MUAMMOLAR OCHIQ AYTILDI, SUSTKASHLIK KESKIN TANQID QILINDI
2026-01-23 18:35:00 / Yangiliklar

Keskin va tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda rivojlantirish jamg‘armalari hisobiga mablag‘ tushirish ishlarida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani, buxgalteriya hisobi va moliyaviy intizomdagi jiddiy kamchiliklar, xarajatlar hisob-kitobida aniqlik va shaffoflikning yetishmasligi keskin tanqid ostiga olindi. Kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish ishlarining qoniqarsiz ahvolda ekani ham alohida qayd etildi.
Shuningdek, ekskavatorlar ish faoliyati samaradorligining pastligi, mavjud texnikalardan to‘liq va maqsadli foydalanilmayotgani yig‘ilish tanqid markazida bo‘ldi.
Kunlik o‘quv seminarlarining ayrim hollarda nomigagina tashkil etilayotgani, ba’zi seminarlar esa faqat hisobot uchun rasmga tushish bilan cheklanayotgani keskin munosabatga sabab bo‘ldi.
— Nomiga o‘tkazilgan seminardan nima foyda? To‘rt tomondan rasmga tushish bilan ish bitmaydi, — deya yig‘ilishda qat’iy fikr bildirildi.
Zarafshon magistral tizimlari boshqarmasiga qarashli jami 73 ta “Aqlli suv” qurilmasidan 57 tasi hozirgi kunda ishlamayotgani ta’kidlanib, mazkur holat sohada raqamlashtirish ishlari sust olib borilayotganidan dalolat ekani qayd etildi.
Shu bilan birga, “Samarqandsuvqurilishinvest” DM tomonidan Prezidentning tegishli qarorlari ijrosi doirasida Qo‘shrabot tumanidagi “Oqtepasoy”ga oqib keluvchi 2 km kanalni betonlash va suv to‘sish inshooti qurish, Ishtixon tumani “Barlos” MFY hududidagi “To‘sinsoy” soyiga suv to‘suvchi inshoot barpo etish, “Yangikent” nasos stansiyasiga suv keltiruvchi 1,5 km kanalni betonlashtirish, Oqdaryo tumanida Oqdaryo daryosining PK10+00 dan PK60+70 gacha bo‘lgan qismini rekonstruksiya qilish, Bulung‘ur tumanida 23,5 km kanalni betonlash, 11,3 km quvur tortish va 2,5 km lotok o‘rnatish orqali 2,2 ming gektar yer maydonining suv ta’minotini yaxshilash, shuningdek, Payariq tumanidagi “Pay” kanalini PK35+00 dan PK183+00 gacha to‘liq rekonstruksiya qilish ishlarida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida ekskavatorlarga GPS qurilmalarini o‘rnatib, ular faoliyatini onlayn monitoring orqali nazorat qilish, ishlarni ikki smenada tashkil etish, betonlashtirish ishlarini jadallashtirish, buxgalteriya hisobini to‘liq raqamlashtirish, moliyaviy hisobotlarni o‘z vaqtida va shaffof yuritish, shuningdek, jamoatchilikka asossiz yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatmaslik bo‘yicha mas’ullarga qat’iy topshiriqlar berildi.
Aniqlangan kamchiliklarni bir hafta muddatda bartaraf etish vazifasi yuklatildi.
N.Shodmonqulov,
Zarafshon ITHB matbuot kotibi




