MATBUOT ANJUMANIDA YIL SARHISOBI VA KELGUSI REJALAR HAQIDA MA’LUMOT BERILDI
2025-12-25 11:20:00 / Yangiliklar

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B.Yusupov 2025-yil davomida sohadagi islohotlar, hududlarga yetkazib berilgan suv miqdori, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, kanallarni rekonstruksiya qilish borasida amalga oshirilgan tadbirlar xususida axborot berdi.
Ta’kidlanganidek, 2025-yil sug‘orish mavsumida daryolarda suv oqimi meyorga nisbatan 85–90 foiz atrofida bo‘ldi. Joriy yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun respublika bo‘yicha jami 5 mlrd. kub metrdan ortiq suv yetkazib berildi.
Ushbu suv resurslari bilan 53 ming ga maydondagi g‘alla, 80 ming ga paxta, 180 ming ga meva-sabzavot va boshqa ekinlar sug‘orildi. Bundan tashqari, 145 ming ga maydonda sho‘r yuvish va nam suv berish ishlari amalga oshirildi, shundan 21 ming ga maydondagi takroriy ekinlar uchun suv berildi.
Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari zamon talablariga moslab borilayotganligi hamda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilgan fermer va dehqonlar samarasini ko‘rayotganligi natijasida 2019–2025-yillar davomida jami 290 ming 441 gektar maydon suv tejovchi texnologiyalar bilan qamrab olindi, sug‘oriladigan maydonlarga nisbatan ulushi 56 foizga yetkazildi. Jumladan, 24,1 ming gektarda tomchilatib, 7,3 ming gektarda yomg‘irlatib, 614 gektarda diskret va 37,2 ming gektarda boshqa turdagi sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi hamda 221,2 ming gektar yerlar lazer uskunasi yordamida tekislandi.
Bundan tashqari, 2025-yilning o‘zida jami 75,2 ming gektar (rejaga nisbatan 171%) maydonda suv tejovchi texnologiyalar, jumladan, 2,9 ming gektarda tomchilatib sug‘orish, 1,9 ming gektarda yomg‘irlatib sug‘orish hamda 6,1 ming gektar maydon egiluvchan quvurlar orqali va 2,1 ming gektar maydon egatga plyonka to‘shab sug‘orildi va 62,2 ming gektar maydonda lazerli tekislash ishlari amalga oshirildi.
Natijada aynan suv tejovchi texnologiyalar hisobidan 2025-yilda 360 mln. kub metrdan ziyod suv tejalishiga erishildi.
Keyingi yillarda sug‘orish tarmoqlarida suvning yo‘qotilishini kamaytirish va kanallarning foydali ish koeffitsiyentini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Kanallarning betonlashtirilishi natijasida suv yo‘qotilishining oldi olinib, ekin maydonlari, tomorqa yerlariga kafolatli suv yetkazib berishga erishilmoqda va natijada aholi kayfiyati, ularning turmush tarzi va qo‘shimcha daromad olishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
2025-yilda budjet mablag‘lari hisobidan 87,9 mln. so‘m ajratilib, 14 ta loyiha doirasida 45,4 km (shundan, 42,1 km qismi betonlashtirildi) uzunlikdagi kanallar, 7,2 km lotoklar va 2 ta nasos agregatlari, shuningdek 4 ta suv to‘suvchi inshoot qurilib, rekonstruksiya qilindi.
Bundan tashqari, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan mahallalardagi aholi tomorqalarini suv bilan ta’minlash loyihalari uchun budjetdan 198,5 mldr. so‘m mablag‘ ajratildi.
Ushbu dasturga ko‘ra, 89 ta loyiha doirasida 857,2 km uzunlikdagi kanallar, 37 ta sug‘orish qudug‘i, 207 ta nasos agregati hamda 85,5 km bosimli quvurlarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlari bajarildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida 68 270 ta xonadonda istiqomat qiladigan aholining 10,98 ming gektar tomorqasida suv ta’minoti yaxshilanishiga erishildi.
B.Yusupov 2026-yilda suv xo‘jaligida amalga oshirilishi belgilangan asosiy vazifalarga ham to‘xtalib o‘tdi.
Ma’lumot berilishicha, 14,4 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonda suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanishishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 63 ming ga qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida lazerli tekislash ishlari amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan budjetdan ajratiladigan 81,0 mldr. so‘m mablag‘lar hisobiga 44 km uzunlikdagi kanallarni betonlashtirish tadbirlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Xususan, Nukus tumanidagi “Sorali”, Shumanaydagi “Ak jap”, Taxiatosh tumanidagi “Eski Keneges” (2-bosqich), Chimboydagi “Tag‘ jap” kanalida rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish belgilangan.
Shuningdek, 535,7 km uzunlikdagi kanal tozalanadi, 287 dona gidrotexnika inshooti hamda 169 dona gidropost ta’mirlanadi. Tumanlar chegarasida olinayotgan suv miqdorini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyatini yaratuvchi kamida 1 80 ta raqamli suv o‘lchash qurilmalari o‘rnatiladi. Shuningdek, 364 ta meliorativ kuzatuv qudug‘i avtomatlashtirilgan monitoring tizimiga o‘tkaziladi. Shu bilan birga 95 ta nasos agregatining suv sarfi hisobini onlayn rejimda monitoring qilib borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Matbuot anjumanida Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi boshlig‘i v.v.b. N.Aralbayev ham nasos stansiyalari va ularni elektr energiyadan samarali foydalanish borasida yil davomida qilingan ishlar bo‘yicha axborot berdi.
Ma’lumki, Prezidentimiz raisligida 2024-yil 7-noyabrda o‘tkazilgan videoselektorda 2025-yil – suv xo‘jaligida “Nasoslar samaradorligini oshirish yili” deb belgilangan edi. Shundan so‘ng bu borada amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilandi va unga ko‘ra, keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
2025-yilda boshqarma tasarrufidagi nasoslardan 20 tasi energiya tejamkor nasosga almashtiridi. Natijada o‘rtacha 528,1 ming kVt/soat energiya tejaldi. Shuningdek, davlat nasoslariga jami 214 kVt quvvatli quyosh panellarini o‘rnatildi va 408 million kVt/soat energiya tejalishiga erishildi.
E’tiborlisi, so‘nggi paytlarda klaster va fermer xo‘jaliklarida hisobidagi nasos agregatlarini ham energo tejamkorga almashtirish hamda ularga quyosh panellari o‘rnatish borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Agar ma’lumotlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, joriy yilda 6 918 kVt elektr quvvati ishlab chiqaradigan quyosh panellari o‘rnatilgani hisobiga o‘rtacha 3,2 million kVt/soat energiya tejashga erishilgan.
Matbuot konferensiyasining ikkinchi qismi ochiq muloqot tarzida davom etdi. Unda jurnalistlar soha mas’ullariga olis ovullarga suv yetkazish, kanallarni rekonstruksiya qilish, kannallar atrofida daraxt ko‘chatlarini ekish, suv solig‘i va hisob kitobini yuritish masalalari yuzasidan bergan savollariga atroflicha javoblar olishdi.
Tadbir yakunida suvdan samarali foydalanish, sohada amalga oshirilayotgan ishlarni jamoatchilikka keng yoritish bo‘yicha vazirlik bilan ommaviy axborot vositalari vakillari hamkorligini kuchaytirishga kelishib olindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmat






