Antifriz mahsulotlari sifati yuzasidan nazorat xaridi tadbiri o‘tkazildi
2025-10-27 19:45:00 / Yangiliklar

Antifriz mahsulotlari sifati yuzasidan nazorat xaridi tadbiri o‘tkazildi
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan Toshkent viloyati, Chirchiq shahrida sotilayotgan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 1 kg qadoqlangan Blue AG11 "Lux" Antifreeze va 5 kg qadoqlangan "MN" Antifreeze savdo belgili antifriz mahsulotlaridan nazorat xaridi amalga oshirilib, akkreditatsiyalangan sinov laboratoriyasida sinovdan o‘tkazildi.
O‘tkazilgan laboratoriya tahlillari natijasida mazkur mahsulotlar texnik reglament talablariga mos emasligi aniqlandi.
Ma’lumot uchun!
Sifatsiz antifriz issiqlikni to‘liq o‘tkazmaydi, natijada sovutish tizimi dvigatelni yetarlicha sovita olmaydi. Bu esa dvigatelning haddan tashqari qizishiga, radiator, nasos, trubkalar hamda blokdagi yo‘llarda zang va nosozliklarning paydo bo‘lishiga olib keladi.
Shu bois iste’molchilarga antifriz tanlashda mahsulot yorlig‘i, ishlab chiqaruvchi mamlakati, texnik ko‘rsatkichlari va sertifikatlanganligiga alohida e’tibor berish tavsiya etiladi.
Hurmatli iste’molchilar! Agar savdo tarmog‘ida sifatsiz mahsulotga duch kelsangiz, 1880 qisqa raqami orqali murojaat qilishingiz mumkin.
