JAMOATCHILIK VAKILLARI “SUV XO‘JALIGIDA VAZIYATLAR MARKAZI” BILAN TANISHDI
2025-12-04 17:40:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbari boshchiligida suv xo‘jaligi tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligi, xususan, iqtisodiyot tarmoqlari va aholining sug‘orish suviga bo‘lgan talabini qondirish, obi hayotdan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash, soha boshqaruvini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlandi.
Yirik o‘lchamli monitorlar bilan jihozlangan ikkita vaziyatlar xonalarida suv va energiya resurslari hisobi hamda suv xo‘jaligi sohasiga ajratilgan mablag‘lardan to‘g‘ri va maqsadli foydalanish bog‘liq jarayonlarning monitoringi yuritiladi.
Shu bilan birga, sohada mavjud barcha dasturiy ta’minotlar ma’lumotlarini yig‘ish, umumlashtirish va tahlil qilish imkonini beruvchi “Raqamli suv xo‘jaligi” yagona platformasi ishlab chiqildi.
Natijada suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha kunlik, operativ (tezkor) ma’lumotlarni tunu-kun olish imkoniyati yanada oshirildi, respublikada mavjud 630 mingdan ortiq suv iste’molchilari kesimida suv olish limitlarini belgilash, ularni tuman Xalq deputatlari kengashi bilan kelish jarayonlari to‘liq elektron ko‘rinishga o‘tkazildi.
– Vaziyatlar markazi bizda juda katta taassurot qoldirdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi Gulshana Xudoyarova. – Suv yetkazib berishda agroklaster, fermer va dehqon xo‘jaliklari bilan shartnomalarni tuzish va dalolatnomalarni rasmiylashtirishni elektron tizim orqali amalga oshirish yo‘lga qo‘yilgan. Bu shaffoflikni ta’minlash va korrupsiyaning oldini olishga yorqin misoldir.
Bundan tashqari, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan nasos stansiyalarda o‘rnatilgan 8 mingdan ortiq elektr hisoblagichlar ma’lumotlari “Nasos stansiyalari” axborot tizimiga bog‘lanib, sarflanayotgan elektr energiya resurslarini elektron hisobini yuritish imkoniyati yaratilgan.
Yerlarning meliorativ holati monitoringini yuritish, suv xo‘jaligi obyektlarining texnik holatini nazorat qilish hamda suv kadastri va suv balanslarini yuritish, suv xo‘jaligi jarayonlarini bir joydan kuzatish va boshqarish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Tadbir O‘zLiDeP Mirzo Ulug‘bek tumani kengashi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Axborot xizmati






