer maydonida paxta yetishtirish maqsadida “Karmana suv ta’minot” MCHJ bilan tuzilgan shartnoma asosida tomchilatib sug‘orish tizimlari o‘rnatilgani, ushbu maqsadlar uchun Davlat budjetidan 176,0 mln. so‘m subsidiya ajratilgani, biroq 2025 yilda mazkur maydonlarda ekinlar egatlab sug‘orilgani aniqlandi.
“Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi Navoiy viloyat boshqarmasining “Karmana Nazarbek” fermer xo‘jaligiga yuborilgan 2025-yil 29-apreldagi 8/25-151-sonli Ogohlantirish xati bilan subsidiya mablag‘lari joriy qilingan suvni tejaydigan sug‘orish tizimlari kamida besh yil ishlatish sharti bilan ajratilishi ta’kidlangan.
Tegishli qonunchilikka binoan, joriy qilingan suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalaridan sug‘orish va nosug‘orish mavsumlarida foydalanmaslik holatlari aniqlansa, ajratilgan subsidiya belgilangan tartibda qaytarilishi haqida ogohlantirilgan. Shunga qaramasdan, fermer xo‘jaligi 2025-yilda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalaridan foydalanmagan.
Quyi Zarafshon ITHB matbuot xizmati
