Atama va ta’riflar
Standartlashtirish sohasida atama va ta’riflar
milliy standart — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish
agentligining O‘zbekiston standartlar instituti tomonidan qabul qilingan hamda keng jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan standart;
standart — faoliyatning har xil turlariga yoki ularning natijalariga taalluqli bo‘lgan, umumiy va ko‘p marta foydalanish uchun qoidalarni,
umumiy prinsiplarni yoki tavsiflarni belgilaydigan hamda muayyan sohada tartibga solishning eng maqbul darajasiga erishishga qaratilgan hujjat;
standartlashtirish — muayyan sohada tartibga solishning eng maqbul darajasiga erishishga qaratilgan, haqiqatda mavjud bo‘lgan yoki
kutilayotgan vazifalarga nisbatan umumiy va ko‘p marta foydalanish uchun qoidalarni belgilaydigan faoliyat;
Standartlashtirish bo‘yicha milliy organ — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga
solish agentligining O‘zbekiston standartlar instituti;
standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita — faoliyatning yo‘nalishlari bo‘yicha standartlashtirish tizimini rivojlantirishni amalga
oshirishda ishtirok etuvchi maslahat-kengash organi;
standartlashtirish obyekti — mahsulot, tovarlar, xizmatlar (bundan buyon matnda mahsulot deb yuritiladi), jarayonlar, menejment
tizimlari, atamalar, shartli belgilar, tadqiqotlar (sinash), o‘lchash (shu jumladan namunalarni tanlash) hamda sinash usullari,
tamg‘alash, muvofiqlikni baholash tartib-taomillari va boshqa obyektlar;
xalqaro (mintaqaviy) standart — standartlashtirish bo‘yicha xalqaro yoki mintaqaviy tashkilot tomonidan qabul qilingan va keng jamoatchilik doirasi
uchun ochiq bo‘lgan standart;
xorijiy mamlakatning standarti — xorijiy mamlakatning standartlashtirish bo‘yicha vakolatli organi (tashkiloti) tomonidan qabul qilingan standart;
o‘zaro kelishuv — ko‘pchilik manfaatdor taraflarning mavjud masalalar bo‘yicha e’tirozlari mavjud emasligi bilan tavsiflanadigan hamda
barcha taraflarning fikrlarini inobatga olishga va mos kelmayotgan nuqtayi nazarlarni yaqinlashtirishga qaratiladigan
jarayon natijasida erishiladigan umumiy kelishuv.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida atama va ta’riflar
davlat nazorati organi — texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini
amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan davlat boshqaruvi organi;
ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili — ishlab chiqaruvchi (chet el ishlab chiqaruvchisi) bilan tuzilgan shartnoma asosida O‘zbekiston Respublikasi
hududida mahsulotning muvofiqligini baholashda va uni muomalaga chiqarishda ushbu ishlab chiqaruvchi nomidan harakatlarni amalga oshiradigan
tadbirkorlik subyekti;
mahsulot — faoliyatning moddiy-ashyoviy shaklda taqdim etilgan va xo‘jalik maqsadida hamda boshqa maqsadlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan natijasi;
mahsulotni muomalaga chiqarish — tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish doirasida mahsulotni O‘zbekiston Respublikasi hududida tarqatish
maqsadida yetkazib berish (realizatsiya qilish) yoki olib kirish (ishlab chiqaruvchining omboridan jo‘natish yoki omborga joylamasdan yuklab jo‘natish);
muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiya — ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi yoki import qiluvchi muomalaga
chiqariladigan mahsulotning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlaydigan hujjat;
muvofiqlikni deklaratsiyalash — mahsulotning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini
majburiy ravishda tasdiqlash shakli;
savdodagi texnik to‘siq — mahsulot kelib chiqqan mamlakatga (joyga) qarab mahsulotga va muvofiqlikni baholash
tartib-taomillariga doir majburiy talablarning turlicha qo‘llanilishi oqibatida mamlakatlar o‘rtasidagi savdoda yuzaga keladigan to‘siq;
sinash laboratoriyasi — sinashni amalga oshiruvchi yuridik shaxs yoki uning tarkibiy bo‘linmasi;
sotuvchi — mahsulotni realizatsiya qiladigan, O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lgan tadbirkorlik subyekti;
texnik jihatdan tartibga solish — mahsulotning xavfsizligiga, uni ishlab chiqarish jarayonlariga va usullariga doir talablarni belgilash,
qo‘llash hamda bajarish, shuningdek ularga rioya etilishini muvofiqlikni baholash va davlat nazoratini amalga oshirish orqali tekshirish;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar — texnik reglamentlar va standartlar;
texnik reglament — mahsulot xavfsizligining qo‘llanilishi majburiy bo‘lgan tavsiflari yoki ular bilan bog‘liq bo‘lgan ishlab chiqarish
jarayonlari va usullari, qoidalar belgilangan hujjat;
xizmat — jismoniy va yuridik shaxslarning ehtiyojlarini qanoatlantirishga qaratilgan, natijalari ashyoviy shaklga ega bo‘lmagan faoliyat.
