DAVLATLARARO SUV XO‘JALIGINI MUVOFIQLASHTIRISH KOMISSIYASINING YIG‘ILISHI O‘TKAZILDI
2025-11-14 17:10:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishni Turkmaniston Suv xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi D.Gendjiyev ochib berdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev, Qozog‘iston Respublikasi Suv resurslari va irrigatsiya vaziri N.Nurjigitov, Tojikiston Respublikasi Energetika va suv resurslari vazirining birinchi o‘rinbosari D.Shodi o‘z nutqlari bilan ishtirok etib, muhim masalalar yuzasidan fikr bildirdi.
Shu bilan birga, yig‘ilishda komissiya ijro etuvchi organlari hisoblangan “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalari, Ilmiy-axborot markazi va kotibiyati rahbarlari qatnashib, zarur ma’lumotlar va hisobotlarni taqdim etdi.
Yig‘ilishda dastlab 2025-yilgi vegetatsiya davrida “Sirdaryo” va “Amudaryo” havzalari bo‘yicha belgilangan limitlardan foydalanish natijalari va suv omborlari kaskadlarining ish rejimi bo‘yicha hisobotlar tinglandi.
2025–2026 yillar novegatsiya davrida mamlakatlar tomonidan suv olish limitlari va suv omborlari kaskadlarining prognoz ish rejimlari tasdiqlandi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Sh.Xamrayev o‘z nutqida 2025-yil vegetatsiya mavsumida suv taqchilligi yuzaga kelganligi natijasida bugungi kunda suv omborlarda suv zahirasi o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada kam ekanligini ta’kidlab, 2026-yil ham suv taqchilligi yuqori bo‘lishi mumkinligiga e’tiborni qaratdi.
Joriy yilda suv tanqis bo‘lishiga qaramasdan, “Sirdaryo” va “Amudaryo” havzalarini boshqarish bo‘yicha olib borilgan hamkorlik uchun sohada faol ishtirok etgan barcha tashkilotlar hamda Davlatlararo komissiyaning Ilmiy-axborot markazi tomonidan olib borilgan ishlarni yuqori baholadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning suv xo‘jaligi sohasiga qaratayotgan alohida e’tibori va yaqinda qabul qilingan “Suv kodeksi”, shuningdek 2025–2028 yillarga mo‘ljallangan Suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirish dasturi sohada huquqiy va institutsional asoslarni yanada mustahkamlagani e’tirof etildi.
Yig‘ilish davomida suv taqsimotini raqamlashtirish va avtomatlashtirish zarurligi alohida ta’kidlandi. Suv hisobini shaffof va aniq yuritish, gidrologik va iqlim prognozlaridan foydalanib rejalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida “Sirdaryo” havzasidagi gidropostlarni modernizatsiya qilish, monitoring ma’lumotlarini raqamlashtirish va ma’lumotlar almashinuvining yagona tizimini joriy etish muhim ekanligi qayd etildi.
Mintaqada suv tejovchi innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish va irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilishning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur yo‘nalishda seminarlar, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni tashkil etish orqali samarali texnologiyalar va boshqaruv amaliyotlarini keng tatbiq etish zarurligi aytib o‘tildi.
Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan suv resurslarini iqtisodiy va ekologik jihatdan oqilona taqsimlashga qaratilgan aniq tashabbuslar ustida ishlash zarurligi ta’kidlandi.
SH.Xamrayev “To‘xtag‘ul” suv omboridan oxirgi paytlarda suvning katta hajmda chiqarilayotgani natijasida ombordagi suv zaxiralari sezilarli darajada kamayganligini ta’kidlab, bu holat 2026-yilgi vegetatsiya davrida mintaqada suv tanqisligi yuzaga kelish ehtimolini oshirishi mumkinligiga e’tiborni qaratdi.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikalarining suv va energetika mutaxassislari o‘rtasida yaqin hamkorlikda aniq choralar rejasini ishlab chiqish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va ehtimoliy xavflarni bartaraf etish maqsadida moslashuv mexanizmlarini amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda Qozog‘iston Respublikasi Suv resurslari va irrigatsiya vaziri N.Nurjigitov 2025-yil davomida Qozog‘istonda yuzaga kelgan suv tanqisligi bilan bog‘liq qiyin vaziyatda O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston tomonining faol ishtiroki va qo‘llab-quvvatlashi natijasida vegetatsiya mavsumi yaxshi o‘tkazilganligini bildirdi.
Shuningdek, Tojikiston Respublikasi Energetika va suv resurslari vazirining birinchi o‘rinbosari D.Shodi Komissiya kotibiyatining faoliyatini takomillashtirish tashabbusini ilgari surdi. Yig‘ilish ishtirokchilari ushbu taklifni ma’qullab, uni navbatdagi 92-yig‘ilishga qadar amalga oshirishga rozilik bildirdi.
Shuningdek, mintaqada mavjud suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi Davlat rahbarlarining sammitlaridan kelib chiqadigan vazifalar hamda kun tartibidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining navbatdagi 92-yig‘ilishini Tojikistonda o‘tkazishga kelishib olindi.
Mazkur yig‘ilish do‘stona va konstruktiv ruhda bo‘lib o‘tdi hamda yig‘ilish yakuni bilan tegishli bayonnoma imzolandi.
Axborot xizmati

