TURKIYA SAFARI TAASSUROTLARGA BOY BO‘LDI
2026-01-29 10:10:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va tizim tashkilotlari mutaxassislaridan iborat delegatsiya tarkibida Turkiyada o‘quv safarida bo‘ldik.
Turkiyaning Davlat suv ishlari bosh boshqarmasida uchrashuvlar o‘tkazdik. Boshqarmaning Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, doktor O‘zlem Shelol xonim hamda suv resurslari bilan bog‘liq bo‘lim boshliqlari va mutaxassislar bilan muloqot qilindi. Turkiyada suv resurslari, uni samarali boshqarish bo‘yicha taqdimotlar tinglandi.
Bu davlatda foydalaniladigan yillik suv resurslari 61,7 mlrd kub metrni tashkil etadi. Shundan 48,7 mlrd kub metr sug‘orishga sarflanadi. 6,3 mlrd kub metr suv ichimlik, 6,7 mlrd kub metr suv sanoat maqsadlari uchun ishlatiladi.
Shuningdek, Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligining Qishloq xo‘jaligi ishlanmalari tadqiqotlari va siyosati bosh boshqarmasi vakillari bilan ham muloqot o‘tkazdik. Ushbu boshqarma qishloq xo‘jaligi sohasida yangi ishlanmalar, innovatsiyalar va ularning siyosati bilan shug‘ullanadi. Tashkil etilganiga 130 yildan oshgan, Turkiyaning ko‘hna ilmiy muassasalaridan biri hisoblanadi. Bosh boshqarma koordinatori Shu’le Kuchukjushkun xonimning ta’kidlashicha, mamlakat qishloq xo‘jaligiga doir ma’lumotlarning 70 foizi shu yerda yaratiladi.
Bosh boshqarma tarkibida 49 ilmiy tadqiqot institutlari faoliyat ko‘rsatadi. Misol uchun, o‘simlikshunoslik yo‘nalishida sanoat, oziq-ovqat o‘simliklari, chorva uchun ozuqabop ekinlar, salomatlik uchun o‘simliklar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.
Yerlarning sho‘rlanishi, yerosti, yer usti suvlari tarkibidagi minerallashuv, tuzlanish darajasi bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkaziladi, ilmiy ishlar bajariladi.
Turkiyaning 50 dan ortiq shahar va tumanlarida ilmiy markazlari mavjud. Jami xodimlari soni 6700 kishi, shundan 2500 nafardan ortig‘i ilmiy unvonga ega xodimlar.
Taqdimotda suvni tejash, unumli foydalanish, tejamkor texnologiyalarni ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘llash bo‘yicha ishlar, yangi tadqiqot va loyihalar haqida ham ma’lumot berildi.
Safar davomida turkiyaning Shanliurfa, Gaziantep va Izmir shaharlarida ham uchrashuvlar, muloqotlar o‘tkazdik.
Masalan, mamlakatdagi eng mashhur gidrotexnik inshootlardan biri – Otaturk to‘g‘oniga tashrif esda qolarli voqealardan biri bo‘ldi.
Otaturk to‘g‘oni va shu nomdagi suv ombori Turkiyaning markaziy qismida joylashgan bo‘lib, Frot daryosida barpo etilgan. Suv omborining maydoni 515 kvadrat kilometr, hajmi 48,7 milliard kub metr. Shundan yiliga o‘rtacha 11 milliard kub metr suvdan foydalaniladi.
To‘g‘on qurilishi 1983-yilda boshlanib, 1990-yilda bitkazilgan. Balandligi 169 metr, uzunligi 1820 metr.
Bu yerda gidroelektr stansiya ham qurilgan bo‘lib, 2400 MVt quvvatga ega.
Otaturk to‘g‘onining sho‘ba mudiri Faruk Bedlekning aytishicha, suv ombori suvidan energetika ishlab chiqarish, ichimlik suvi, baliqchilik va sug‘orish maqsadlari uchun foydalaniladi.
To‘g‘onda oltita davroza bo‘lib, ochib-yopish avtomat bajariladi. Maksimal suv chiqish hajmi sekundiga 1500 kub metr.
Suv ombori ushbu hududdagi 21 ming gektar yer maydonini sug‘orishga xizmat qiladi.
Frot daryosi bo‘ylab 5 ta to‘g‘on bor. Otaturk to‘g‘oni uchinchisi. Barcha to‘g‘onlar va yirik gidrotexnik inshootlar davlat nazoratida hisoblanadi.
Delegatsiya a’zolari to‘g‘on va suv omborini borib ko‘rdi, turkiyalik mutaxassislar bilan suhbatlashdi. Ularning tajribalarini o‘rgandi, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
Shanliurfada Yaylak sug‘orish tizimi faoliyati bilan tanishildi. Bu tizim 2004 yilda qurilgan bo‘lib, suvni Otaturk to‘g‘onidan oladi. Diametri to‘rt metrlik ikkita tunnel orqali to‘g‘ondan kelayotgan suv nasoslar bilan birinchi bosqichda 22 metr balandlikka ko‘tarib beriladi. Ikkinchi bosqichda 30 metr, uchinchi bosqichda 60 metrga ko‘tariladi. Jami agregatlar soni 86 ta.
Har bir bosqich o‘rtasida 15-20 km masofa bor, ularga suv ochiq kanallar orqali yetib boradi. E’tiborli tomoni har bir bosqichda hovuz bo‘lib, iste’molchilarga suv o‘sha hovuzdan tabiiy bosim bilan yopiq quvurlar orqali yetkaziladi. YA’ni, sug‘orish tizimi tog‘ yon bag‘rida, ekin maydonlaridan tepada joylashgan.
Shanliurfa shahri yaqinidagi Yaylak sug‘orish tizimi to‘liq avtomatlashtirilgan. Tizim davlat mablag‘lari hisobidan qurilgan. Uni Turkiyaning Davlat suv ishlari bosh boshqarmasi nazorat qiladi.
Moliyalashtirish esa iste’molchilardan tushgan mablag‘ hisobiga. Iste’molchilar yomg‘irlatib, tomchilatib sug‘orish tizimiga to‘liq o‘tgan bo‘lib, gidrantlar orqali dalasiga suvni to‘g‘ridan to‘g‘ri oladi. Yopiq sug‘orish tizimi bo‘lgani uchun ariqlardan umuman foydalanilmaydi.
Turkiyada suvga to‘lov qilishda yopiq tizimdagilar gektariga qarab, ochiq tizimdagilar kub metr bo‘yicha haq to‘lar ekan. Bu yerda iste’molchilarga yopiq tizim orqali suv yetkazib berilgani uchun suv narxi gektariga qarab hisoblanadi.
Tizim muhandisi Fehmi Tashning aytishicha, bir yilda 1 gektar maydonni sug‘orishga 37 ming turk lirasi to‘lanadi. Bu 880 AQSH dollariga to‘g‘ri keladi.
Sug‘orish mavsumi mart oyidan boshlanib, oktabrgacha davom etadi. Agar qurg‘oqchilik bo‘lmasa, qish bo‘yi suv olinmaydi. Nasoslar ham ishlatilmaydi.
Yana bir tomoni sug‘orish mavsumi davomida dehqon qachon istasa, shunda suv oladi. Qancha istasa, shuncha suv oladi. Faqat olinadigan suv uchun to‘lovni oldindan amalga oshiradi.
Suv hovuzlarga yig‘ilgani uchun nasoslar kerakli paytda qo‘shiladi. YA’ni hovuzdagi suv sathi meyordan pasayganidan so‘ng nasoslar ishlatiladi.
Yaylak tizimi 16 ming gektar yerga xizmat qiladi. Iste’molchilar soni 7 ming atrofida.
Shanliurfa shahridagi Xarron universitetining Ziroat fakultetida bo‘ldik. Bizni fakultet dekani professor Ahmed Yilmaz boshchiligida professor-o‘qituvchilar kutib oldi.
Fakultetda 5500 nafar talaba o‘qiydi. Tuproqshunoslik, o‘simlikshunoslik, qishloq xo‘jaligi texnikalari kabi 7 yo‘nalishda mutaxassis tayyorlanadi, diplomi Yevropa davlatlariga o‘tadi.
Dunyoda suv resurslari bilan bog‘liq vaziyat, iqlim o‘zgarishining ta’siri, Turkiyada qo‘llanilayotgan suv tejovchi texnologiyalarning turlari haqida taqdimotlar tinglandi.
Turkiyaning Nizap viloyatidagi Suv uyushmasi bosh boshqarmasi Gaziantep shahrida joylashgan. Viloyatning asosiy suv manbasi Frot daryosi. Jami 100 ming gektar sug‘oriladigan yerlar mavjud. Shundan 90 ming gektari pista, 10 ming gektari zaytun maydonlaridan iborat.
Daryodan suv keltiruvchi 15 km va 24 km uzunlikdagi 2 ta kanal mavjud. Kanaldan kelayotgan suv nasos orqali hovuzlarga tashlab beriladi. Yopiq quvurlar orqali dalaga yetkaziladi.
100 ming gektarning hammasi yopiq tizimda sug‘oriladi. Yopiq sug‘orish tarmoqlarining uzunligi 330 km.
Iste’molchi dalasigacha bo‘lgan sug‘orish tarmoqlarini qurish davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Ekspluatatsiya xarajatlari uyushma tomonidan qoplanadi.
Sug‘orish yopiq tizim bo‘lgani uchun iste’molchilar gektariga qarab haq to‘laydi. Suvga iste’molchilar mablag‘ni oldindan to‘laydi. Gidrantlar avtomat ochiladi, yopiladi.
Bu yerda 3000 nafar suv iste’molchisi bor ekan.
Viloyat Suv uyushmasi bosh boshqarmasi rahbari Davlat suv ishlari bosh boshqarmasi tomonidan tayinlanadi. Ekspluatatsiya xarajatlari iste’molchilardan yig‘ilgan mablag‘ hisobidan qoplanadi. Xodimlar sonini ham uyushma o‘z budjetidan kelib chiqib o‘zi belgilaydi.
Delegatsiyamiz a’zolari uyushma rahbariyati bilan muloqot chog‘ida eksluatatsiya xarajatlari, uyushmaning va iste’molchilarning majburiyatlari kabi jihatlarni o‘rgandi.
Izmir shahrida Smart Moe’s firmasida uchrashuv o‘tkazildi. Ushbu firma sug‘orishda foydalaniladigan raqamli texnologiyalarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Misol uchun, tuproq tarkibi, tuzlanish, namlikni o‘lchaydigan texnologiya namoyish etildi. To‘plangan ma’lumotlar bazaga onlayn uzatiladi. Yaratilgan texnologiya 10 yil ishlaydi. Shundan ikki yiliga kafolat beriladi va bepul servis ko‘rsatiladi.
Firmaning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi – texnologiyalarni rivojlantirish orqali suv xo‘jaligi sohasida inson omili ishtirokini kamaytirish.
Shu bilan birga, Izmir shahridagi suv hisoblagichlar ishlab chiqaruvchi “Baylan” kompaniyasi faoliyati bilan tanishildi. 1992 yilda tashkil etilgan bu kompaniyada 1100 nafar xodim ishlaydi. Yopiq sug‘orish tizimlari uchun ham turli o‘lchamdagi hisoblagichlar ishlab chiqaradi. Mahsulotlari dunyoning 90 dan ortiq davlatlarida, shu jumladan, O‘zbekistonda ham sotiladi.
Yangiligi shundaki, hisoblagichlar ultratovushli bo‘lib, suvning har tomchisigacha hisobga oladi. Sug‘orish tarmoqlaridagi gidrantlarga o‘rnatilgan bunday hisoblagichlar masofadan turib, sarflangan suv miqdorini monitoring qilish imkonini beradi.
Delegatsiya a’zolari ishlab chiqarish sexlarini ko‘zdan kechirdi, zavodlar faoliyati haqida ma’lumotga ega bo‘ldi.
Safarimiz qizg‘in, uchrashuvlarga boy tarzda o‘tdi. Sohaga doir ko‘plab yangiliklarni ko‘rdik, bilimlarimizni oshirdik. Turkiya haqida betakror taassurotlarga ega bo‘ldik.
Sh.Suyunov,
Suv xo‘jaligi vazirligi Axborot xizmati boshlig‘i



