CHUST TUMANI SUV ISTE’MOLCHILARI BILAN VIDEOMULOQOT O‘TKAZILDI
2025-12-24 17:45:00 / Yangiliklar

Unda Vazirlik ishchi guruhi vakillari, viloyat suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari, tuman hokimi, “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori va mutaxassislari, fermerlar va boshqa suv iste’molchilari, fuqarolik jamiyati instituti va jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Chust tumanida 30 ming gektardan ziyod sug‘oriladigan yer maydonlari bo‘lib, yiliga o‘rtacha 255 mln. kub metr suv iste’mol qilinadi. Suvning 38 foizi nasoslar orqali olinadi.
Tumanda 285 km kanallar, 785 km ichki sug‘orish tarmoqlari, 434 km kollektorlar, 23 ta nasos stansiyalari, 352 ta sug‘orish tik quduqlar mavjud.
Oxirgi yillarda tumanda 25,3 mlrd. so‘m (24,7 mln. so‘m irrigatsiya, 642 mln. so‘m melioratsiya) mablag‘ hisobiga 3 ta irrigatsiya, 1 ta melioratsiya obyektlarida qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilishi natijasida 7900 gektar maydonlarning suv ta’minoti va 560 gektar sug‘oriladigan maydonlarning meliorativ holati yaxshilanishiga erishildi.
Chust tumanidagi “So‘fibobo” kanalining 6,4 km, “Karkidon” kanalining 17,5 km qismi rekonstruksiya qilindi.
“Katta Namangan” magistral kanalining PK-470+00 dagi “Rezaksoy” tashlamasi va dyukeri rekonstruksiya qilindi.
“Baymoq” kollektorlar tizimining 40 km uzunlikdagi qismida ta’mirlash-tiklash ishlari bajarildi.
Videomuloqotda vazirga 15 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Jumladan, “Toymasobod” MFYda yashovchi Sodiqjon Jafarov “Qayrag‘och” arig‘ining sel-toshqin paytida foydalaniladigan tashlamasidagi chiqish qismini betonlashda yordam so‘radi. Bu masalani kuzgi-qishki tadbirlar doirasida hashar yo‘li bilan hal etish bo‘yicha tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasi direktoriga topshiriq berildi.
“Sherbuloq” MFYda yashovchi Lutfullajon Qodirovning sug‘orish tik qudug‘i qurish, “Nor” fermer xo‘jaligi rahbari Fazliddin Usmonovning M-3 kanalini betonlash bo‘yicha murojaatlarini ham ijobiy hal etish bo‘yicha mas’ullarga vazifa yuklatildi.
Videomuloqotda Namangan viloyati tojik milliy madaniy markazi raisi, Nuroniylar Kengashi faoli Abdusattor G‘afurov so‘zga chiqib, aholi farovonligi yo‘lida xizmat qilayotgan, dehqon va mirishkorlarga suvni yetkazib berayotgan soha xodimlariga minnatdorlik bildirdi.
Axborot xizmati




