“O‘ZBEKISTON-TOJIKISTON” DO‘STLIK JAMIYATINING YIG‘ILISHI O‘TKAZILDI
2026-02-02 17:00:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda do‘stlik jamiyatining 2025-yildagi faoliyati tahlil qilindi.
“O‘zbekiston-Tojikiston” do‘stlik jamiyati 2019-yilda tashkil etilgan. Nizomiga ko‘ra, “O‘zbekiston-Tojikiston” do‘stlik jamiyati O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari orasida madaniy-ma’rifiy, ta’lim-fan sohasidagi aloqalarni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan nodavlat notijorat tashkiloti hisoblanib uning tashkiliy-huquqiy shakli jamoat birlashmasidir.
Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitaning bo‘lim boshlig‘i A.O‘roqov mamlakatimizda do‘stlik jamiyatlari, ularga yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berdi. Qo‘mita va jamiyat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalariga to‘xtalib o‘tdi.
Do‘stlik jamiyati a’zolari Suv xo‘jaligi vazirligi vakillaridan iborat. Ulardan ayrimlari boshqa joylarga ishga o‘tganligi sababli o‘rni bo‘shab qolgan. Yig‘ilishda jamiyatga yangi a’zolar qabul qilindi.
Yig‘ilish ishtirokchilari ko‘pchilik ovoz bilan Suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Qarshiev Rustam Jo‘raevichni “O‘zbekiston-Tojikiston” do‘stlik jamiyati Boshqaruvi raisi etib sayladilar.
Yig‘ilishda do‘stlik jamiyatining 2026-yildagi rejalari belgilab olindi.
Umidjon Mamarasulov






