TURKIYA BILAN SUV BO‘YICHA HAMKORLIK
2026-01-30 09:05:00 / Yangiliklar

Ushbu jarayonda qator xorijiy davlatlar, xususan Turkiya bilan amaliy va institutsional hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, aniq va samarali natijalarga erishilmoqda.
Suv tejovchi texnologiyalarni ommalashtirishda eng muhim omillardan biri – uskuna va materiallarning mavjudligi hisoblanadi. Bunda esa Turkiyaning yirik ishlab chiqaruvchilari – “Akplast”, “Acar MAK-SAN”, “Ardent plastik” hamda “Agro new drip” korxonalari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari yaxshi samara bermoqda. Ushbu kompaniyalar tomonidan O‘zbekistonga investitsiyalar kiritilib, polietilen quvurlar, tomizg‘ichli lentalar, nasos va filtr qurilmalari hamda turli xil fitinglarni mahalliy sharoitda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish jarayonini tezlashtirish, importga bo‘lgan qaramlikni kamaytirish va fermerlar uchun uskunalarni yanada qulay narxlarda taqdim etish imkonini beradi.
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda inson omili ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu ma’noda, qishloq xo‘jaligi sohasida suvdan samarali foydalanishga erishishda “Suvchilar maktabi” tashkil etilgani ayni muddao bo‘ldi.
Mazkur o‘quv kursi faoliyati O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Suv xo‘jaligi vazirligi, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti va “Agrobank” ATB hamkorligida yo‘lga qo‘yilgan. Fermer xo‘jaliklari rahbar va suvchilari, suv xo‘jaligi xodimlari bugungi kunda sohada qo‘llanilayotgan innovatsion texnologiyalar, rivojlangan xorijiy mamlakatlar amaliyotiga joriy etilayotgan yangi bilim va ko‘nikmalarni egallagan holda, o‘z faoliyatini takomillashtirib, suvdan samarali foydalanish orqali yuqori hosildorlikka erishishi o‘quv kursining asosiy maqsadi hisoblanadi.
“Suvchilar maktabi”da Turkiya Respublikasining ilg‘or tajribasi asosida zamonaviy, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tizimli ravishda tashkil etilmoqda. Ushbu o‘quvlar doirasida suv tejovchi texnologiyalarni loyihalash, qurish, foydalanishga topshirish hamda texnik xizmat ko‘rsatish jarayonlari bo‘yicha Turkiyaning ilg‘or tajribasi asosidagi nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalar muntazam ravishda o‘rgatib borilmoqda. Shu bilan birga, o‘quv jarayonlarida ilg‘or xorijiy tajribaning mahalliy shart-sharoitlarga moslashtirilgan yechimlari keng joriy etilmoqda.
Qayd etish lozim, ushbu loyiha orqali O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida ilmiy-ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, suv resurslarini boshqarishda samarali yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish hamda qishloq xo‘jaligida barqaror rivojlanishni ta’minlash maqsad qilingan. Natijada, suvdan tejamkor foydalanish orqali ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va aholi turmush darajasini yaxshilashga xizmat qiladigan tizimli mexanizmlar shakllantirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan Turkiya elchixonasi, ushbu mamlakat Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligining Davlat suv ishlari bosh boshqarmasi o‘rtasida yaqin hamkorlik o‘rnatilgan bo‘lib, uchrashuvlar, muzokaralar tez-tez o‘tkazib kelinadi. Tomonlar malaka oshirish dasturlarini ham yo‘lga qo‘ygan.
O‘tgan yilning oxirida Suv xo‘jaligi vazirligi va tizim tashkilotlarining 36 nafar mutaxassislari Turkiyada o‘quv safarida bo‘lib qaytdi.
Istiqbolda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida suv va qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish rejalashtirilgan. Jumladan, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, kanallar orqali suv yo‘qotilishlarining oldini olish, sohada raqamli texnologiyalarni tatbiq qilish, yuqori samarali suv tejovchi texnologiyalar orqali paxta va g‘alladan yuqori hosil olishni ilm-fan bilan bog‘lash, zamonaviy irrigatsiya va drenaj texnikasini qishloq xo‘jaligiga keng joriy etish kabi vazifalar belgilangan.
– Iqlim o‘zgarishi va boshqa transchegaraviy muammolar kabi omillarni hisobga oladigan bo‘lsak, yaqin kelajakda Markaziy Osiyo mintaqasida suv miqdori sezilarli darajada kamayishi shubhasiz. Bundan tashqari, iqtisodiyotning turli tarmoqlari o‘rtasidagi raqobat suv resurslarini taqsimlashda qishloq xo‘jaligi ulushini yanada kamaytiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev barcha mutasaddi tashkilotlarga sug‘oriladigan dehqonchilikda suvdan oqilona foydalanish va suv yo‘qotilishini minimallashtirish bo‘yicha zarur yumshatish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berdi, – deydi “Temelsu International Engineering Services Inc.” konsalting kompaniyasi rahbari Bahodir Boz.
Uning ta’kidlashicha, suv resurslarini boshqarishni saqlash, tashish, taqsimlash va qo‘llashning asosiy toifalari bo‘yicha guruhlash mumkin. Shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda qo‘llanilayotgan yondashuv ushbu toifalarning barchasini qamrab olgan yaxlit yondashuvdir. Saqlash qismi uchun yangi suv omborlari quriladi yoki mavjudlari yaxshilanadi va/yoki xalqaro standartlarga ko‘tariladi. Tashish qismiga kelsak, manbalardan sug‘oriladigan yerlarga suv olib o‘tuvchi transport kanallariga beton yotqizish ishlari jadal olib borilayapti.
O‘zbekistonda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida sug‘orish tarmoqlaridagi suv yo‘qotilishlarini kamaytirish bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, sug‘orish tarmoqlarini yopiq quvurli sug‘orish tizimiga o‘tkazish, suv omborlari va kichik suv zahiralarini barpo etishga qaratilgan loyihalar joriy etilmoqda. Bu tadbirlar suv taqchilligi sharoitida mavjud resurslardan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligi ekinlarining barqaror sug‘orilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston–Turkiya suv xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik bugungi kunda faqat rejalar bilan emas, balki aniq amaliy natijalar bilan namoyon bo‘lmoqda. Ishlab chiqarish, ta’lim va infratuzilmaviy loyihalarni qamrab olgan ushbu hamkorlik suv tejashga qaratilgan islohotlarning muhim tayanchiga aylanib, kelgusida ham qishloq xo‘jaligida barqaror rivojlanishni ta’minlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Umidjon Mamarasulov,
Suv xo‘jaligi obyektlarini
ekspluatatsiya qilish agentligi
matbuot kotibi
