Özbekiston texnik jihatdan tartibga soliş agentligi vakillari IQNet xalqaro tadbirlarida iştirok etmoqda
2026-11-06 10:00:00 / Yangiliklar

✅ IQNet xalqaro sertifikatlaştiriş tarmoği tomonidan 2026-yil 3–20-noyabr kunlari “IQNet Year End Meetings 2026” xalqaro tadbirlari doirasida menejment tizimlari va sertifikatlaştiriş sohasining dolzarb masalalariga bağişlangan qator onlayn seminarlar ötkazilmoqda.
✅ Mazkur xalqaro tadbirlar oziq-ovqat xavfsizligi va çiqindilarni boşqariş, sertifikatlaştiriş sohasidagi ilğor tajribalar, xalqaro talablarni uyğunlaştiriş, sertifikatlaştiriş organlarini özaro baholaş, şuningdek, marketing va xalqaro hamkorlikni rivojlantiriş kabi muhim yönalişlarni qamrab olgan.
✅ Seminarlarda Özbekiston texnik jihatdan tartibga soliş agentligi tizimidagi mutaxassislar ham faol iştirok etmoqda. Iştirokçilar xalqaro tajribani örganiş, menejment tizimlarini joriy etiş va sertifikatlaştiriş amaliyotini takomillaştiriş böyiça bilim va tajriba almaşiş, şuningdek, xorijiy hamkorlar bilan professional aloqalarni rivojlantiriş imkoniyatiga ega bölmoqda.
Ma’lumot uçun, IQNet 1990-yilda taşkil etilgan, boş qarorgohi Şveysariyada joylaşgan xalqaro sertifikatlaştiriş tarmoği hisoblanadi. Bugungi kunda u dunyoning 34 ta mamlakatidagi yetakçi sertifikatlaştiriş organlarini birlaştirib, tarmoq a’zolari tomonidan 360 mingdan ortiq amaldagi menejment tizimlari sertifikatlari berilgan.
Ta’kidlaş joizki, Özbekiston standartlar instituti IQNet xalqaro tarmoğida Associated Member maqomida faoliyat yuritmoqda. Mazkur hamkorlik milliy sertifikatlaştiriş tizimining xalqaro maydondagi nufuzini oşiriş, menejment tizimlari sertifikatlarining xorijiy bozorlarda tan oliniş imkoniyatlarini kengaytiriş hamda mahalliy korxonalarning eksport salohiyatini mustahkamlaşga xizmat qilmoqda.
✅ Agentlik tizimi mutaxassislarining bunday xalqaro tadbirlardagi iştiroki mamlakatimizda sifat menejmenti tizimlarini keng joriy etiş, xalqaro ilğor tajribalarni milliy amaliyotga tatbiq qiliş va sertifikatlaştiriş sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirişda muhim ahamiyat kasb etadi.


