PARLAMENTDA SUV XO‘JALIGI VAZIRINING AXBOROTI TINGLANDI
2025-12-12 11:55:00 / Yangiliklar

Mintaqamizda suv taqchilligi yildan-yilga ortib, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining suvga bo‘lgan ehtiyoji izchil o‘sib borayotgan hozirgi sharoitda mavjud suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biriga aylanib bormoqda.
2025-yil yozgi sug‘orish mavsumida daryolarda suv oqimi meyorga nisbatan 93 foizdan 65 foizgacha kam bo‘ldi.
Joriy yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun respublika bo‘yicha jami 40,2 mlrd. kub metr suv yetkazib berildi.
Bundan tashqari, 500 ming gayektarda sho‘r yuvish va nam suv berish ishlari amalga oshirildi, shundan 922 ming gektar maydondagi takroriy ekinlar uchun suv berildi.
Yil boshida suv omborlarida suv zaxirasi yetarli darajada yaratilganligi, kanallarni betonlashtirish va suv tejovchi texnologiyalar qamrovini kengaytirish hisobiga sug‘orish mavsumida qiyinchiliklar nisbatan kam bo‘ldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘nggi yillarda suv xo‘jaligi tizimini tubdan isloh qilish, mavjud suv zaxiralaridan tejamkorlik asosida foydalanishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlat rahbarimiz joriy yil 15-avgustdagi PQ-250-sonli qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025–2028 yillarga mo‘ljallangan dasturi”ni tasdiqladi.
Dastur O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi hamda “O‘zbekiston–2030” strategiyasida belgilangan chora-tadbirlar, maqsadli ko‘rsatkichlar hamda parametrlarga erishishga qaratilgan.
Axborotda keltirilganidek, sohani modernizatsiya qilish uchun 2020–2024 yillar davomida 60 trln so‘m budjet mablag‘lari hamda 622 mln. dollar xorijiy investitsiyalar yo‘naltirildi.
Xususan, 2025-yilda irrigatsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga 1 trln. 356 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan.
Shundan, joriy yilning 1 dekabr holatiga 1 trln. 203 mlrd. so‘m o‘zlashtirilib, 553,6 km kanal, 24,8 km lotok tarmoqlari, 40,4 m3/sek. suv chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan nasos stansiyalar, 46,7 km bosimli quvurlar, 45 ta sug‘orish quduqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, melioratsiya obyektlarida 95,3 mlrd. so‘m hisobiga 295,5 km kollektor-drenaj tarmoqlari rekonstruksiya qilindi.
11 oy davomida 4 944 km kanallarni tozalash, 5 264 dona gidrotexnikа inshooti va 5 091 dona gidropostlarni ta’mirlash ishlari olib borildi.
Vazirlik tizimidagi nasos stansiyalarida 157 ta nasos hamda 166 ta elektrodvigatel yangisiga almashtirildi. 165 ta kondensator, 135 ta chastota o‘zgartiruvchi qurilma, 752 kVt quyosh panellari hamda 27 ta quyosh suv isitkichlari o‘rnatildi.
Joriy yilda nasos stansiyalar va tik quduqlarni ishlatish uchun 6,8 mlrd. kVt/soat elektr energiya limiti ajratilgan bo‘lib, 1-dekabr holatiga 6 mlrd. kVt/soat elektr energiya sarflandi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 197 mln. kVt/soat elektr energiyasi tejaldi.
Taqqoslaydigan bo‘lsak, nasos stansiyalari 2018-yilda 8,3 mlrd. kVt/soat elektr energiyasi sarflagan, 2025-yil yakuni bo‘yicha 6,5 mlrd. kVt/soat bo‘lishi kutilmoqda. Ya’ni, 7 yil ichida elektr energiyasi iste’molini 1,8 mlrd. kVt/soat kamaytirishga erishildi.
Suv xo‘jaligi sohasida samaradorlik va natijadorlikka erishishning birdan-bir yo‘li – raqamlashtirish. Bu orqali shaffoflik va aniqlik ta’minlanadi, korrupsiyaning oldi olinadi.
Oxirgi to‘rt yilda 13 254 ta suv olish nuqtalarida “Aqlli suv”, 10 983 ta meliorativ kuzatuv qudug‘ida sizot suvlari ko‘rsatkichlari va yerlarning minerallashganlik darajasini nazorat qiluvchi “DIVER” qurilmasi, 1 749 ta nasos stansiyalarda suv sarfini monitoring qilish qurilmalari o‘rnatildi. 100 ta yirik suv xo‘jaligi obyektining boshqaruvi avtomatlashtirildi.
Joriy yilning o‘zida 16 ta (rejaga nisbatan 125%) yirik suv xo‘jaligi obyektlari raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirilgan boshqaruvga o‘tkazildi.
Suv xo‘jaligi vazirligi huzurida “Vaziyatlar markazi” tashkil etildi. Sohada mavjud 10 ta axborot tizimlari takomillashtirilib, ma’lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish va tahlil qilish imkonini beruvchi “Raqamli suv xo‘jaligi” yagona platformasi ishga tushirildi.
Bu ishlarni tizimli amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 13-oktabrdagi PF-183-sonli Farmoni asosida vazirlik huzurida “Suv xo‘jaligini raqamlashtirish va monitoring markazi” davlat muassasasi tashkil etildi.
Suv xo‘jaligida budjet yuklamalarini kamaytirish maqsadida davlat-xususiy sheriklik loyihalariga alohida urg‘u berilayapti.
2020–2025 yillarda umumiy qiymati 5,2 trln. so‘mlik jami 478 ta DXSH loyihalari bo‘yicha bitimlar tuzilib, xususiy sheriklar tomonidan 176 mlrd. so‘mlik investitsiyalar kiritildi.
Jumladan, joriy yilda 34 ta nasos stansiya va 9 ta quduq bo‘yicha 5 ta loyiha bitimlari imzolanib, reyestrga kiritildi.
Shu bilan birga, yagona suv iste’molchiga xizmat ko‘rsatadigan sug‘orish quduqlarini DXSH shartlari asosida boshqaruvga berish yuzasidan 1458 ta loyihalar (2073 ta sug‘orish quduqlari) bo‘yicha bitimlar imzolangan.
Hamma narsani kadrlar hal qiladi. 2025 yilda reja bo‘yicha 500 nafar oliy ma’lumotli mutaxassis kadrlarni ishga qabul qilish belgilangan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida tizim tashkilotlari tomonidan 625 ta oliy ma’lumotli mutaxassislar ishga qabul qilindi.
2025-yilda 41 ta ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari ishlari amalga oshirildi.
Suv resurslarini tejash va undan oqilona foydalanishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari zamon talablariga moslab borilayotganligi hamda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilgan fermer va dehqonlar samarasini ko‘rayotganligi natijasida jami 2,6 mln gektar maydon suv tejovchi texnologiyalar bilan qamrab olindi, sug‘oriladigan maydonlarga nisbatan ulushi 60 foizga yetkazildi.
Jumladan, 664 ming gektarda tomchilatib, 121 ming gektarda yomg‘irlatib, 73 ming gektarda diskret va 123 ming gektarda boshqa turdagi sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi hamda 1,6 mln gektar yerlar lazer uskunasi yordamida tekislandi.
2025-yilning o‘zida jami 817,2 ming gektar (rejaga nisbatan 168%) maydonlarda suv tejovchi texnologiyalar, jumladan, 103,2 ming gektarda tomchilatib sug‘orish, 30,7 ming gektarda yomg‘irlatib sug‘orish, 13,7 ming gektarda diskret sug‘orish texnologiyasi joriy qilindi hamda 74 ming gektar maydon egiluvchan quvurlar orqali va 49 ming gektar maydon egatga plyonka to‘shab sug‘orildi va 546 ming gektar maydonda lazerli tekislash ishlari amalga oshirildi.
Natijada aynan suv tejovchi texnologiyalar hisobidan 2025-yilda 2,3 mlrd. kub metr tejalishiga erishildi.
Tahlillarga asosan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish suv resurslarini 45–50 foizga, yoqilg‘i moylash materiallari va mineral o‘g‘itlarni 25–35 foizga va boshqa mexanizatsiya xizmatlari xarajatlarini iqtisod qilish bilan birga hosildorlikni 15-20 foizgacha oshirmoqda.
Misol uchun, Koson tumanidagi “Koson” va “Asl Najim”, Jizzax viloyati Zafarobod tumanidagi “Forish yullari” fermer xo‘jaliklari tomonidan paxtani tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish hisobiga gektariga o‘rtacha 80-85 sentner hosil olgan (avval ushbu maydonlardan 25–30 sentner hosil olingan).
Mirzaobod tumanidagi “Sirdaryo Jingo” MCHJ 1 000 gektar paxta maydonlarida 2025-yilda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish hisobiga 3,25 mln. metr kub suvni tejash bilan birga yonilg‘i-moylash materiallari va mineral o‘g‘itlarni 25-35 foizga iqtisod qilishga erishib, gektariga o‘rtacha 55–60 sentner hosil olgan.
Joriy yilda 28,1 ming gektar paxta maydonlarida joriy qilingan tomchilatib va diskret sug‘orish texnologiyalari uchun jami 289,4 mlrd. so‘m subsidiya mablag‘lari ajratib berildi.
Respublikamizda 4,3 mln. gektar sug‘oriladigan yer maydonlariga suv yetkazib berish uchun jami 173,5 ming km kanallar va sug‘orish tarmoqlari xizmat qiladi.
Shundan, 28,7 ming km magistral va xo‘jaliklararo, 48,6 ming km tumanlar “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari hisobidagi kanallar hamda 96,1 ming km klaster va fermer xo‘jaliklari hisobidagi ichki sug‘orish tarmoqlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
2020–2025 yillarda davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 2,8 trln. so‘m ajratilib, 3,1 ming km kanallar va sug‘orish tarmoqlari rekonstruksiya qilindi, shundan, 1870 km kanallar betonlashtirildi hamda 516 km lotok va yopiq quvurli sug‘orish tarmoqlari yangilandi.
Bundan tashqari, so‘nggi 5 yilda xorijiy investitsiyalar hisobidan 10 ta loyiha doirasida jami 708 mln. dollar mablag‘lar yo‘naltirilib, 1,2 ming km kanallar va ulardagi 2,5 ming ta gidrotexnika inshootlari rekonstruksiya qilindi, 26 ta nasos stansiyasi to‘liq modernizatsiya qilindi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida yiliga o‘rtacha 1 mlrd kub metr suv yo‘qotilishi oldi olinishiga erishildi.
2025-yilda budjet mablag‘lari hisobidan 824 mlrd. so‘m ajratilib, 77 ta loyiha doirasida 574 km (shundan, 533 km qismi betonlashtirildi) kanallar, 21 km lotok, 49,3 km yopiq sug‘orish tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilindi.
Xorijiy investitsiyalar hisobidan 70 km, “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari hisobidan 5 ming km kanallar va klaster va fermer xo‘jaliklari tomonidan 20 ming km ichki sug‘orish tarmoqlari betonlashtirildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida 364 ming gektar yerlarning suv ta’minoti yaxshilandi, 13 ming gektar yerlar qayta foydalanishga kiritildi, suvning yerga shimilib ketishi (filtratsiya bo‘lishi) keskin kamayib, ekin maydonlariga yetkazib berish muddati 2–3 barobarga qisqarishiga erishildi.
Bundan tashqari, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan mahallalardagi aholi tomorqalarini suv bilan ta’minlash loyihalari uchun budjetdan 1,2 trln. so‘m mablag‘ ajratildi.
Ushbu dasturga ko‘ra, 886 ta loyiha doirasida 1850,9 km kanallar, 202,1 km lotok tarmoqlari, 844 ta sug‘orish qudug‘i, 438 ta nasos agregati, 2,9 km kollektor tarmog‘i, 2 ta meliorativ tik quduq, 14 ta gidrotexnika inshooti hamda 385,2 km bosimli quvurlarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlari bajarildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida 494,3 mingta xonadonda istiqomat qiladigan 2 million 651 ming nafar aholining 88 ming gektar tomorqasida suv ta’minoti yaxshilanishiga erishildi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-oktabrdagi 665-sonli qarori bilan “Budjet tizimi budjetlari hisobidan qurilish va rekonstruksiya ishlari sug‘orish mavsumi bo‘lmagan davrda bajariladigan irrigatsiya tizimi obyektlarini moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
2026-yilda kanallarni va sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha manzilli ro‘yxatga kiritilishi rejalashtirilgan 70 ta obyektda qurilish ishlarini joriy yilda boshlash uchun 120,9 mlrd. so‘m mablag‘ ajratib berildi.
Hozirda 164 km uzunlikdagi kanallarda yer ishlari va 76 km uzunlikda betonlash ishlari bajarilgan, shuningdek, 2,2 km uzunlikda lotok tarmoqlari rekonstruksiya qilinib, qurilish ishlari davom ettirilmoqda.
Ushbu obyektlarda qurilish ishlari vegetatsiya mavsumiga qadar to‘liq yakunlash hamda 550 km kanallarni betonlashtirish choralari ko‘riladi.
2025-yil 30-iyulda O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksi tasdiqlandi.
Qonun bilan respublikada suv munosabatlari sohasidagi asosiy huquqiy hujjatlar tizimlashtirildi, xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 8 ta farmoni va 14 ta qarori hamda Hukumatning 26 ta qarorlaridagi normalar birlashtirildi.
Kelgusi yilda vazirlik oldida turgan vazifalar va amalga oshiriladigan chora-tadbirlar:
503 ming gektar sug‘oriladigan maydonlarda, shundan 75,4 ming gektarda tomchilatib, 34,6 ming gektarda yomg‘irlatib va 28,9 ming gektar maydonda diskret, shuningdek, 164,1 ming gektar maydonda boshqa sug‘orish texnologiyalari joriy qilinadi.
Bundan tashqari, 200 ming ga qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida lazerli tekislash ishlari amalga oshiriladi.
Budjetdan ajratiladigan 1,6 trln. so‘m (1,4 trln. so‘m irrigatsiya, 170 mlrd. so‘m melioratsiya) mablag‘lar hisobiga irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari amalga oshirish rejalashtirilgan.
Bunda, 642 km kanallar, 35,2 km lotok tarmoqlari, 51,3 km yopiq sug‘orish tarmoqlari, 22 ta gidrotexnika inshooti, 24 ta sug‘orish qudug‘i, 17,3 m3/sek suv chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan nasos stansiyalar, 31,8 km bosimli quvurlar, 247,8 km ochiq va 78,7 km yopiq-yotiq kollektor drenaj tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, 5 343 km uzunlikdagi kanal tozalanadi, 5 437 dona gidrotexnika inshooti hamda 5 272 dona gidropost ta’mirlanadi va tiklanadi.
Natijada kanallarning foydali ish koeffitsiyenti 0,67 dan 0,68 gacha oshiriladi, 332,8 ming gektar maydonlarning suv ta’minoti, 54,2 ming gektar maydonlarning meliorativ holati yaxshilanib, 249 mln. m3 suv yo‘qotishlarning oldi olinishiga erishiladi.
Xorijiy investitsiyalar hisobidan 190,5 mln. AQSh dollari o‘zlashtiriladi.
500 km kanal va 30 ta gidrotexnik inshoot rekonsturksiya qilinadi, 30 ta nasos stansiyalarining agregatlari modernizatsiya qilinadi.
Natijada 101,4 ming gektardan ortiq maydonning suv ta’minoti yaxshilanadi.
Nasos stansiyalardagi eskirgan 156 ta nasos va 149 ta elektrodvigatellar zamonaviy energiya tejamkorlariga almashtiriladi, 67 ta kondensator, 84 ta chastota o‘zgaruvchi qurilmalari, 60 ta quyosh panellari va 26 ta quyosh suv isitkichlari o‘rnatiladi.
Ushbu tadbirlar natijasida nasos stansiyalarning yillik elektr energiya iste’moli 6,4 mlrd. kVt/soatgacha kamaytiriladi.
Respublika chegarasida olinayotgan suv miqdorini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyatini yaratuvchi kamida 300 ta raqamli suv o‘lchash qurilmalari o‘rnatiladi.
Tumanlar chegarasida olinayotgan suv miqdorini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyatini yaratuvchi kamida 1 895 ta raqamli suv o‘lchash qurilmalari o‘rnatiladi.
2 952 ta meliorativ kuzatuv qudug‘i avtomatlashtirilgan monitoring tizimiga o‘tkaziladi.
604 ta nasos agregatining suv sarfi hisobini onlayn rejimda monitoring qilib borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqarish amaliyoti kengaytiriladi.
Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand va Sirdaryo viloyatlaridagi nasos stansiyalarning 50 foiz nasos stansiyalari xususiy sheriklikka beriladi.
Bu borada Namangan viloyatining Chortoq tumanida “bir nasos – bir tizim” tamoyili asosida “Chortoq tajribasi” amalga oshiriladi. Bunda xususiy sherik iste’molchilarni suv limiti doirasida suv bilan ta’minlaydi, nasoslarga bog‘langan maydonlardan hisoblangan suv solig‘ining 40 foizi xususiy sherikka to‘lab beriladi.
Ushbu mablag‘lar hisobiga suv hisobini avtomatlashtirish va nasos stansiyalarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish yo‘lga qo‘yiladi.
Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan tizimda olib borilayotgan ishlarni jadallashtirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy qilishni yanada kengaytirish, suv xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilayotgan budjet mablag‘larini o‘z vaqtida o‘zlashtirish hamda asosiy maqsadli ko‘rsatkich va indikatorlarga erishish choralarini ko‘rish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.
Majlisda Suv xo‘jaligi vazirining axboroti ma’lumot uchun qabul qilindi va kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olindi.
Axborot xizmati


