TURKIY SHE’RIYAT SULTONI
2026-02-09 10:00:00 / Yangiliklar

Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma” asarida shunday yozadi: “Alisherbek naziri yo‘q kishi edi. Turkiy til bila to she’r aytubturlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas”.
Muhammad Haydar Mirzoning “Tarixi Rashidiy” asarida ham shunday satrlarga duch kelamiz: “Undan avval va undan keyin hech kim turkiy tilda she’rni undan ko‘proq va undan yuksakroq yozolgan emas. U forsiy sherni ham ko‘p yozgan”.
Tarixiy manbalar, zamonamiz olimlarining fikriga tayanib aytadigan bo‘lsak, Navoiy bobomiz nafaqat turkiy adabiyot taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan, balki butun Sharq uyg‘onish davrining eng yirik siymolaridan biri sifatida jahon madaniyati tarixida muhim o‘rin egallaydi. Navoiy ijodi va faoliyati orqali so‘z san’ati, tafakkur erkinligi hamda inson kamoloti g‘oyalari yangi bosqichga ko‘tarildi.
Ishonchli manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Alisher Navoiy yoshligida fiqh ilmidan mukammal ta’lim olgan. Samarqandda esa a’lam ulamo Xo‘ja Fazlulloh Abulays xonaqohi hujralaridan birida istiqomat qilib, fiqhdan ikki yil tahsil ko‘radi. Hirotda u o‘sha davrdagi ustozlaridan biri Mavlono Fasihiddin Nizomiydan fiqh va falsafadan dars oladi.
Demak, Navoiy fiqh ilmining jamiyatdagi va inson hayotidagi ahamiyatini tushungan. Shu bois “Farhod va Shirin” dostonida:
Quyoshliq istasang, kasbi kamol et
Kamol ar kasb etarsen, bemalol et –
deb shahzoda Shohg‘arib mirzoga murojaat etadi. Ulug‘ shoir shahzodani har narsaning mohiyatini bilish uchun fiqh, hadis, tafsir – uch ilmni qunt bilan o‘rganishga chaqiradi va “bu uch ilm sen bil” deb ustozlarcha da’vat qiladi. Yana Shohg‘arib mirzoga bu uch ilmdan tashqari tib, tarix, hikmat ilmiga mayl qilishni, ularni o‘rganishni maslahat beradi. Navoiy kelajak avlodga – yoshlarga o‘z she’rlaridan birida “Kamol et kasbkim, olam uyidin”, deya samimiy istak bildirib, komillikka intilgan yoshlarni ham uch ilmni o‘rganishga targ‘ib qiladi.
Navoiy nafaqat shoir, balki yirik jamoat va davlat arbobi sifatida ham faoliyat yuritgan. U ilm-fan, madaniyat va ta’limni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib, madrasa, masjid, kutubxona va karvonsaroylar bunyod etilishiga homiylik qilgan. Uning jamiyatga xizmat qilish, xalq manfaatini ustun qo‘yish haqidagi qarashlari bugungi kunda ham dolzarb ahamiyatga ega.
Alisher Navoiy — so‘z orqali millatni uyg‘otgan, tafakkur orqali jamiyatni yuksaltirgan buyuk zotdir. Uning merosi o‘zbek xalqining ma’naviy poydevori, milliy o‘zligini anglashda bitmas-tuganmas manbadir. Navoiy siymosi va ijodi — adabiyot, ma’naviyat va insonparvarlikning abadiy timsoli sifatida hamisha yashaydi.
Gulzoda Xurramova,
IIVning 2-son Toshkent akademik litseyi tarix o‘qituvchisi
