SUV VA SALOMATLIK MASALALARI MUHOKAMA QILINDI
2025-11-25 16:55:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda O‘zbekiston BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosining Suv va sog‘liqni saqlash muammolari bo‘yicha protokoliga qo‘shilgan dunyodagi yigirma to‘qqizinchi va Markaziy Osiyodagi birinchi davlatga aylangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Protokolga qo‘shilish O‘zbekistonning soni o‘sib borayotgan aholisini suv bilan yuqadigan kasalliklardan himoya qilish hamda suv ta’minoti, sanitariya, gigiyena va sog‘liqni saqlash sohalaridagi harakatlarni yanada rag‘batlantirish va maqbullashtirishga xizmat qiladi.
Uchrashuvda tomonlar suv resurslarini samarali boshqarish, ichimlik suvi sifatini yaxshilash va aholining sanitariya-gigiyena sharoitlarini takomillashtirish borasida BMTning Yevropa Iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlik muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etdi.
Uchrashuvda Protokolning milliy maqsadlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va ularni indikatorlar asosida baholash, suv xavfsizligi rejalarini keng joriy etish hamda texnik yordam va salohiyatni oshirish bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirish, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida suv va salomatlik sohasidagi mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish kabi qator masalalar muhokama etildi.
Axborot xizmati


