Jeneva minbarida: O‘zbekistonning sifat infratuzilmasini modernizatsiya qilish tajribasi
2026-11-02 12:00:00 / Yangiliklar

✅Jeneva shahrida Jahon savdo tashkiloti (JST) qarorgohida bo‘lib o‘tgan “Aid for Trade” (“Savdo uchun yordam”) 10-global sharhi doirasida “Sifat infratuzilmasi islohotlarining savdo va JSTga a’zo bo‘lishdagi ahamiyati – Efiopiya va O‘zbekiston” mavzusida 33-sessiya tashkil etildi.
Mazkur nufuzli xalqaro sessiyada O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktorining o‘rinbosari Timur Mashanpin ma’ruzachi sifatida ishtirok etib, mamlakatimizda milliy sifat infratuzilmasi tizimini modernizatsiya qilish va takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya, akkreditatsiya hamda muvofiqlikni baholash yo‘nalishlarida olib borilayotgan islohotlar xalqaro savdoni rivojlantirish, texnik to‘siqlarni kamaytirish va mahalliy mahsulotlarning eksport salohiyati hamda raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sessiya davomida milliy standart va texnik talablarni xalqaro me’yorlarga uyg‘unlashtirish, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonlarini jadallashtirish, shuningdek, Efiopiya tajribasi asosida sifat infratuzilmasini rivojlantirishda xalqaro hamkorlikning o‘rni va ahamiyati yuzasidan fikr almashildi.
✅Tadbir yakunida O‘zbekistonning mazkur yo‘nalishdagi faol ishtiroki mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulot va xizmatlarga nisbatan xalqaro ishonchni mustahkamlash, tadbirkorlik subyektlari uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda milliy ishlab chiqaruvchilarning global bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.


