VAZIRLIKDA MA’NAVIY-MA’RIFIY TADBIR O‘TKAZILDI
2025-12-05 10:05:00 / Yangiliklar

8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun.
Hayotimiz qomusi bo‘lgan Konstitutsiyamiz mustaqillik davrida erishgan barcha yutuq va marralarimizning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib kelayotganini hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.
Insonni e’zozlash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha Asosiy qonunimizda muhrlab qo‘yilgan ustuvor tamoyillarni hayotimizga izchil tatbiq etish borasida hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yurtimizda keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Konstitutsiyamizning 68-moddasida “Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir” deb belgilab qo‘yilgan.
Tadbirda dastlab Konstitutsiyamizning hayotimizda tutgan o‘rni haqida so‘z yuritildi. Unda so‘zga chiqqan Suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Rustam Qarshiyev bu yil O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksi qabul qilinganiga e’tiborni qaratdi.
Kodeks bilan suv munosabatlari sohasida mamlakatimizdagi asosiy huquqiy hujjatlar tizimlashtirildi, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonun, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 8 ta farmoni va 14 ta qarori hamda Hukumatning 26 ta qarorlaridagi normalar birlashtirildi.
Yangi kodeks suv, suv obyektlari, suv xo‘jaligi obyektlari va suv fondi yerlaridan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Kodeks sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash barobarida korrpupsiyaning oldini olishga xizmat qiladi.
9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni.
Butunjahon iqtisodiy forumi ma’lumotiga ko‘ra, korrupsiya sababli jahon iqtisodiyoti har yili 2,6 trln. AQSH dollari miqdorida zarar ko‘radi. Bu global YAIMning 5 foiziga teng.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hamda ochiqlik bo‘yicha xalqaro reyting va indekslardagi O‘zbekistonning o‘rni yaxshilanib bormoqda.
10-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun.
Davlat madhiyasining muallifi O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov bo‘lib, musiqasini O‘zbekiston xalq artisti, atoqli bastakor Mutal Burhonov yaratgan. Madhiyada xalqimizning ezgu orzu-umidlari, kelajakka mustahkam ishonchi teran ifodalangan. Unda boy o‘tmishimiz, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg‘ular tarannum etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi yoshlarda Vatanga muhabbat, boy tariximizga, milliy o‘zligimizga chuqur hurmatni shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama barkamol va yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishida muhim tarbiyaviy vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisining Yoshlar va ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Gulshana Xudoyarova, O‘zLiDeP Amaliy loyihalar va siyosiy ta’lim markazi rahbari Nasimjon Alimov, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi professori, polkovnik Sharif Qobilov mavzular bo‘yicha ma’ruza va taqdimotlar qilishdi.
Axborot xizmati






