NUROTA TUMANI SUV ISTE’MOLCHILARI BILAN VIDEOMULOQOT O‘TKAZILDI
2026-01-30 16:55:00 / Yangiliklar

Tadbirda vazirlikning boshqarma va bo‘lim boshliqlari, viloyat suv xo‘jaligi tashkilotlari mutasaddilari, tuman hokimligi mas’ullari, fermerlar va boshqa suv iste’molchilari, fuqarolik jamiyati instituti va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Videomuloqot chog‘ida tuman suv iste’molchilari tomonidan o‘nga yaqin murojaat yo‘llandi. Jumladan, “Xolmirza” fermer xo‘jaligi rahbari X.Murodov ekin maydonlariga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish maqsadida “Agrosubsidiya” YAAT orqali imtiyozli kredit olish uchun amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. Mutaxassislarga murojaatchining hujjatlarini rasmiylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatish topshirig‘i berildi.
Shuningdek, “Davron Bobojon” fermer xo‘jaligi rahbari D.Bobojonov quyosh panellarini o‘rnatishda mavjud imtiyoz va subsidiyalardan foydalanish uchun amaliy yordam berilishini so‘radi. Ushbu murojaat ham shu yerning o‘zida qanoatlantirilib, tartib-taomillar tushuntirildi.
“Usto Xo‘ja” fermer xo‘jaligi rahbari N.Boltayev esa hududdagi sug‘orish tik quduqni ta’mirlashni so‘rab murojaat qildi. Mutasaddi tashkilotlarga 5 kun muddatda nosozlik sabablarini aniqlab, ta’mirlab berish vazifasi yuklatildi.
Videomuloqot chog‘ida murojaatchilar tomonidan qo‘yilgan barcha masalalarni qisqa muddatda hal etish yuzasidan mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.
Axborot xizmati



