STRATEGIYA LOYIHASI MUHOKAMADA
2026-01-23 19:35:00 / Yangiliklar

Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng ko‘p aholi istiqomat qiladigan O‘zbekistonning taraqqiyoti, xalqining farovonligi va osoyishtaligi suv resurslariga ham bog‘liq.
Davlatimiz rahbari Murojaatnomada suv masalasiga alohida e’tibor qaratdilar. “Dunyoda suv tanqisligi muammosi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Shu bois islohotlarimizning ilk kunlaridanoq suvdan oqilona foydalanishni davlat siyosati darajasiga olib chiqdik”, - dedi Prezidentimiz.
Mamlakatimiz taraqqiyotining dasturi hisoblangan muhim hujjat – “O‘zbekiston-2030” strategiyasida ham 4 ta maqsad suv resurslari yo‘nalishi bilan bevosita bog‘liq.
Bugun “Taraqqiyot strategiyasi” markazida takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasining “Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish” yo‘nalishi bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Suv xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi mas’ul xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Prezidentimiz Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida erishilgan ulkan natijalar, yangi ustuvor vazifalar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etayotganini, mamlakatimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotiga daxldor bo‘lgan ushbu hujjat keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, aholimizning fikr-mulohazalari asosida takomillashtirilishi zarurligini ta’kidlagan edilar.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi tayyorlanib, uzbekistan2030.uz va regulation.gov.uz platformalarida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tashabbusi bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida loyihaning suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishida ilgari surilayotgan takliflar haqida so‘z yuritildi.
Suv xo‘jaligi vazirligi Axborot xizmati boshlig‘i Sh.Suyunovning ta’kidlashicha, mamlakatimizda sug‘oriladigan ekin maydonlari 4,3 mln gektarni tashkil etadi. “O‘zbekiston - 2030” strategiyasida qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suv tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan yerlarning umumiy maydonini 2 mln gektargacha yetkazish vazifasi qo‘yilgan.
Amalda 2025-yil oxiriga kelib 2,6 mln gektar maydon, ya’ni sug‘oriladigan yerlarning 60 foizi suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olindi. Strategiyada qo‘yilgan vazifa ortig‘i bilan bajarildi.
Strategiyaning yangi loyihasida 2030-yilgacha qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini suv tejovchi texnologiyalar bilan ta’minlash darajasini 100 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilmoqda. Jumladan, 2026-yilda 65 foizga, 2027-yilda 75 foizga, 2028-yilda 85 foizga, 2029-yilda 95 foizga, 2030-yilga borib 100 foizga yetkazish rejalashtirilayapti.
Bu vazifani bajarish uchun imkoniyatlar yetarli. Agarda 2019-yilda respublikamizda suvni tejaydigan texnologiyalarning butlovchi qismlarini ishlab chiqaradigan 3 ta korxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kundan mahalliy ishlab chiqaruvchilar soni 60 ta yetdi.
Amaldagi strategiyadan farqli ravishda hujjatning yangi loyihasida maqsadlarning samaradorlik ko‘rsatkichlari yillar kesimida aniq belgilab berilayotgani, moliyaviy manbalar, samaradorlik ko‘rsatkichiga erishishga mas’ul idora ko‘rsatilgani ta’kidlandi.
Matbuot anjumanida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi vakillarining ham taqdimotlari tinglandi.
Yakunda mas’ullar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, uzbekistan2030.uz va regulation.gov.uz platformalarida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi bo‘yicha bugungi kunga qadar 2204 ta taklif kelib tushgan.
Jumladan, 62-maqsad – respublikada suvdan oqilona foydalanish madaniyatini va suv ishlatish samaradorligini oshirish bo‘yicha 21 ta fikr bildirilgan.
63-maqsad bo‘yicha 7 ta, 64-maqsad bo‘yicha 4 ta, 65-maqsad bo‘yicha 8 ta fikr kelib tushgan.
Muhokama davom etmoqda.
Siz ham qatnashing, o‘z fikringizni bildiring, Vatandosh!
Axborot xizmati





