O‘ZBEKISTON-QOZOG‘ISTON: SUV BO‘YICHA HAMKORLIK MUSTAHKAMLANMOQDA
2026-01-19 10:30:00 / Yangiliklar

Dastlab O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida suv munosabatlarining barcha sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma ishchi komissiyasining 13-yig‘ilishi o‘tkazildi.
O‘zbekiston tomonidan ushbu yig‘ilishda Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev hamda tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat delegatsiya ishtirok etdi.
Yig‘ilishga Qozog‘iston Respublikasi Suv resurslari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov raislik qildi.
So‘zga chiqqan Turkiston viloyati hokimi Nuralxan Kusherov ikki davlat rahbarlarining do‘stona munosabatlari va oqilona siyosati natijasida suv bilan bog‘liq masalalar ijobiy hal bo‘layotganini e’tirof etdi. 2025-yil vegetatsiya mavsumida Qozog‘iston suv yetkazib berishdagi sa’y-harakatlari uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.
Yig‘ilish doirasida Sirdaryo havzasidagi holat, transchegaraviy suv xo‘jaligi obyektlarida suv hisobini monitoring qilish, avtomatlashtirish, kanallarni ta’mirlash, suv tejamkor texnologiyalar hamda chegara hududlarida drenaj suvlarini tartibga solish masalalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, Chordara suv omboriga kelib tushayotgan suv hajmini aniqlashda “Ko‘kbuloq” va “Keles” gidropostlari, shuningdek “Sho‘ruzak” va “Sharqiy” kollektorlarini raqamlashtirishga kelishildi.
Qozog‘iston tomoni 2026-yil yakuniga qadar O‘zbekiston hududiga quyiladigan transchegaraviy kollektorlarda gidropostlar o‘rnatish va tozalash ishlarini amalga oshirishini ma’lum qildi.
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda Qozog‘iston Respublikasidagi loyihalarga o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar va loyihachilarni jalb etish kelishib olindi.
Shu bilan birga, qozog‘istonlik mutaxassislarni O‘zbekistondagi «Suvchilar maktabi» platformasida malaka oshirish va o‘qitish bo‘yicha 2026-yilda ham hamkorlikni davom etish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Markaziy Osiyoda suv-energetika sohasida o‘zaro manfaatli va barqaror hamkorlik masalalari ham muhokama etildi.
Yig‘ilish do‘stona va konstruktiv ruhda bo‘lib o‘tdi hamda uning yakunida tegishli bayonnoma imzolandi.
Axborot xizmati


