YOMG‘IR SUVIDAN FOYDALANISH
2025-12-24 12:25:00 / Yangiliklar

So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi, aholi sonining oshib borishi va shaharlarning kengayishi suvga bo‘lgan ehtiyojni yanada kuchaytirmoqda. Ana shunday sharoitda “Yomg‘ir suvlarini yig‘ish va qayta ishlatish tizimini yangi qurilishlar uchun standart sifatida joriy etish” tashabbusi zamonaviy va maqsadga muvofiq yechim hisoblanadi.
Ushbu yondashuv shaharsozlikda barqarorlikni ta’minlash, drenaj tarmoqlariga tushayotgan yuklamani kamaytirish, sug‘orishga sarflanayotgan suvni va ichimlik suvi iste’molini sezilarli darajada qisqartirish imkonini beradi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun tuman (shahar) hokimliklari faoliyatini tubdan takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq amalga oshiriladi.
Farmonga binoan, 2026-yil 1-yanvardan boshlab tajriba-sinov tartibida Prezidentning 2025 yil 8 oktyabrdagi qarorida belgilangan “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomi berilgan 33 ta hudud hamda Surxondaryo viloyatining barcha tuman va shaharlari qamrab olinadi.
Yomg‘ir suvini yig‘ish tizimi (RWH — Rainwater Harvesting) binolarda sodda va samarali texnologik zanjir asosida tashkil etiladi. Tizim yog‘in suvini yig‘ish, tozalash, saqlash va qayta foydalanishni ta’minlaydi.
Asosiy elementlar
- Tom sathi — yog‘ingarchilikni yig‘ish uchun asosiy maydon hisoblanadi.
- Tom novlari (gutterlar) — suvni yig‘ib, belgilangan yo‘nalishga olib boradi.
- First-flush separator — yog‘inning ilk, iflos qismi ajratib tashlanadigan mexanizm.
- Yopiq sisternalar — tozalangan yomg‘ir suvini xavfsiz saqlash uchun xizmat qiladi.
- Quyosh panelida ishlovchi nasoslar — suv uzatish jarayonida energiya tejamkorligi va mustaqillikni ta’minlaydi.
- Infiltratsiya xandaqlari va bio-infiltratsiya quduqlari — ortiqcha suvni yerga singdirish orqali yer osti suvlarini to‘yintirishga xizmat qiladi.
Iqtisodiy va ekologik salohiyat
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, 100 m² tom maydoniga yillik 300 mm yog‘in tushganda, taxminan 30 ming litr yomg‘ir suvini yig‘ish mumkin. 500 m² tomli, 5 qavatli (18 xonadonli) bino yiliga o‘rtacha 150 ming litr texnik suv zaxirasini hosil qiladi. Yomg‘ir suvidan bog‘dorchilik, avtomashina yuvish, sovitish jarayonlari va sanitariya (flush) tizimlarida foydalanish natijasida har bir xonadonda ichimlik suvi iste’moli 30–50 foizgacha kamayadi.To‘plangan suv zaxirasi kommunal uzilishlar vaqtida 2–3 haftagacha avtonom ta’minotni ta’minlay oladi. Shu bilan birga, hovlidagi daraxtlar, butalar, gullar va boshqa turdagi ekinlarni sug‘orishda qo‘shimcha imkoniyat yaratiladi.
Tizim keng joriy etilganda, infiltratsiya orqali yer osti suvlari to‘yinishi 15–25 foizgacha oshadi. 10 ming xonadonda ushbu tizim joriy etilsa, yiliga 180 ming m³ dan ortiq suv tejaladi.
Kutilayotgan asosiy natijalar
Yomg‘ir suvini yig‘ish va qayta ishlatish tizimini joriy etish iqtisodiy va ekologik jihatdan qator ijobiy natijalarni ta’minlaydi:
- Ichimlik suvi sarfi 30–50 foizgacha qisqaradi, bu aholi uchun tejamkorlikni oshiradi.
- Texnik ehtiyojlarning 70–100 foizi yomg‘ir suvi hisobiga qoplanadi, ichimlik suviga tushadigan bosim kamayadi.
- Drenaj tizimiga tushadigan yuklama 30–35 foizga kamayib, suv oqovalari bilan bog‘liq xavflar pasayadi.
- Har bir xonadon uchun yillik iqtisodiy foyda o‘rtacha 120–250 ming so‘mni tashkil etadi.
- Yer osti suvlari infiltratsiya orqali 15–25 foizgacha to‘yintiriladi, bu ekologik barqarorlikni mustahkamlaydi.
Xalqaro tajriba
Yomg‘ir suvini samarali boshqarish bo‘yicha qator davlatlarda muvaffaqiyatli tajribalar mavjud. Masalan, Singapurda texnik suvning 45 foizi yomg‘ir suvi hisobiga qoplanadi. Germaniya shaharlarida bog‘dorchilik va sanitariya tizimlari avtonom yomg‘ir suvini qayta ishlash modullariga ulangan. Yaponiya amaliyoti orqali toshqin yuklamasi 25–30 foizgacha kamaytirilgan.
Xulosa qilib aytganda, yomg‘ir suvini yig‘ish va qayta ishlatish tizimini yangi quriladigan binolar uchun majburiy standart sifatida joriy etish Yangi O‘zbekiston shaharlarining barqaror rivojlanishida muhim qadam bo‘ladi.
Bu yondashuv ichimlik suvini tejash, iqtisodiy samara yaratish, muhandislik va drenaj infratuzilmasiga tushadigan yuklamani kamaytirish, yer osti suvlari zaxirasini to‘yintirish hamda shahar va tuman ekotizimini yaxshilashga kompleks ta’sir ko‘rsatadi.
Natijada, mazkur tizim ekologik barqarorlik, resurs tejamkorligi va zamonaviy shaharsozlik talablariga javob beradigan yangi standart sifatida shakllanishi mumkin.
Muxsiddin Nizomiddinov
