O‘ZBEKISTON–TURKMANISTON: DO‘STLIK RISHTALARI MUSTAHKAMLANMOQDA
2025-11-17 15:15:00 / Yangiliklar

Oliy darajadagi tashriflar muntazamlik kasb etgani davlatlararo munosabatlar yuksak darajada ekanidan dalolatdir. Davlatlarimiz savdo-iqtisodiyot, neft-kimyo, transport kommunikatsiyalari, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, turizm kabi sohalar bilan birga suv xo‘jaligi yo‘nalishida ham hamkorlikni rivojlantirmoqda.
Bugungi kunda Amudaryodan Surxondaryo viloyatida Amu-Zang, Qashqadaryo viloyatida Qarshi magistral kanali nasos stansiyalari kaskadi, Buxoro viloyatida Amu-Buxoro mashina kanali nasos stansiyasi orqali suv olinadi. O‘z navbatida, Qarshi magistral kanali orqali Turkmaniston hududiga suv yetkazib beriladi. Qarshi magistral kanali nasos stansiyalari kaskadining 6 ta nasos stansiyasi Turkmaniston hududida joylashgan bo‘lib, o‘zbekistonlik suvchilar qo‘shni davlat hududiga o‘tib, ularni ishlatadi.
Turkmaniston Amudaryodan o‘z hududidagi Qoraqum va boshqa kanallar hamda kichik nasos stansiyalari orqali suv oladi.
O‘zbekistonning Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Turkmanistonning Toshovuz viloyati hududlarini suv bilan ta’minlovchi Tuyamo‘yin suv ombori ikki mamlakat chegara hududlarida joylashgan. Undan chiqariladigan suv “Turkmandaryo” hamda “Chapqirg‘oq” magistral kanallari, shuningdek, Tuyamo‘yin gidrouzelining pastki qismi, Amudaryoning chap tomonidan “Xonyop”, “Jumaboy soqa”, “Qilichniyazboy” va “Qipchoq-Bo‘zsuv” kanallari orqali Toshovuz viloyati hududlariga yetkazib beriladi.
2021-yil 26-may kuni Ashxobod shahrida O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Turkmaniston hukumati o‘rtasida Suv masalalari bo‘yicha O‘zbekiston–Turkmaniston hukumatlararo qo‘shma komissiyasi to‘g‘risida hamda “Tuyamo‘yin” gidrouzeli “Sultonsanjar” to‘g‘onida suv filtratsiyasiga qarshi devor qurish loyihasi yuzasidan bitimlar imzolangan.
Bugungi kungacha Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiyasining 4 ta yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan, 2025-yilda navbatdagi qo‘shma komissiyani Toshkent shahrida o‘tkazish rejalashtirilgan.
“Tuyamo‘yin” gidrouzeli “Sultonsanjar” to‘g‘onida suv filtratsiyasiga qarshi devor qurish loyihasini amalga oshirish natijasida, qo‘shimcha 1 mlrd kub metr suv to‘plashga, shuningdek 1,2 mln gektar yer maydonlarining suv ta’minotini yaxshilashga hamda kafolatli ichimlik suvi zaxirasini oshirishga erishiladi.
Shu bilan birga, sel-toshqin suvlari xavfi pasaytirilib, qo‘shimcha suv yig‘ish imkoniyati yanada ortadi.
Undan tashqari, ikki tomonlama Hukumatlararo qo‘shma komissiya doirasida Turkmanistonda joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi obyektlarini xatlovdan o‘tkazish hamda 2019-yil COVID-19 sababli o‘z faoliyatini to‘xtatgan nazorat o‘tkazish punktlari faoliyatini suv xo‘jaligi obyektlarida xizmat qiluvchi ishchi-xodimlar uchun qayta tiklash masalalari ham ijobiy hal etib kelinmoqda.
O‘zbekiston ‑ Turkmaniston hukumatlararo qo‘shma komissiyasi doirasida 2021-yil 5-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va Turkmaniston Suv xo‘jaligi davlat qo‘mitasi o‘rtasida suvni tejaydigan texnologiyalar sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan.
Bundan tashqari, Qarshi magistral kanalidan suv olish nuqtalarini xatlovdan o‘tkazish hamda Turkmaniston Davlat suv xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish instituti, “Turkmensuvilimtaslama” loyiha instituti va O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish masalalarida kelishuvlarga erishilgan.
Ikki tomonlama hamkorlik doirasida 2025-yilda Turkmaniston hududidagi “Ozyorniy” hamda “Daryolik” magistral kollektorlarini rekonstruksiya qilish (2-bosqich) loyihalari amalga oshirildi. Ikkala mamlakat sug‘oriladigan yer maydonlarining meliorativ holatini yaxshilashda samara bergani uchun mazkur loyihani 2026 yilda ham davom ettirish rejalashtirilgan.
Turkmaniston suv xo‘jaligi sohasi bilan kadrlar tayyorlash bo‘yicha ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy-tadqiqot universitetida 2000 nafarga yaqin turkman talabalari tahsil olib kelmoqda.
Undan tashqari Qarshi magistral kanallaridan foydalanish boshqarmasi, Amu-Buxoro mashina kanallaridan foydalanish boshqarmalari tasarrufida Turkmanistonning 700 nafarga yaqin fuqarolari o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan birgalikda faoliyat olib bormoqda.
Suv mamlakatlarning rivojlanishini, xalqlarning farovonligini belgilovchi muhim ne’mat. O‘zbekiston va Turkmaniston transchegaraviy daryo suvlaridan birgalikda foydalanib, hamkorlikda taraqqiyotning yuksak cho‘qqilari sari intilmoqda.
Rustam Qarshiyev,
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi
vazirining o‘rinbosari
