IBRATLI UMR MAHZANI
2026-02-02 15:15:00 / Yangiliklar

Rustam aka 1962-yil 17-fevralda Buxoro shahrida ziyoli oilada tug‘ildi. U kishining bobosi Soli Yodgorov Buxoro viloyati partiya qo‘mitasida qishloq xo‘jaligi bo‘yicha kotib bo‘lib ishlagan, katta rahbarlik tajribasiga ega inson edi. Buxoro tumanidagi bir xo‘jalik u kishining nomi bilan atalgan. Otasi Damir Yodgorov ham turli rahbarlik lavozimlarida, jumladan, viloyat hokimi bo‘lib ishlagan. Shu sababli ham Yodgorovlar oilasi buxoroliklarning yuksak hurmat va e’tiboriga sazovor. Rustam aka ana shunday nufuzli sulolaning davomchisi edi.
U oilada ikkinchi farzand bo‘lgan, opasi va ukasi bor. Bolaligidanoq “Men oilamning, qolaversa, Vatanimning ko‘zga ko‘ringan, e’zozli farzandi bo‘lishim kerak” degan shior bilan yashagan. Rus tiliga ixtisoslashgan maktabni a’lo baholarga bitirib, 1979-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga o‘qishga kirgan.
Talabalik davrida sportda katta yutuqlarga erishib, ko‘p kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. Shu davrda institut Yoshlar ittifoqida faollardan biri, institutning sport yo‘nalishi bo‘yicha yetakchisi edi.
Biz uning tashabbuskorlik, tashkilotchilik, rahbarlik qobiliyatiga ko‘p guvoh bo‘lganmiz. Rustam aka atrofidagilarni bir jamoa sifatida harakatlantirishga va yo‘naltirishga qodir haqiqiy lider edi. Menimcha, u shu xususiyatlarini o‘sha davrda institut yoshlarining rahnamosi bo‘lgan Shavkat Miromonovich Mirziyoyevdan o‘rgangan. U kishiga ergashib, talabchanlik, tashabbuskorlik fazilatlarini ham o‘zlashtirgan.
Institutni bitirgandan keyin, Toshkentda, O‘rta Osiyo xo‘jalik qurilish birlashmasi (Glavsredazirsavxozstroy) tizimida faoliyat yuritdi. Birlashma obro‘li tashkilot bo‘lib, rahbari akademik Najim Rahimovich Hamroyev edi. Rustam aka dastlab irrigatsiya va melioratsiya bo‘yicha yetakchi mutaxassis, keyin bosh mutaxassis va bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi.
Respublikamiz hududlarida cho‘llarni va yerlarni o‘zlashtirishga o‘z hissasini qo‘shdi.
Keyin Buxoro viloyati Qorovulbozordagi suv xo‘jaligi tashkilotiga ishga yuborildi. Rustam aka avval rahbar o‘rinbosari bo‘lib ishladi, keyin bir necha yil rahbarlik qildi. U hududda melioratsiya va irrigatsiya masalalarini hal qilishda fidoyilik ko‘rsatdi.
O‘sha davrda boshqa ko‘pgina sohalar kabi suv xo‘jaligida ham salohiyatli kadrlar yetishmas edi. Qorovulbozordagi suv xo‘jaligi tashkilotida 300 kishi ishlagan bo‘lsa, oliy ma’lumotli muhandis-texnik xodimlar ish o‘rni 130 ta edi. Amalda atigi 30 nafar oliy ma’lumotli mutaxassis bor edi.
Cho‘l hudud bo‘lgani uchun odamlar uzoqdan qatnab ishlardi. Dushanba kuni ayrim xodimlar yetib kelgunicha tush vaqti bo‘lib qolar, juma kuni esa yo‘l uzoq deb ko‘pchilik tushdan keyin jo‘nab ketardi. Natijada haftasiga to‘rt kun ish bo‘lardi.
Rustam aka ishlarni qaytadan tashkillashtirib, nafaqat besh kunlik, balki yetti kunlik tartibga o‘tkazdi. Jamoaning bir qismi shanba-yakshanba kunlari uyiga ketadigan, bir qismi navbat bilan qoladigan bo‘ldi.
Buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi: yashash joyi, issiq ovqat, qo‘shimcha daromad, transport va aloqa. O‘sha paytda bu masalalar davlat tomonidan ta’minlanmagan edi, faqat rahbarning fidoyiligi va jamoa bilan bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi evazigahal qilindi.
O‘sha davrda mobil telefonlar yo‘q, aloqa uchun 10–50 km masofadagi radiostansiyalardan, Altay va Lyon (Bolgariya) radio aloqalaridan, ratsiyalardan foydalanilardi. Butun cho‘l bo‘ylab suvchilar bilan aloqa o‘rnatildi va nazorat samarali yo‘lga qo‘yildi.
Transport vositalari rivojlantirildi: oddiy xodimlar uchun avval velosiped, keyin mototsikl, yuk tashish uchun avtomobil va traktorlardan foydalanildi. Hatto ayrim hududlarda otlar olinib, kollektor bo‘ylarini nazorat qilishda suvchilar ulardan foydalandi.
Boshida yashash uchun vagonlardan foydalanilgan bo‘lsa, jamoaning say’-harakati bilan kichik uychalar qurildi, keyin esa reja asosida gidrotexniklar uchun uylar barpo etildi, yo‘llar asfalt qilindi, elektr ta’minoti o‘rnatildi. Yashash uchun barcha sharoitlar muhayyo qilindi.
Bu ishlarda men Rustam aka bilan yonma-yon faoliyat yuritganman. U kishi bilan birga Qorovulbozorda 8,5 yil ishlaganmiz. Shu davrda ilmiy ishlar ham olib borildi, yangi loyihalar ham yaratildi.
1980-yillar oxiridagi iqtisodiy islohotlar davrida xodimlarni “jamoaviy pudrat” usulida ishlatdik: bu orqali xodimlar byudjetdan tashqari, xo‘jalik hisobidan ham ishlab, qo‘shimcha maosh oladi. Shuningdek, qo‘shimcha yordamchi xo‘jaliklar tashkil etildi: kimdir qo‘y, echki, tovuq va baliqchilik bilan shug‘ullandi, yana kimdir asalari boqdi.
Eng asosiy vazifa – cho‘lni o‘zlashtirish va yashil makonga aylantirish edi. Minglab daraxtlar ekildi, bog‘lar, manzarali hududlar, uzumzorlar barpo etildi. Ular hozirgacha mavjud.
O‘sha davrda Qorovulbozor alohida tuman emas, biz ishlayotgan joylar massiv hisoblanardi. Keyinchalik tuman tashkil etildi va bizning tashkilot negizida oltita tashkilot barpo etildi. Elektr tarmog‘i korxonasi, suv qurilishi, irrigatsiya, melioratsiya, texnika-transport, nasos stansiyalari uchastkasi alohida tashkilot sifatida ajralib chiqdi.
Shu davrda ilmiy dissertatsiyamni himoya qilib, qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi darajasiga erishgan edim. Qorovulbozorda ekinlarning sug‘orish tartibi mavjud emas edi, shuni ishlab chiqib, gektariga 15–17 sentner hosil bergan yerlardan 48–54 sentnergacha paxta yetishtirdik.
1994-yilning to‘rtinchi choragida Rustam aka Buxoro viloyati Suvxo‘jaliknazorat boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi, men esa viloyat suv xo‘jaligi boshqarmasida suvdan foydalanish bo‘limi boshlig‘i bo‘ldim.
Rustam aka o‘zining boy tajribasi va bilimi orqali jamoani ergashtirib, tashkilotni rivojlantirdi. Ko‘plab shogirdlar tarbiyaladi, hozir ular viloyat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida ishlaydilar.
Rustam Yodgorov ko‘p insonlarga yaxshilik qildi. Kimdir muammo yoki iltimos bilan murojaat qilsa, suvchi, dehqon yoki oddiy yetim bola bo‘lsin, farqi yo‘q, hammani e’tibor bilan tinglardi.
Har bir insonning dardini o‘z dardi deb bilardi. Masalan, bir kuni issig‘im ko‘tarilib, yotib qoldim. Rustam aka shifokorlarni chaqirib, yonimda turdi. Davolanishimga vaqtini va mehrini sarfladi.
Tasavvur qiling, agar hozir sizga kimdir “issig‘im chiqayapti, shamollab qoldim” deb murojaat qilsa maslahat berasiz yoki kimgadir yuborasiz. U kishi unaqa qilmas edi. Oxirigacha yoningizda bo‘lardi.
Men u Rustam Yodgorovning ko‘p xislatlaridan o‘rnak olib, o‘z faoliyatimda qo‘llayman.
Oila a’zolariga ham juda e’tiborli edi. O‘zining ayolini hurmat qilish, farzandga munosabatni u kishidan o‘rgansa bo‘lardi. Turmush o‘rtog‘iga, bolalariga, nevaralarga ham shunday mehribon, ulug‘ inson edi.
U kishi aytardi: “Vatan oiladan boshlanadi. Oilasini yaxshi ko‘rib, oilasiga mehribon bo‘lmasa, o‘zining jamoasiga mehribon bo‘lmasa, bilingki, u odam vatanparvar emas”.
Bu chuqur falsafiy gap. Hurmatli Prezidentimiz ham doim aytadilar: “Hayotdagi eng katta maqsad oilaning baxtini ko‘rish”. Ana shu tarbiyaning mevasi bo‘lganki, o‘g‘li va qizi hozir otasiga munosib yashayaptilar. Nevaralari bor. Baxtli bo‘lishsin. Bu oilani men o‘zimga juda yaqin deb bilaman.
Hayotda o‘rtoqlari bilan, qarindosh-urug‘lari bilan munosabati ham havas qilgulik edi.
Mard va odil inson edi. Deylik bir yaqin odami kim bilandir tortishib qoldi. Tanishi nohaq. Rustam aka uning oldiga kelardida, “Anavi to‘g‘ri aytyapti, kel, o‘sha aytayotgan narsaga rozi bo‘lgin. Agar senga qiyinlik qiladigan bo‘lsa, men yordam beraman. Lekin, nomardlik qilma” derdi. Shunaqa mard inson edi. “Tepada Alloh qarab turibdi. Mayli, bugun biz zarar ko‘raylik, lekin vijdon oldida yutgan bo‘lamiz. Har bir ishimizning ajru-savobi bor” derdi.
Bu gaplar ertak emas. Rustam aka Yodgorov bizning zamondoshimiz edi. Ko‘p yillar yonma-yon, yelkama yelka ishlab, undan hayotiy, kasbiy saboqlar olganmiz. Rustam aka tom ma’noda ibrat maktabi edi.
Afsuski, beshafqat o‘zim ustozimizni 2022-yilda oramizdan olib ketdi. Bu ko‘nglidaryo insondan ezgu a’mollar, qobil farzandlar qoldi. Joylari jannatda bo‘lsin!
Shavkat Xamrayev,
Suv xo‘jaligi vaziri
(“O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi” jurnalining 2026-yil 2-sonidan olindi).
