HUDUDIY SUV XO‘JALIGI TASHKILOTLARI RAHBARLARI UCHUN O‘QUV KURSLARI BOSHLANDI
2025-11-27 11:05:00 / Yangiliklar

Suv xo‘jaligi sohasida ham rahbarlar, mutaxassislar, xodimlarning bilim va malakasini oshirish muntazam yo‘lga qo‘yilgan.
An’anaga ko‘ra, bu yil ham sug‘orish mavsumi yakuniga yetganidan so‘ng hududiy tashkilotlar rahbarlari uchun 3 kunlik o‘quv kurslari tashkil etildi.
Tadbirning ochilish marosimida Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev, Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimi H.Mardonov, vazir o‘rinbosarlari ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
Vazir Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan sohada keng ko‘lamli islohotlar olib borilayotgani va ular o‘zining amaliy natijalarini berayotganini e’tirof etdi.
Prezidentimiz joriy yil 16-noyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvidagi nutqida mintaqada suv taqchilligi tobora o‘sib borayotgani va uning barqaror rivojlanishdagi salbiy oqibatlarini hisobga olib, 2026–2036 yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilishni taklif etdi. Bu taklif Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.
Vazirning ta’kidlashicha, 10 yillikda nafaqat O‘zbekiston, butun mintaqa mamlakatlari suv xo‘jaligi sohasida ulkan o‘zgarishlar bo‘ladi. Bu suvchilar uchun katta mas’uliyat yuklaydi.
Toshkentdagi Suvchilar maktabida bo‘lib o‘tayotgan o‘quv kurslariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri, viloyatlar irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, nasos stansiyalari va energetika boshqarmalari, respublika ahamiyatidagi yirik suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari jalb etilgan.
Malaka oshirish kurslari O‘zbekiston Respublikasi Suv kodeksi va uning mazmun-mohiyati haqidagi ma’ruza bilan boshlandi.
Axborot xizmati




